OLIVER CORP (DTV Soft): Markaziy Osiyolik jamoa Amerika logistikasi uchun TMS platformasini qanday yaratmoqda
2026-01-07 16:40:00 / News of ministry

O‘zbekistonlik “OLIVER CORP” (DTV Soft) startapi dunyoning eng yirik innovatsiya va startaplar maydoni hisoblangan “TechCrunch” xalqaro texnologiya konferensiyasida taqdim etildi. Bu tadbir butun dunyodan minglab ishtirokchilar, investorlar va mutaxassislarni to‘plab, jamoa uchun global bozorga chiqishning muhim nuqtasiga aylandi.
Ushbu tadbirda qatnashish jamoa uchun muhim qadam bo‘ldi. Bu ishtirok mahsulotni xalqaro auditoriyaga taqdim etish, potensial hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish va fondlarning e’tiborini jalb qilish imkonini berdi. “TechCrunch” maydonida startap ilk bor o‘zining TMS-platformasini keng auditoriyaga namoyish etdi hamda Amerika yuk tashuvchilariga reyslarni boshqarish, yo‘nalishlarni optimallashtirish, yuklar holatini nazorat qilish va moliyaviy jarayonlarni tizimlashtirishda qanday yordam berishini tushuntirdi.
OLIVER CORP (DTV Soft) — AQShdagi yuk tashuvchilar bilan ishlaydigan transport-dispetcherlik kompaniyasi bo‘lib, o‘z logistika dasturiy ta’minotini ishlab chiqaradi. Jamoa Amerika yuk tashish kompaniyalariga reyslarni boshqarish, yo‘nalishlarni optimallashtirish, yuklar holatini kuzatish va moliyaviy oqimlarni tartibga solishda ko‘maklashadi. Aslida, “DTV Soft” logistika biznesining ichki “operatsion” qismini o‘z zimmasiga oladigan va uni shaffof hamda boshqariladigan qiluvchi TMS-tizimini (Transportation Management System) yaratmoqda.
G‘oyaning paydo bo‘lishi
“DTV Soft” asoschilari — Olimboy Rahimov, Abrorjon Abdulazimov va Abduvoris Abduqodirov — 2017-yildan buyon Amerika logistikasida faoliyat yuritib kelmoqda va uni ichkaridan yaxshi bilishadi. O‘z kompaniyalarini ochganlaridan so‘ng, ular dastlab reyslar hisobini yuritish, yuklarni nazorat qilish, hujjatlar bilan ishlash va moliyaviy boshqaruvni amalga oshirishga yordam beradigan tayyor TMS-yechimi — “PCS Software”dan foydalanganlar.
Biroq, vaqt o‘tishi bilan platformaning yuqori narxi biznes uchun jiddiy yuklamaga aylandi. Xodimlar sonining ko‘pligi tufayli “per user” modeli bo‘yicha oylik xarajatlar $12 000 ga yetdi. Bu esa ma’lumotlar hajmining o‘sishi va avtomatlashtirish talablarining oshishi bilan tobora kamroq barqaror yechimga aylanib bordi.
Jamoa a’zolarining aytishicha, kompaniya rivojlanish jarayonida qimmatbaho dasturiy ta’minotdan foydalanish oqilona bo‘lmay qolgani aniq bo‘ldi. Excel jadvallari va chatlardagi yozishmalarga qaytishning iloji yo‘q edi — kompaniya allaqachon yangi darajaga ko‘tarilgan edi. Shu sababli, asoschilar xuddi shu vazifalarni bajara oladigan, ammo moslashuvchanroq, qulayroq va ancha arzonroq bo‘lgan o‘z tizimlarini yaratishga qaror qilishdi.
“DTV Soft” tizimiga o‘tish oylik xarajatlarni $12 000 dan $3 500 gacha, ya’ni deyarli 4 barobar qisqartirish imkonini berdi. Bu esa kompaniyaga jarayonlar sifatini yo‘qotmasdan sezilarli moliyaviy tejamkorlikka erishish imkonini yaratdi.
Shu tariqa, “OLIVER CORP” kompaniyasi ichida o‘z dasturiy ta’minotini ishlab chiqish yo‘nalishi paydo bo‘ldi. Bu yo‘nalish keyinchalik “DTV Soft” nomli alohida mahsulotga aylandi. Dastlab, bu o‘z logistika kompaniyasining faoliyatini optimallashtirish uchun ichki tizim edi. Ammo rivojlanish jarayonida AQShdagi ko‘plab tashuvchilar ham xuddi shunday muammolarga duch kelayotgani ma’lum bo‘ldi. Ayniqsa, kichik va o‘rta yuk tashish kompaniyalarida ishlaydigan tashuvchilar bu muammolarga ko‘proq duch kelishardi. Aynan shu tushuncha ichki vositani bozor uchun to‘laqonli tijorat mahsulotiga aylantirish nuqtasi bo‘ldi.
Birinchi qadamlar va qiyinchiliklar
Ta’sischilar dastlab dasturiy ta’minotni ishlab chiqishda deyarli hech narsani tushunmaganliklarini ochiqchasiga tan olishadi. Ular logistika sohasida chuqur bilimga ega, ammo IT ular uchun o‘z tili, yondashuvlari va qoidalari bo‘lgan butunlay boshqa bir dunyo edi. TMS-platformasini ishga tushirish uchun jamoa 5 kishidan iborat dasturchilar guruhini to‘plashi va ularni rag‘batlantirishi, so‘ngra logistika tajribasini texnik talablarga o‘tkazishning murakkab jarayonini yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ldi.
Asosiy qiyinchiliklardan biri shunda ediki, dasturchilar logistikaning o‘ziga xos xususiyatlarini bilmas edilar: reyslar qanday tashkil etilishi, yuklarning qanday holatlari borligi, moliyaviy hisob-kitob qanday yuritilishi, dispetcherlar va kompaniya egalari uchun nimalar muhimligi kabi masalalardan bexabar edilar. Ta’sischilar esa real ishlarni blok-sxemalar, biznes-jarayonlar va texnik vazifalar tiliga so‘zma-so‘z “tarjima” qilishlariga to‘g‘ri keldi. O‘z navbatida, ularning o‘zlari qanday jarayonlarni tezda amalga oshirish mumkinligi va qaysilarini arxitekturani butunlay o‘zgartirish orqali hal qilish kerakligini tushunib olishlari lozim edi.
Bu bosqich ancha vaqt oldi va ikkala tomondan ham sabr-toqat talab etdi. Dasturchilar bilan bir-birini to‘liq tushunish uchun taxminan 3–4 oy ketdi. Biroq aynan shu bosqich bugungi kunda “DTV Soft” asoslanayotgan mantiqqa poydevor yaratdi: platforma “tashqaridan”, bozor haqidagi mavhum tasavvurlar asosida emas, balki “ichkaridan” — logistika kompaniyasining amaliyoti va haqiqiy tajribasidan kelib chiqib yaratilmoqda.
TechCrunch’ga chiqish va global IT-bozori bilan tanishish
Loyihani rivojlantirishning muhim bosqichi startaplar va texnologiyalar sohasidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri bo‘lgan “TechCrunch” konferensiyasida ishtirok etish bo‘ldi. Jamoa bu kabi nufuzli maydonda birinchi marta qatnashayotgan edi. Safarga chiqishdan oldin kompaniya asoschilari ularni nima kutayotgani va mahsulotni qanday qabul qilishlari haqida to‘liq tasavvurga ega emasdilar.
‘TechCrunch’ga tayyorgarlik tadbirning formati, talablari va auditoriyasini o‘rganishdan boshlandi. Jamoa tashkilotchilardan ma’lumot to‘pladi, o‘tgan yillardagi materiallarni ko‘rib chiqdi va mahsulot taqdimotini iloji boricha to‘liq tuzishga harakat qildi: “DTV Soft” nima ekanligi, u qanday muammoni hal qilishi, Amerika logistika bozori qanday tuzilganligi va nima uchun platformaning o‘sish imkoniyati mavjudligini tushuntirdi.
Jamoaning ta’kidlashicha, ishtirok etishdan asosiy maqsadlar tajriba orttirish, professional aloqalar doirasini kengaytirish va investorlarni topish edi. Investitsiyalar mahsulotni rivojlantirishni tezlashtirish, jamoani kengaytirish va Amerika bozorida sotuvni oshirish uchun zarur edi.
TechCrunch’dagi ishtiroki yakunlariga ko‘ra, jamoa investorlar bilan shartnoma tuzolmadi, biroq buni muvaffaqiyatsizlik deb hisoblamaydi. Aksincha, asoschilar bu safarni kasbiy jihatdan eng qimmatli safarlardan biri deb ta’riflashadi. Tadbir ularga “yangi dunyoni kashf etish” — turli mamlakatlardan kelgan IT-tadbirkorlar va investorlar qanday fikrlashi va ishlashi, mahsulotlarga qanday talablar qo‘yilishi, rivojlanish tezligi va yechimlar sifati bo‘yicha nimalar me’yor hisoblanishini ko‘rishga imkon yaratdi.
Keng aloqalar tarmog‘i yaratilgani alohida natija bo‘ldi. Jamoa o‘xshash sohada faoliyat yuritayotgan kompaniyalar vakillari, potensial hamkorlar va platformani rivojlantirishda yordam berishi mumkin bo‘lgan insonlar bilan tanishdi.
TechCrunch’da ishtirok etish asoschining ishonchini ham mustahkamladi:
“O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyoning boshqa davlatidan bo‘lsangiz ham, xalqaro auditoriyaga tushunarli va qiziqarli mahsulot yaratish mumkinligi aniq bo‘ldi”, — deya ta’kidladi Olimboy Rahimov.
Muhim xulosalardan biri ekotizimning hozirgi rivojlanish darajasini baholash bo‘ldi. Asoschining e’tirof etishicha, O‘zbekiston hozircha dunyoning yetakchi IT-hablaridan ortda qolmoqda, biroq to‘g‘ri yo‘nalishda ilgarilamoqda. Bu esa global bozor sari yo‘nalishni saqlab qolgan holda mahalliy sharoitda loyihani rivojlantirishni davom ettirishga rag‘batlantiradi.
DTV Soft qanday ishlaydi va qanday muammolarni hal qiladi
Mohiyatan, “DTV Soft” logistika va yuk tashish kompaniyalari uchun TMS-platformasi bo‘lib, ularga biznesni boshqarishning ichki tizimini yaratishda yordam beradi. Platforma qabul qilingan va yetkazib berilgan yuklar haqidagi ma’lumotlarni qayd etish va tartibga solish, har bir tashish holatini kuzatish, kompaniyaning pul oqimlarini boshqarish, xodimlarga vazifalar topshirish va ish sifatini nazorat qilish imkonini beradi.
Moliyaviy qismga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, tizim kiruvchi va chiquvchi to‘lovlarni hisobga olishga, ularni reyslar va mijozlar bo‘yicha taqsimlashga, qarzlar va daromadlarni nazorat qilishga yordam beradi. Biznes egalari uchun bu nafaqat qulaylik, balki shaffoflik masalasidir: ular istalgan paytda nechta reys bajarilayotgani, yo‘lda qanday yuklar borligi, qancha mablag‘ kelishi kutilayotgani va qanday xarajatlar bo‘lishini ko‘rishlari mumkin.
Yana bir muhim funksiya — xodimlarning vazifalarini boshqarish. “DTV Soft” dispetcherlar va jamoaning boshqa a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlash, ularning ish yuklamasi va samaradorligini kuzatish imkonini beradi. Shu tufayli rahbar nafaqat kompaniyaning umumiy ko‘rsatkichlarini, balki har bir xodim bo‘yicha aniq natijalarni ham ko‘ra oladi.
Platformaning alohida afzalligi masofaviy ishlashni qo‘llab-quvvatlashidir. Ko‘plab logistika kompaniyalari, ayniqsa pandemiyadan so‘ng, turli shaharlar va mamlakatlardan bo‘lgan dispetcherlar ishtirokida jarayonlarni tashkil etmoqda. “DTV Soft” bunday jamoalarni markazlashgan holda boshqarishga yordam beradi.
Mahsulotning texnologik asosi
Jamoa kelajakda mahsulotni texnologik jihatdan ham rivojlantirishni rejalashtirayotganini ochiq tan oladi. O‘sish yo‘nalishlaridan biri — sun’iy intellekt vositalarini joriy etish. Sun’iy intellektni joriy etish amaliy masalalarni yechish usuli sifatida ko‘rilmoqda: yo‘nalishlarni hisoblash, yuklanishni bashorat qilish, reyslar samaradorligini tahlil qilish va haqiqiy ma’lumotlarga asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqish.
“Keyingi bosqichlarda sun’iy intellektni joriy etish yo‘nalishini kuchaytirish va mobil ilova ustidagi ishlarni davom ettirishni rejalashtiryapmiz”, — deya ta’kidlaydi jamoa.
Shu bilan birga, mobil ilova ustida ish olib borilmoqda. Logistika uchun mobil foydalanish imkoni juda muhim. Biznes egalari, dispetcherlar va hatto haydovchilar ham kompyuterga bog‘lanmagan holda reyslar, yuklar holati va vazifalar haqida tezkor ma’lumot olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak. Mobil ilova platforma bilan ishlashni yanada moslashuvchan va qulay qilishi lozim.
Bozor va mijozlar: AQSh'ga e’tibor
Jamoa jismonan Markaziy Osiyoda joylashgan bo‘lsa-da, “DTV Soft” platformasining asosiy bozori AQSH hisoblanadi. Bu ongli tanlov, chunki asoschilar uzoq vaqtdan beri aynan Amerika logistikasi bilan ishlab kelgan va bozorning o‘ziga xos xususiyatlarini yaxshi tushunadi.
Bugungi kunda “DTV Soft”ning asosiy mijozlari AQShning yuk tashish kompaniyalaridir. Hozirda platformadan 6 ta yuk tashish kompaniyasi foydalanmoqda. Ularning barchasi Amerika yo‘llari bo‘ylab yuk tashish sohasida faoliyat yuritadi va aynan ular uchun operatsiyalarning shaffofligi, operatsion xarajatlarni kamaytirish va boshqarish qulayligi masalalari alohida ahamiyatga ega.
Hozirda kompaniya mijozlarining aksariyati Illinoys shtatida joylashgan — aynan shu yerda jamoa dastlab ishchi aloqalarni o‘rnatgan va mahsulotning ilk foydalanuvchilarini jalb qilgan. Bu mintaqa yirik logistika markazlaridan biri hisoblanadi, shu bois bu yerda ko‘plab yuk tashish kompaniyalari to‘plangan. Keyinchalik jamoa o‘z faoliyatini kengaytirib, boshqa shtatlarga ham chiqishni rejalashtirmoqda. O‘sish uchun eng yaqin yo‘nalishlar sifatida Ogayo va Florida ko‘zda tutilmoqda.
Raqobatchilar va pozitsiya
O‘zbekistonda “DTV Soft” kompaniyasining bir nechta bevosita raqobatchilari, jumladan “Datatruck” va “QuickManage” kabi yechimlar mavjud. Global miqyosda esa raqobatchilar ancha ko‘p. TMS va logistika platformalari bozori rivojlangan bo‘lib, unda turli xil funksionallik va narx siyosatiga ega bo‘lgan ko‘plab mahsulotlar taqdim etilgan.
Shu bilan birga, jamoa o‘zining asosiy ustunligini aniq belgilab olgan. Logistika sohasida amaliy tajribaga ega bo‘lmagan IT-jamoalar tomonidan “tashqaridan” ishlab chiqilgan ayrim yechimlardan farqli o‘laroq, “DTV Soft” logistika sohasida ko‘p yillar davomida bevosita faoliyat yuritgan mutaxassislar tomonidan yaratilgan. Platforma avvalo ularning o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun ishlab chiqilgan va shundan keyingina bozorga taklif etilgan.
Bundan tashqari, kompaniya faqat dasturiy ta’minot litsenziyalarini sotish bilan cheklanmaydi. Mijozlarga mahsulot bilan bir qatorda chuqur ekspertiza ham taqdim etiladi. Jamoa biznes jarayonlarini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar beradi, hisob-kitobni qanday yuritish, qaysi ko‘rsatkichlarni monitoring qilish va dispetcherlar ishini qanday optimallashtirish masalalarida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi. Har bir mijoz uchun individual texnik qo‘llab-quvvatlash va hamrohlik yo‘lga qo‘yiladi, bu esa “qo‘lda boshqarish” usulidan tizimli ishlashga o‘tayotgan kompaniyalar uchun ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.
Jamoa va qadriyatlar
Bugungi kunda “DTV Soft” tarkibida kichik, ammo funksional jamoa faoliyat yuritmoqda. Kompaniyada 5 nafar mutaxassis ishlaydi, ular orasida dasturchi, loyiha menejeri va mijozlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassis mavjud. Jamoaning ixchamligiga qaramay, u asosiy yo‘nalishlar — mahsulotni rivojlantirish, loyihalarni boshqarish, buyurtmachilar bilan hamkorlik va jarayonlarni tashkil etish vazifalarini to‘liq qamrab oladi.
Asoschilar ta’kidlashicha, xodimlarni tanlashda uchta asosiy sifat ustuvor ahamiyatga ega: sadoqat, mas’uliyat va ishonch. Hozirda kompaniya Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ofislar ochishni rejalashtirmagan. Asosiy e’tibor mahsulotni rivojlantirishga, AQSh bozoridagi mavqeni mustahkamlashga va mijozlar bazasini bosqichma-bosqich kengaytirishga qaratilgan.
Investitsiyalar va kelajakdagi rejalar
Hozirgi bosqichda “DTV Soft” tashqi investitsiyalarsiz rivojlanmoqda. Dasturiy ta’minotni ishlab chiqishdan tortib, turli tadbirlarda ishtirok etishgacha bo‘lgan barcha xarajatlarni jamoa o‘z mablag‘lari va biznesdan tushayotgan daromadlar hisobidan qoplanmoqda. Bunday yondashuv qaror qabul qilishda ko‘proq mustaqillikni ta’minlasa-da, kengayish tezligini ma’lum darajada cheklaydi.
Keyingi rivojlanish bosqichi uchun kompaniya taxminan 300 ming AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etishni rejalashtirmoqda. Ushbu mablag‘lar, avvalo, jamoani kengaytirish va savdo yo‘nalishini kuchaytirishga yo‘naltiriladi. Yetarli resurslar mavjud bo‘lgan taqdirda, jamoa mahsulotni yanada tezroq rivojlantirish, yangi funksiyalarni joriy etish, mobil yechimni takomillashtirish hamda sun’iy intellekt elementlarini faolroq integratsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Aniq maqsadlar nuqtai nazaridan, “DTV Soft” 2026-yil yakuniga qadar mijozlar sonini 100 ta kompaniyaga yetkazishni maqsad qilgan. O‘rta muddatli istiqbolda, ya’ni 3–5 yil ichida esa mahsulotni kamida 1000 ta mijozga ega bo‘lgan Markaziy Osiyodagi eng yirik TMS-tizimlaridan biriga aylantirish niyatida. Shu bilan birga, AQSh bozori asosiy ustuvor yo‘nalish bo‘lib qoladi, jamoaning Markaziy Osiyodan kelib chiqishi esa mahsulotning xalqaro yo‘nalishi bilan uyg‘unlashadi.
Shaxsiy tajriba va global bozorga chiqishni istaganlar uchun tavsiyalar
Loyiha ustida ishlash jarayonida “DTV Soft” asoschisi bir qator muhim shaxsiy xulosalarga keldi. Ulardan eng asosiysi — IT-biznesning an’anaviy biznesdan tubdan farq qilishi hisoblanadi.
“IT sohasida jarayonlar ancha tez o‘zgaradi, raqobat kuchliroq, mijozlar va investorlarning kutilmalari esa faqat mahalliy bozor emas, balki global tajribalar asosida shakllanadi. Bu doimiy o‘rganish, moslashuvchanlik hamda mahsulot va yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqishga doim tayyor turishni talab qiladi”, — deya ta’kidladi Olimboy Rahimov.
Global bozorga chiqishni maqsad qilgan yosh mutaxassislar va jamoalarga murojaat qilar ekan, asoschi sodda, ammo mazmunli tavsiya beradi:
“Eng avvalo, o‘zingiz yaxshi biladigan va tushunadigan yo‘nalishdan boshlash kerak. Shaxsiy tajriba va real muammolarga asoslangan startap hayotiy mahsulotga aylanish imkoniyati yuqoriroq bo‘ladi. Shubhalarga berilmasdan o‘z qaroringizga ishonish, biroq bir vaqtning o‘zida moslashish, o‘rganish va fikr-mulohazalarni qabul qilishga tayyor bo‘lish zarur.”
“DTV Soft” kompaniyasining tarixi shuni ko‘rsatadiki, hatto IT sohasida dastlabki tajribaga ega bo‘lmagan holda ham, soha bo‘yicha chuqur ekspertiza va mahsulotni izchil rivojlantirishga tayyorlik bilan Markaziy Osiyodan chiqqan jamoa AQSh bozorida o‘z o‘rnini topishi mumkin. Buning uchun faqat texnologiya emas, balki odamlar, jarayonlar va mahsulot hal qilishi lozim bo‘lgan real muammolarni chuqur anglash lozim.
IT Park Uzbekistan bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim rol o‘ynaydi. Tashkilot startaplar uchun o‘sish va kengayish imkoniyatlarini yaratadi: inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga kirish, konsalting xizmatlari, ta’lim resurslari hamda soha ekspertlari bilan ishlash imkonini taqdim etadi. Bu jamoalarga g‘oyadan tayyor mahsulotgacha bo‘lgan yo‘lni tezroq bosib o‘tish va ilk mijozlarini topishda yordam beradi.
Shuningdek, IT Park startaplarning xalqaro bozorlarga chiqishini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Xalqaro ofislar va hamkorlik dasturlari orqali tadbirkorlar global ko‘rgazmalarda ishtirok etish, o‘z yechimlarini investorlar oldida taqdim etish hamda professional aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Bundan tashqari, startaplar “IT Park Ventures” va texnologik kompaniyalarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan boshqa moliyalashtirish vositalari orqali investitsion qo‘llab-quvvatlashdan ham foydalanishlari mumkin. Ushbu imkoniyatlar jamoalarga dastlabki investitsiyalarni jalb etish va mahsulotlarni ishlab chiqish jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi.
