audio

    0+
    BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilayotgan quyosh fotoelektr stansiyasida bo‘ldi

    Bugun, 1-iyul kuni BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan qurilayotgan, jami quvvati 200 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

    Mazkur quyosh fotoelektr stansiyasi 460 gektar bo‘sh yer maydonida bunyod etilgan bo‘lib, unda quvvati 334 MVt bo‘lgan elektr energiyasini saqlash tizimi ham joriy etilmoqda.

    Ushbu stansiyaning 100 MVt qismi joriy yil 2-may kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida ishga tushirilgan edi.

    Ushbu stansiyaning qolgan 100 MVt qismi 15-iyulga qadar ishga tushiriladi.

    Stansiya to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 430 million kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

    Mazkur hajmdagi elektr energiyasi esa yurtimizdagi 179 mingdan ortiq xonadonning bir yillik iste’moliga tengdir.

    Ushbu elektr stansiyasining ishga tushirilishi natijasida yiliga 130 million kubometr tabiiy gaz zaxiralari tejaladi. Qolaversa, atmosferaga 176 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

    Yana bir ahamiyatli jihati, stansiya qurilishi davrida 800 ta, loyiha to‘liq quvvat bilan ishga tushgandan keyin esa 30 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

    Ta’kidlash joizki, qiymati 400 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu yirik hajmdagi loyiha Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mavlag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.

    • view_icon 45
    : 2024-07-01 17:19:58