Zamonaviy sanoat korxonalari Toshkent viloyati iqtisodiyoti tayanchiga aylanadi
2024-10-15 09:40:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbari dastlab Toshkent tumaniga tashrif buyurdi.
Ilgari bu yerning markazi yo‘q edi. Keles yo‘li ko‘chasi bo‘ylab yangi bino va majmualar qad ko‘targach, hududning qiyofasi tamoman o‘zgardi. Xususan, ushbu bosh ko‘cha kengaytirilgan holda qayta qurildi. Uning ikki tarafida Davlat xizmatlari markazi, Yoshlar markazi, madaniyat saroyi, amfiteatr, universal sport majmuasi, xotira maydoni va sayilgoh kabi ko‘rkam inshootlar barpo etildi.
Eski, pastqam uylar o‘rnida 41 ta ko‘p qavatli turar joy qurildi. Endi ulardagi 2 ming 536 ta xonadonda 11 mingdan ziyod aholi yashaydi. Bu uylarning yerto‘la va birinchi qavatida savdo, umumiy ovqatlanish, maishiy va moliyaviy xizmatlar bo‘yicha 270 ta shoxobcha tashkil qilinmoqda. Ularda 1 ming 350 kishi, jumladan, shu yerlik yoshlar va ayollar ishli bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Renovatsiya loyihasida ijtimoiy infratuzilmaga katta e’tibor qaratildi. Markaziy shifoxona, tumanlararo perinatal markaz, bolalar bog‘chasi, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi, tuman tarixi muzeyi ishga tushirildi. O‘zgarishlar faqatgina tuman markazida emas. Hududda yaqin-yaqingacha ichimlik suvi muammo edi. Osiyo taraqqiyoti banki mablag‘lari hisobidan 4 ta havza qurilib, 365 kilometr quvur tortildi. Natijada 36 ta mahalla aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Oxirgi uch yilda tumanda 218 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlanib, asfalt yotqizildi. Bunday ishlar yana davom etmoqda.
Shu yerda Toshkent tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash va kambag‘allikdan chiqarish masalalari yuzasidan mutasaddilarning hisoboti eshitildi. Joriy yilning 6 oyida tuman iqtisodiyoti 23 foiz o‘sgan. Yangi qurilishlar va ulardagi korxonalar negizida soliq manbasi ko‘paygan. Toshkent tumanida 70 ta mahalla, 62 mingta oila bor. Ahvoli og‘ir bo‘lgan 372 ta oilaga ko‘maklashish uchun mas’ullar biriktirilib choralar belgilangan.
Rejadagi loyihalar, bandlik hamda tadbirkorlik dasturlari doirasida yil yakuniga qadar 34 ming 443 ta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.
Prezident xonadonlardagi imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, tadbirkorlarning kambag‘al oila vakillarini ishga olishini rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
– Toshkent tumani poytaxtimizning yonginasida. Bu yerda uy-joy, ishlab chiqarish, tijorat, xizmat bo‘yicha juda katta imkoniyatlar bor. Ish to‘g‘ri tashkil qilinsa, o‘zi bu tumanda kambag‘alchilik bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun iqtisodiy kompleksga, mahallalarga berayotgan imkoniyatlardan foydalanib, kambag‘allikdan farovonlik sari yurish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Toshkent tumanida yil yakuni bilan qariyb 53 million dollar investitsiya o‘zlashtirilishi hisobiga sanoatda o‘sish sur’ati 9 foiz, xizmat ko‘rsatishda 13 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Eksport hajmini 100 million dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari Zangiota tumanidagi “Technologies of real time” O‘zbekiston – Singapur qo‘shma korxonasiga bordi.
Avtomobilsozlik mamlakatimiz sanoatida yirik tarmoq. So‘nggi yillarda avtomobil ishlab chiqarish qariyb 3 barobar ko‘payib, joriy yil yakunida 460 ming donaga yetishi kutilmoqda. 2030 yilgacha bu ko‘rsatkichni 1 milliontaga yetkazish rejalashtirilgan.
Sohada monopoliyani yo‘q qilish va raqobatni rivojlantirish maqsadida 2 ta yangi xususiy korxona va nufuzli xorijiy brendlar jalb etildi. Umuman, bugun 20 dan ziyod zavodda o‘nlab turdagi avtomobillar, yuk va yo‘lovchi tashish transportlari ishlab chiqarilmoqda.
Shu bois tarmoqda ehtiyot qismlarga ham talab ko‘p. Bu borada 300 dan ziyod korxona yaxlit kooperatsiyaga bog‘langan. Zangiotadagi “Technologies of real time” shulardan biri.
Prezident 2019 yilda “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tgan xalqaro sanoat yarmarkasida mazkur korxona mahsulotlari bilan tanishib, zarur ko‘rsatmalar bergan edi. Shu asosida modernizatsiya ishlari amalga oshirildi. Korxonadagi 12 ta sexga Xitoy, Rossiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya va AQSHdan keltirilgan uskunalar o‘rnatildi. Bugungi kunda 118 xil rusumdagi avtomobillarning yurish, transmissiya va boshqaruv tizimlari uchun 750 dan ortiq turdagi ehtiyot qismlar ishlab chiqarilmoqda.
– Ko‘p detallar mahalliylashtirilgani hozircha ma’qul. Mutaxassislar zo‘r bo‘lsa, sifat ham, eksport ham oshadi, – dedi Prezident.
Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga korxonada ehtiyot qismlar qatorini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Bu yerda 220 ta ish o‘rni yaratilgan. Xodimlar korxonada yo‘lga qo‘yilgan monomarkazda o‘qitilib, ishga qabul qilinadi. Mahsulotlar buyurtma asosida O‘zbekiston bo‘ylab yetkazib beriladi. Xususan, “Uzauto Motors"ning Xorazm viloyatidagi zavodiga “Damas” va “Labo” avtomobillari uchun 773 ming dona ehtiyot qismlar yetkazib berilgan.
Tovarlarni texnik tekshiruv va sinovlardan o‘tkazish uchun zamonaviy laboratoriya tashkil etilgan. Korxona mahsulotlari IATF 16949:2016, ISO 9001:2015, ISO 45001:2020 hamda “General Motors”ning BIQ xalqaro sifat sertifikatlariga ega.
Shu bois ularga xorijda ham talab bor. Xususan, o‘tgan yili Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Rossiya, Ukraina, Birlashgan Arab Amirliklariga 3 million dollarlik ehtiyot qismlar yetkazib berilgan. Joriy yilning to‘qqiz oyida 2 million dollardan ziyod mahsulot eksport qilingan.
Shuningdek, korxona Germaniya, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy va Rossiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari zavoddagi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi, mutaxassislar bilan muloqot qildi. Korxona shourumida tayyor mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.
Shu yerda kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Xususan, 2025 yilda 1,15 million dollarlik investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Natijada BYD, Chery, Changan, Geely, Dongfeng kabi yangi avtomobil brendlari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.
Loyiha samarasida 43 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, ishlab chiqarish quvvatlari 180 mingdan, 280 ming donaga yetkaziladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida Yangiyo‘l tumanidagi “Tinchlik” kichik sanoat zonasida bo‘lib, qator korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va aholi bandligini ta’minlashda bu kabi majmualarning ahamiyati katta. Mazkur sanoat zonasi to‘rt yil oldin o‘ttiz olti gektar maydonda tashkil etilgan edi. Muhandislik infratuzilmasi, ichki yo‘llar va binolar qurilib, ishlab chiqarish uchun qulay sharoit yaratildi.
Bu yerga qurilish materiallari, yengil sanoat, oziq-ovqat tarmoqlarida o‘n beshta loyiha joylashtirilgan. Shundan o‘ntasi ishga tushirilgan. Ularda o‘tgan yili 295 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Joriy yil yakunlari bo‘yicha bu raqamni qariyb ikki baravarga ko‘paytirish maqsad qilingan. Hozircha bu korxonalarda 1 ming 500 dan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Barcha loyihalar ishga tushsa, bandlik yana ortadi.
“Enter Steel” korxonasida metall konstruksiyalar, yuqori bosimga chidamli rezervuarlar, yuk ko‘taruvchi kranlar, burg‘ulash uskunalari, payvandlash elektrodlari, metall eshik, elektr qutilar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu loyihaning qiymati 40 million dollar bo‘lib, unga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yo‘naltirilgan. Bu yerga Xitoy, Yaponiya, Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya, Germaniya va Niderlandiya kabi davlatlardan uskunalar keltirilgan. Bu esa mahsulotlar sifati va ish unumdorligi yuqori bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Korxonada jami 1 ming 500 kishini ish bilan ta’minlash imkoni bor. Zarur mutaxassislarni tayyorlash uchun “Amaliy monomarkaz” tashkil etilgan. O‘quv xonalari va laboratoriyalar zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Ta’lim dasturi esa Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Davlatimiz rahbari korxonaning ish jarayonini ko‘zdan kechirdi, bu yerda tayyorlanayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
Mutasaddilarga korxona mahsulotlari zarur bo‘lgan tarmoqlar bilan kooperatsiyani rivojlantirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
“Tinchlik” kichik sanoat zonasi Toshkent viloyati iqtisodiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega. Bu yerdagi korxonalarda mahalliylashtirilgan, bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Aholi va iqtisodiyot o‘sishi bilan energiya manbalariga talab ko‘paymoqda. Masalan, so‘nggi to‘rt yilda Toshkent viloyatida elektr iste’moli 20 foiz oshgan. Bu boradagi tanqislikni qoplash maqsadida umumiy qiymati 1,5 milliard dollar, quvvati 805 megavattdan ortiq bo‘lgan 5 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Bunda “yashil” energetika manbalariga keng o‘rin berilgan. “Tinchlik” kichik sanoat zonasidagi “Enter Green Solar” korxonasida buning uchun zarur quyosh panellari hamda turli xil kabellar ishlab chiqariladi.
Davlatimiz rahbari sanoat zonasiga tashrifi chog‘ida mazkur loyiha bilan ham tanishdi.
– Bunday yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarayotgan mahalliy korxonalarimizni qo‘llab-quvvatlab, faoliyatini kengaytirishiga yanada ko‘proq sharoit yaratishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umumiy qiymati 7 million dollar bo‘lgan mazkur korxonaga Italiyaning “Ecoprogetti” kompaniyasi uskunalari o‘rnatilgan. Ular asosida yiliga 377 ming dona yuqori sifatli quyosh paneli ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonaning o‘zida ham quvvati 125 kilovatt bo‘lgan panellar o‘rnatilgan. Bu yerda 100 kishi mehnat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari Yangiyo‘l tumanidagi “Mesal Water Technologies” korxonasini ko‘zdan kechirdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlarda ichimlik suvi va oqova tarmoqlari ta’minotiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu masala tez rivojlanayotgan Toshkent viloyati shaharlari uchun ham dolzarb.
Xususan, “Toshkent viloyati ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihasining 3-bosqichi doirasida Chirchiq, Olmaliq, Angren va Bekoboddagi inshootlar rekonstruksiya qilinmoqda.
“Mesal Water Technologies” korxonasida shu kabi suv tozalash inshootlari uchun o‘ttizdan ortiq maxsus qurilma va uskunalar ishlab chiqarilmoqda.
Loyihaga 1,7 million dollar mablag‘ yo‘naltirilib, Xitoy, Germaniya va Turkiyadan keltirilgan energiya tejamkor texnologiyalar o‘rnatilgan. Korxona xalqaro sertifikatlarga ega. 50 kishi ish bilan ta’minlangan.
Bunday korxonalar faoliyatining kengayishi aholi farovonligi va salomatligiga hissa qo‘shishi ta’kidlandi.
Toshkent viloyati poytaxtga yaqinligi, yurtimiz vohalari va xalqaro yo‘llarni bir-biriga bog‘lashi bilan ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Keyingi yetti yilda hududda qariyb 9,4 milliard dollarlik investitsiyalar o‘zlashtirilib, 143 mingdan ortiq ish o‘rni va 5 milliard dollarlik eksport imkoniyati yaratilgan.
Bu sur’atni davom ettirib, 2024-2026 yillar uchun jami 26 milliard dollarlik 125 ta loyiha rejalashtirilgan. Ularning 21 tasi strategik, 52 tasi tarmoq, 52 tasi hudud loyihalaridir. Bu tashabbuslar natijasida 42 mingta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbariga umumiy qiymati 3,4 milliard dollar bo‘lgan 11 loyiha taqdimot qilindi.
Ularga Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Rossiya, Ozarbayjon kabi mamlakatlar kompaniyalari va mahalliy tadbirkorlar investitsiya kiritmoqda. To‘qimachilik, oziq-ovqat, tibbiyot, elektrotexnika, energetika, qurilish materiallari, geologiya, xizmat ko‘rsatish va boshqa tarmoqlardagi bu loyihalarda 23 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Masalan, Zangiota tumanida Janubiy Koreya investorlari bilan birgalikda jigar, bo‘g‘im, ko‘z va miya faoliyatini davolashda qo‘llaniladigan dori vositalari ishlab chiqarish tashkil etiladi. U yerda 200 kishining bandligi ta’minlanadi.
Prezidentimiz investorlar uchun barcha sharoitlarni yaratish, loyihalarning har bir bosqichini nazorat qilib, masalalarini hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
So‘ng Yangiyo‘l tumanida Toshkent viloyatidagi muhim loyihalarni ishga tushirish va qurilishini boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Toshkent viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega. Bu hudud va azim poytaxtimiz salohiyati o‘zaro bog‘liq hamda bir-birini to‘ldirib keladi.
Keyingi besh yilda Toshkent viloyatida sanoat hajmi 1,5 barobarga ko‘payib, 107 trillion so‘mni tashkil etgan, mahalliy eksport hajmi 3,5 karra oshib, qariyb 1 milliard dollarga yetgan.
Qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhiti sarmoyalar hajmini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga xizmat qilmoqda. 2018 yilda viloyatda jami bo‘lib 20 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu raqam 1 milliard dollarga yetgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ham yil sayin ortib, hozirda 1 ming 700 tani tashkil etmoqda.
Bugungi kunda 20 milliard 360 million dollarlik 91 ta xorijiy, 4 yarim milliard dollarlik 28 ta mahalliy investitsiya loyihalari bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev marosim doirasidagi loyihalarning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi.
Xususan, Olmaliq shahrida 1 milliard dollar investitsiya hisobidan 227 gektar maydonda “Buyuk ipak yo‘li” maxsus sanoat texnoparki quriladi. U yerda elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, farmatsevtika kabi yo‘nalishlarda 100 ga yaqin korxona joylashtiriladi. 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, yiliga 5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi va 300 million dollarlik eksport imkoniyati paydo bo‘ladi.
Yuqori Chirchiq tumanida 350 million dollar evaziga 69 gektar maydonda to‘qimachilik sanoat parki tashkil etiladi. Bu majmuada 20 dan ortiq ip-kalava, mato to‘qish va bo‘yash, tayyor tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish korxonalari joylashtiriladi.
Mamlakatimizda oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish va eksport qilish izchil ko‘payib bormoqda. 2030 yilgacha oziq-ovqat ishlab chiqarishni 2 barobar, eksportini 5 barobar va qo‘shilgan qiymat darajasini 3 marta oshirish maqsad qilingan. Bunga erishishda, hech shubhasiz, Toshkent viloyatining hissasi katta.
Jumladan, Yangiyo‘l tumanida yiliga 50 ming tonna mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar, Qibrayda yuqori sifatli eksportbop oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash korxonalari ishga tushirilmoqda.
Toshkent viloyati energetika sohasi ham katta salohiyatga ega bo‘lib, bu yerda 5,7 gigavattli quvvatlar mavjud. Bu miqdorni oshirish maqsadida 1,5 milliard dollarlik 800 megavattdan ortiq 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Yashil energetikani rivojlantirish bilan birga, yurtimizda energetika tizimi barqarorligini saqlash bo‘yicha ham ko‘p ishlar qilinmoqda. Shuning uchun 2030 yilgacha umumiy quvvati 4 ming 100 megavattli elektr energiyasini saqlash tizimlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Xitoyning yetakchi kompaniyalari ishtirokida barpo etiladigan 3 ta loyiha bunda muhim o‘rin tutadi. Avvalo, “China Datang” kompaniyasi bilan Bo‘ka tumanida qiymati 240 million dollarlik quyosh elektr stansiyasi barpo etiladi. Bu stansiyada yiliga 576 million kilovatt soat yoki 240 ming xonadon uchun yetarli elektr energiyasi olinadi. Natijada viloyatda generatsiya quvvatlari 6,5 gigavattga, elektr energiyasi ishlab chiqarish yiliga 24 milliard kilovatt soatga yetkaziladi.
Yana ikkita loyiha – “China Energy Overseas Investment” kompaniyasi bilan hamkorlikda Parkent va Piskent tumanlarida quriladigan 220 million dollarlik, 200 megavattli energiya saqlash tizimlaridir. Ular kunning tig‘iz paytlarida uzilishga yo‘l qo‘ymaslik va iste’molchilarni elektr bilan ishonchli ta’minlash imkonini beradi.
So‘nggi yillarda yurtimizda 630 million dollar investitsiya hisobidan 400 megavattdan ortiq yangi gidroelektr stansiyalari barpo etilib, ularning quvvati 2,2 gigavattga yetkazildi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki yurtimizda 3 ming 280 megavatt quvvatga ega bo‘lgan 44 ta GES qurish imkoniyati mavjud. Ayniqsa, Toshkent viloyatida gidroenergetika bo‘yicha juda katta salohiyat bor.
Hozirda viloyatda umumiy quvvati 1 ming 330 megavatt bo‘lgan 25 ta gidroelektr stansiyasi mavjud. Bu respublikamizdagi jami gidroenergetika quvvatining 60 foiziga tengdir.
Bugungi kunda qiymati 880 million dollar va quvvati 340 megavatt bo‘lgan yana 4 ta GES qurilmoqda. Shuningdek, 2028 yilgacha viloyatda umumiy quvvati qariyb 2 ming 400 megavatt bo‘lgan, 4 milliard 800 million dollarlik 23 ta loyiha amalga oshiriladi.
Marosimda shundan ikkitasi – Ohangaron tumanida barpo etilgan 2,5 megavattli kichik GES hamda Bo‘stonliq tumanida qurilgan 1,5 megavattli Ugam kichik GESi ishga tushirilmoqda. Mazkur quvvatlar yiliga 18 million 400 ming kilovatt soat “yashil” energiya ishlab chiqaradi va 7 ming 600 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Shavkat Mirziyoyev yurtimizga investitsiya kiritayotgan xorijiy kompaniyalarga minnatdorlik bildirib, ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Ramziy tugma bosilib, mazkur 9 ta loyihaning qurilishi va faoliyatiga start berildi. Ularning umumiy qiymati 2 milliard dollardir.