Yerevanda Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi Hukumat rahbarlari Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi
2024-10-01 19:50:00 / Yangiliklar
Majlisda Armaniston Respublikasi Bosh vaziri N.Pashinyan, Belarus Respublikasi Bosh vaziri R.Golovchenko, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri O.Bektenov, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi M.Mishustin, Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi raisi A.Japarov, video murojaat orqali Kuba Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari I.Chapman hamda faxriy mehmon sifatida Eron Islom Respublikasi Birinchi vitse-prezidenti M.Oref ishtirok etdi.
O‘zbekiston Bosh vaziri o‘z nutqida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar o‘zining yuksak samaralarini berayotganini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston YEOII bilan kuzatuvchi davlat maqomida o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga katta ahamiyat berishi, Ittifoqning barcha davlatlari bilan savdo aloqalarini chuqurlashtirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Xususan, so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasida yuk tashish va turistik sayohatlar hajmi sezilarli darajada oshdi, muntazam qatnovlar ikki baravar ko‘paydi, o‘zaro tovar ayirboshlash jadal oshib bormoqda.
O‘zbekistonning YEOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi joriy yilning 8 oyida 12 foizga o‘sib, 11,4 milliard dollarni tashkil etdi.
Hududlararo sheriklik aloqalari muvaffaqiyatli rivojlanmoqda, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda, yangi qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda.
O‘zbekistonda YEOII davlatlarining kapitali ishtirokidagi kompaniyalarning umumiy soni 4,5 mingtaga yetdi.
Umuman, ittifoq mamlakatlari bilan investitsiya, energetika, metallurgiya, mashinasozlik, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va logistika, to‘qimachilik kabi sohalarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani bildirildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy Kengashining so‘nggi yig‘ilishida ilgari surilgan tashabbuslarga muvofiq, o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishilayotgani alohida qayd etildi.
Yig‘ilish so‘nggida Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumatining 2024-2026-yillarga mo‘ljallangan qo‘shma tadbirlari rejasi imzolandi.