O‘ZBEKISTONDA KAMBAGʻALLIK DARAJASI 11 FOIZGA QISQARDI
2024-01-31 16:05:00 / Vazirlik yangiliklari
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Statistika agentligi tomonidan 2023-yil uchun O‘zbekistonda kambag‘allikni darajasi tahlil qilindi.
Statistika agentligi tomonidan o‘tkazilgan 16 mingta uy xo‘jaliklari kuzatuvlariga ko‘ra, mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 2023-yil yakunida 11,0 foizgacha pasaydi.
Mamlakatimizda o‘tgan yilga nisbatan 3 foizga kambag‘allik qisqargan. 2022-yil natijalarida kambag‘allik darajasi 14 foizni tashkil etgan. Jarayon Jahon banki ekspertlari tomonidan tekshirildi.
Kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etildi. Sirdaryo (19,5% dan 13,8% gacha), Andijon (17,4% dan 11,9% gacha) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (19,9% dan 13,7% gacha) sezilarli darajada qisqargan.
Minimal o‘zgarishlar Toshkent shahri (8,5% dan 7,9% gacha) va Buxoro (11.9% dan 11,8% gacha), Qashqadaryo (12,7% dan 11,5% gacha) viloyatlarida aniqlangan.
Ma’lumot uchun: 2023-yilda jami 4,1 mln aholi, shundan 2,3 mln nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarida, 112,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlarida, 1,6 mln aholi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga bandligini ta’minlashga erishildi.
Hokim yordamchilari ko‘magida 241,3 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer maydonlari ajratildi.
“20 ming tadbirkor 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 6 745 ta tadbirkorlik sub’yektlari bilan 455,0 ming nafar aholini badligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Shuningdek, 472 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 10 trln. so‘m imtiyozli kreditlar va 73 ming nafar ishsiz fuqarolarga 356 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Mahallabay ishlash asosida 51 mingta mikroloyihalarni amalga oshirilishi natijasida 206 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
181 ming nafar ishsizlar fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi va 183,8 mingta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi.
Inflyasiya darajasidan kelib chiqib, 2024-yil uchun hisoblangan MIX (minimal iste’mol xarajatlari) qiymati 621 ming so‘mni tashkil etdi. (2023-yil 568 ming so‘m).