audio

    0+
    OIIB bilan hamkorlik kengaymoqda

    Joriy yilning 7-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (OIIB) vitse-prezidenti Lyudger Shuknext bilan uchrashuv o‘tkazdi

    Suhbat chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning shu yilning yanvar oyida OIIB bosh qarorgohiga tashrifidan so‘ng sezilarli darajada faollashgan OIIB va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanish dinamikasi qayd etildi.

    Ma’lumot uchun: Tashrif yakunlari bo‘yicha 2024-2026-yillarda O‘zbekiston va OIIB o‘rtasida umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha hamkorlik dasturi hamda OIIB Boshqaruv kengashining Yillik yig‘ilishini 2024 yil 25-26 sentyabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkazish to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi.

    Tomonlar loyihalarning amalga oshirilishi, shuningdek, 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturiga kiritilgan energetika, qishloq xo‘jaligi, transport, sog‘liqni saqlash va suv ta’minoti sohalarida yangi tashabbuslarni birgalikda hayotga tatbiq qilish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.

    OIIB Boshqaruvchilar Kengashining 2024-yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan 9-yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari alohida muhokama qilindi. Turli mamlakatlarda roadshou va taqdimotlar tashkil etish, tadbirning tashkiliy va mazmuniga doir masalalari boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish rejalashtirildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha hamkorlik koʻlamini kengaytirish, xususan, moliyaviy va texnik koʻmak hajmini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga oʻzaro tayyorlik bildirildi va muhokama qilingan loyihalar va tashabbuslarni oʻz vaqtida amalga oshirish doirasida kelgusida faol hamkorlik qilish yoʻllari ishlab chiqildi.

    • view_icon 410
    : 2024-03-11 09:08:33