audio

    0+
    Burg‘ilash samaradorligi oshib, texnologik jarayonlar aniq va xavfsiz boshqariladi

    Davlatimiz rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan mamlakatda ilk bor Burg‘ilash ishlarini boshqarish markazi to‘liq ishga tushirildi.

    Qayd etish joizki, markazlashgan tashkiliy-raqamli boshqaruvni yaratish Jamiyatga quduqlarni burg‘ilash muddatini 45 foizgacha qisqartirish va ularni qurilish qiymatini 35 foizga kamaytirish imkonini beradi. Har bir quduq qurilishi uchun ko‘zda tutilgan loyihaviy qiymatdan 4,0 mlrd so‘mdan 10,0 mlrd so‘mgacha iqtisod qilish imkoni paydo bo‘ladi.

    Ochilish marosimida tezkor burg‘ilash jarayonlarida masofaviy muhandislik yordamini ko‘rsatgan  Rossiya Federatsiyasi Muravlenko shahrida joylashgan Quduqlarni qurishni boshqarish markazi hamda “Dengizko‘l” konidagi 326-sonli quduq bilan teleko‘prik aloqasi o‘rnatildi.  Xorijiy mutaxassislar o‘z faoliyati va 326-sonli quduqni burg‘ilashda erishilgan natijalar haqida batafsil so‘zlab berishdi.

    Markazning eng muhim vazifalaridan biri — real vaqt rejimida burg‘ilash jarayonlarini kuzatib borishdan iboratdir. Burg‘ilash ishlarini raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalar va masofaviy monitoring tizimlari tufayli, markaz mutaxassislari yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariya va baxtsiz hodisalarni tezkorlik bilan aniqlash va uni oldini olish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

    Ma’lumotlarni Burg‘ilash ishlarini boshqarish markaziga yetkazish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi: har bir burg‘ilash uskunasidan burg‘ilash rejimlarining asosiy parametrlari bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida uzatiladi, internet orqali ma’lumotlar bosh ofisda joylashgan kompaniya serveriga uzatiladi.

    Shundan so‘ng ixtisoslashtirilgan dasturiy ta’minot yordamida burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlar parametrlar va diagrammalar ko‘rinishi ekranda aks ettiriladi.

    Bugundan boshlab to‘liq rejimda ish boshlagan Markaz tomonidan O‘zbekistonning chekka hududlarida joylashgan “Dengizkul”, “Zevarda”, “Yangi Tegirmon”, “Sho‘rtan”, “Quyi Sharqiy Berdaq” va “Quyi Surgil” konlaridagi 23 ta dastgoxlarning burg‘ilash jarayoni onlayn 24/7 rejimida nazorat qilib borilmoqda.

    Mutaxassislar real vaqt rejimida burg‘ilash maydonlaridan olingan ma’lumotlarni tahlil qilib, quduqlar qurilish jarayonining samaradorligi va xavfsizligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqmoqda.

    Markaz faoliyatining muhim vazifalaridan biri bu — kadrlarni o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hisoblanadi. Ayni paytda markaz xodimlari muhandislik hisoblarga ixtisoslashgan maxsus dasturiy ta’minotdan foydalangan holda o‘z tajribalarini orttirmoqda.

    “O‘zbekneftgaz” AJ Axborot xizmati

    • view_icon 168
    : 2024-05-15 15:02:35