Samarqandda O‘zbekiston-Belarus biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2023-12-05 19:05:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston va Belarus ishbilarmon doiralarining ikki yuzdan ortiq vakillari ishtirok etgan ushbu forumda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko so‘zga chiqdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida barqaror iqtisodiy o‘sish orqali daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoridan o‘rin olish, aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini tashkil qilish, aholi uchun qulay ekologik sharoitlarni yaratish, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, mamlakatning suvereniteti va xavfsizligini kafolatli ta’minlash, mamlakat iqtisodiyotiga 100 milliard dollardan ortiq xorijiy sarmoya jalb etish rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda sanoat, energetika, transport, qurilish, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning siyosiy irodasi tufayli deyarli barcha yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari jadal o‘sib borayotgani, joriy yilning o‘n oyi yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 500 million dollardan oshgani qayd etildi.
Biznes-forumda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish davom etayotgani, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, kinematografiya, sport sohalaridagi aloqalar mustahkamlanayotgani, shunga qaramay hali foydalanilmagan sezilarli hamkorlik salohiyati mavjudligiga e’tibor qaratildi.
Bunda qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni izchil rivojlantirishning harakatlantiruvchi kuchi bo‘lishi bildirildi.
Mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, kimyo, elektrotexnika va boshqa sohalardagi sanoat kooperatsiyasini yana-da kengaytirish, IT texnologiyalari sohasida hamkorlikni davom ettirish muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.