Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini ilmiy asosda joriy etish muhim va ahamiyatlidir
2025-04-19 10:50:00 / Yangiliklar

Umumiy maydoni 240 gektardan iborat hududning 120 gektariga ayni paytda g‘ozaning xorijiy navi Xitoy texnologiyasi asosida, 76x10 sxemada, qo‘shqator qilib ekilgan. Ekish me’yori va tartiblariga to‘liq amal qilingan. Hozirda navlarni parvarishlash ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Biroq kuzatuvlar jarayonida shuni aniqlash mumkinki, dala hududida ekinlarni sifatli sug‘orishga ixtisoslashgan tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish va uskunalarni belgilangan ko‘rsatkichlar asosida o‘rnatish jarayonida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Xuddi shunday kamchiliklar tumandagi “Komiljon ota EOK” fermer xo‘jaligiga qarashli, kengligi 60 gektarni tashkil etadigan dala yerlarida ham kuzatildi. Bu yerda ham paxtaning xorijiy navi Xitoy texnologiyasi asosida, qo‘shqator qilib, plyonka ostida ekilgan.
Biroq tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishda yuqoridagi kabi kamchiliklar mavjud. Tabiiyki, ekinlarning yaxshi rivojlanishi va sog‘lom o‘sishida sug‘orish usullariga bo‘lgan yondashuvlar muhim ahamiyat kasb etadi. Tomchilatib sug‘orish tizimi esa har tomonlama maqbul tanlov sifatida e’tirof etilgan.
Vazir jarayonlarni kuzatar ekan, mavjud muammolarni tezkor bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi. Shuningdek, ekin atrofida to‘liq himoya zonalari va xo‘rak maydonlarini fermer va dehqonlar uchun ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmaga asoslanib tashkil etish vazifalarini belgiladi.
Bundan tashqari, mas’ullarga mavsum davomida dala ishlarini sifatli tashkil etish, ekinlarni oziqlantirishda me’yor va tartiblarga qat’iy amal qilish, agrotexnik amaliyotlarda ilmiy asoslangan yondashuvlarni muntazam ravishda joriy etib borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.









