Har bir dala maydoni — natijadorlik mezoni
2025-06-28 11:00:00 / Yangiliklar

Dastlab, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Istiqlol” fermer xo‘jaligi dala maydonida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
Mazkur maydon 30 gektarni tashkil etib, xorijiy paxta navlari ekilgan. Biroq agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilmagani natijasida ko‘chatlarning rivojlanishida muayyan kamchiliklar kuzatilayotgani aniqlandi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov dala maydonini ko‘zdan kechirar ekan, agrotexnik tadbirlarning qat’iy belgilangan muddatlarda va talab darajasida bajarilishi, ayniqsa vegetatsiya davrida ekinlarga alohida e’tibor qaratilishi muhimligini ta’kidladi. Ushbu omillar hosildorlikka bevosita ta’sir qilishi, shuningdek, yuqori natijalarga erishishda asosiy kafolat hisoblanishini qayd etdi.
Shu bilan birga, mavjud kamchiliklarni qisqa fursatda bartaraf etish, paxta parvarishiga oid barcha ishlarni jadallashtirish va agrotexnik intizomni mustahkamlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Albatta, mamlakatimizda paxtachilikni modernizatsiya qilish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Biroq natijadorlik, avvalo, har bir dala maydonidagi intizom va agrotexnik tadbirlarning sifatli bajarilishiga bog‘liq.
Kamchiliklarni bartaraf etish, zamonaviy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish yuqori hosil va samaradorlik kafolatidir.









