Asosiy kontentga o'tish

AKTda ta'lim

Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (Universitet)da, shu jumladan uning filiallarida hozirgi kunda jami 27 000 nafardan ortiq talaba tahsil olmoqda.

Universitetda 18 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 30 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, filiallarda 7 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 6 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

2022 yilda Universitet Respublika oliy ta’lim muassasalari milliy reytingida 13-o‘rin, doktorlik dissettatsiyasini himoya qilish hamda ilmiy unvonlar olish ko‘rsatkichi bo‘yicha 4-o‘rin  egallagan.

Shuningdek, Times Higher Education tashkilotining Impact Ranking tanlovi mezonlari bo‘yicha 1 000 talikdan o‘rin oldi.

Scimago Institutions Rankingsda dunyo bo‘yicha OTMlar o‘rtasida Kompyuter ilmlari mezoniga ko‘ra 660 o‘rinni va O’zbekiston bo‘yicha 1 o‘rinda;

EduRank tashkilotining reytingida axborot texnologiyalari yo‘nalishida 1000 talikda;

Greenmetric reytingida 638 o‘rinni egalladi.

2021/2022 o‘quv yilida Universitetda 1 000 nafarga yaqin professor-o‘qituvchi faoliyat olib bormoqda, shundan 55 nafari fan doktori (DSc) hamda 348 nafari falsafa doktori (PhD).

Universitet va uning hududiy filiallarida oxirgi 2 yilda 7 438 nafar (2021 yilda – 3 528 nafar, 2022 yilda 3 910 nafar, o‘sish ko‘rsatkichi 1,1 barobar) bitiruvchi tugallagan bo‘lsa, hozirgi vaqtda 6 592 nafari (88,6 foizi) ish bilan ta’minlangan.

Bitiruvchi talabalarning 27 foizi ijtimoiy sohadagi, 6 foizi sanoat va ishlab chiqarish, 7 foizi bank-moliya sohadagi, 25 foizi transport va aloqa hamda 35 foizi boshqa sohalardagi tashkilot va korxonalarda faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, bitiruvchilar AQShning Google, Amazon, EPAM, Niderlandiyaning Booking.com kompaniyasi va boshqa kompaniyalarda ishlab kelishmoqda.

Muxammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti 35 davlatning 72 ta universiteti, 5 ta ilmiy-tadqiqot markazlari, 14 ta tashkilot va kompaniyalari bilan jami 91 ta o‘zaro hamkorlik shartnomasi, kelishuv va memorandumlariga ega.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 2017-2022 yillar mobaynida 230 nafar professor-o‘qituvchilar xorijiy davlatlarda malaka oshirdi, xususan, Janubiy Koreyada – 61 nafar, Rossiya Federatsiyasida – 39 nafar, Germaniyada – 19 nafar, Belorussiyada – 52 nafar, Xitoyda – 9 nafar, Avstriyada – 12 nafar va boshqa davlatlarda – 38 nafarni tashkil etadi.

Universitetda 2017-2022 yillarga mo‘ljallangan 13 ta xalqaro loyihalar amalga oshirilmoqda, jalb etilgan jami grant mablag‘lar miqdori 8.4 mln AQSh Dollarini tashkil qiladi.

Xususan, TATU 2019 yilda Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasida qiymati 998 ming yevrolik “Sun’iy yo‘ldoshli aloqa tizimlari” yo‘nalishi bo‘yicha yangi loyihani ilk marta grantxolder sifatida  amalga oshirishni boshladi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining “Erasmus+” dasturi doirasida umumiy qiymati 1,82 mln. yevroga teng bo‘lgan 9 ta loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yaponiyaning JICA tashkiloti bilan hamkorlikda 1,6 mln. AQSh doll. miqdorida investitsiya jalb etgan holda 2019 yilda “O’quv media markazi” tashkil etildi.

Shuningdek, Koreyaning “KOICA” tashkiloti ko‘magida universitet va uning Samarqand filialida jami 3 mln. AQSh doll. miqdorida “Integrallashgan axborot tizimini yaratish” investitsion loyihasi amalga oshirilmoqda.

2021 yilda Janubiy Koreyaning Milliy axborot agentligi jamiyati (NIA) tashkiloti bilan hamkorlikda TATU Farg‘ona filialida 1 mln. AQSh doll. miqdorida “Axborot almashinuv markazi”ochildi.

2022-2027 yillarga  mo‘ljallangan Koreyaning KOICA tashkiloti ko‘magida jami 5 mln. AQSh doll. miqdorida “Global AyTi biznes ta’lim dasturi hamda FabLab tashkil etish” investitsion loyihasiga start berildi.

2022 yilda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va AQShning AMC Bridge kompaniyasi o‘rtasida kadrlar tayyorlash va stajirovkalar tashkil etish bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

2021-2022 o‘quv yilida jami 47 nafar xorijiy professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar ta’lim jarayoniga jalb qilingan.

2022-2023 o‘quv yili 1 noyabr xolatiga xorijiy talabalar soni 64 tani tashkil etadi.

2022 yilda xalqaro reytingning TOP 500-taligiga kiruvchi Avstriya davlatining Klagenfurt universiteti bilan Kelishuv asosida 2022/2023 o‘quv yilining bahorgi semestriga 6 nafar magistratura talabalari “Axborot va kommunikatsiya injiniringi” mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olishga yuboriladi va muvaffaqiyatli bitiruvchilar ikki tomon diplomiga ega bo‘lishadi.

Universitetning 2023 yilda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlari:

1. Universitetni tayanch ilm-fan va ta’lim klasteriga aylantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish;

2. Universitet Andijon filialini tashkil etish;

3. Sport-sog‘lomlashtirish majmuasida qurilish-montaj ishlarini yakuniga yetkazish;

4. Universitet va uning hududiy filiallari ilmiy salohiyatini oshirish;

5. «Scopus», «ScienceDirect», «Web of Science» va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi jurnallardagi maqolalar ulushini oshirish.

Toshkent shahridagi Inxa universiteti

Hozirgi kunda Toshkent shahridagi Inxa universitetida 1 720 nafar talaba tahsil olmoqda.

Universitetda 2 ta (Kompyuter va dasturiy injiniring, Logistika va biznes boshqaruvi) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 1 ta (Raqamli transformatsiya) magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

Joriy yilda tasdiqlangan kvota bo‘yicha 420 nafar talaba qabul qilindi. Kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra bu yil 30 nafar eng yaxshi talaba grant asosida qabul qilindi.

Bugungi kunda Inxa Universitetida jami 35 nafar professor o‘qituvchilar faoliyat olib boradi. Ularning 17 nafari Koreyadan va boshqa xorijiy mamlakatlardan taklif qilingan bo‘lib, jami 12 ta fan doktori (DSc) va 12 ta fan nomzodi (PhD) hamda 11 ta ilmiy darajasiz professor o‘qituvchilardir.

Joriy yilning boshidan hozirgi kunga qadar universitet professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari tomonidan xalqaro ilmiy jurnallarda (Scopus, Web of Science) 22 ta ilmiy maqolalar chop etildi. 2021 yilda Universitet professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari tomonidan 38 ta maqolalar Scopus ilmiy bazasiga kiruvchi jurnallarda chop etilgan.

Joriy yilning may oyida universitet bazasida BPO markaz tashkil qilindi. 2022 yil may oyidan boshlab universitet qoshida BPO koreya markazi faoliyatini boshladi va unda 20 dan ortiq bitiruvchilar loyihalarga jalb qilindi.

Shu bilan birga 2023 yilda:

1. Toshkent shahridagi Inxa universiteti tomonidan koreyalik hamkorlar bilan birgalikda 2023/2024 o‘quv yili davomida sun’iy intelekt, kiberxavfsizlik, geoaxborot tizimlari, telemeditsina yo‘nalishlari bo‘yicha gibrid ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish;

2. Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda yoshlarni ITga o‘qitish va ularning mahsulotlarini chet elga eksport qilishni yo‘lga qo‘iysh maqsadida yangi Kreativ markazni tashkil etish;

3. Toshkent shahridagi Inxa universitetida Koreya Respublkasi va Markaziy osiyo davlatlari yoshlarini IT sohasida xamkorlikka chaqirish va shunga muxit yaratib berish maqsadida “Koreya Respublikasi–Markaziy Osiyo” xalqaro yoshlar IT forumini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Toshkent shahrida Amiti universiteti

Toshkent shahrida Amiti universiteti 2019/2020 o‘quv yilida o‘z faoliyatini boshlagan va xorijiy mamlakatlardan 24 nafar PhD darajasiga ega professor-o‘qituvchilar jalb qilingan bo‘lib, bugungi kunda 881 nafar talaba tahsil olmoqda.

Universitetda 5 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 1 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda.

Toshkent shahridagi Amiti universitetida 2021/2022 o‘quv yilida Axborot texnologiyalari ta’lim yo‘nalishini 98 ta, Iqtisodiyotni 23 ta, Biznes boshqaruvini 10 ta, Turizm boshqaruvini 9 ta, jami 140 nafar talaba tamomladi.

Epam Uzbekistan va Toshkent shahridagi Amiti universiteti hamkorlik memorandumiga muvofiq, 2022 yilning yanvar oyida Epam laboratoriyasi tashkil etildi.

Shuningdek, Toshkent shahridagi Amiti universitetiga davlat buyurtmasi asosida 2022/2023 o‘quv yilida 10 nafar talaba davlat grantiga qabul qilindi.

Toshkent shahridagi Amiti universitetining bitiruvchi talabalari uchun Universitetning karera markazida 90 ta kompaniya tomonidan 500 ga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilgan. 55 foizi bitiruvchi talabalar o‘kuv davrining o‘zidayoq doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlangan, 16 foizi bitiruvchi talabalar magistratura bosqichida o‘qishni davom ettirishga xohish bildirgan, 15 foizi bitiruvchi talabalar turli soha tashkilotlarida amaliyot o‘tab kelmoqda.

Shu bilan birga 2023 yilda:

1. 2023-2024 yillarda Toshkent shahridagi Amiti universiteti talabalari uchun qo‘shimcha o‘quv o‘rinlarini yaratish maqsadida Toshkent shahar, Shayxontohur tumani, Labzak ko‘chasi 70-uy manzilida joylashgan 2 ta 3 qavatli 600 o‘rinli o‘quv binolarini rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash ishlari amalga oshirish;

2. Toshkent shahridagi Amiti universiteti 2023-2024 o‘quv yili uchun yana qo‘shimcha 300 nafar talabani qabul qilish rejalashtirilgan.

3. 2023 yilda Buxoro viloyatida 2023/2024 o‘quv yilidan faoliyat yuritadigan Hindiston Respublikasining Acharya instituti filialini tashkil etish va bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

“IT-Park University” raqamli universiteti

Vazirlar Mahkamasining ““IT-Park University” raqamli universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 1 iyundagi 297-son qarori bilan “IT-Park University” raqamli universiteti tashkil etilgan bo‘lib, 2022/2023 o‘quv yilidan faoliyatini boshlagan.

“IT-Park University” raqamli universiteti “Epam Systems” xorijiy korxonasi o‘rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq kadrlar tayyorlaydi.

IT-Park University” raqamli universiteti bitiruvchilariga respublikada oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan o‘z namunasidagi diplom beriladi.

Hozira “IT-Park University” raqamli universitetida 350 ga yaqin talabalar tahsil olishmoqda va kelgusida har yili 1 000 ta talaba qabul qilinishi rejalashtirilgan.

13071

Oxirgi yangilanish: 2023-01-30 10:08:05