Namangandagi paxta dalalari: xatolikdan saboqli tajriba sari
2025-04-18 17:25:00 / Yangiliklar

Fermer xo‘jaligi umumiy 70,4 gektar maydonga ega bo‘lib, shundan 32 gektariga g‘alla, 38,4 gektariga esa paxta ekilgan. Dalada xorijiy navdagi g‘o‘zalar 76/10 sxema asosida, yakka qator qilib ekilgan. Mehnat borligi ko‘zga tashlanadi, biroq ko‘zdan qochgan muhim jihatlar ham mavjudligi ayon bo‘ldi.
Jumladan, dalada “Shinjon” agrotexnologiyasi to‘liq joriy etilmagan. Eng muhimi — ekinlar uchun maxsus himoya zonalari, ya’ni xo‘rak maydonlari tashkil etilmagan. Bu esa ekinlarni zararkunandalardan, xususan, ko‘sak qurti kabi xavfli omillardan himoya qilishda muhim vosita hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi a’zolari bu borada fermer xo‘jaligi rahbariga tegishli ko‘rsatmalar va aniq tavsiyalar berdi. Ikki kun muddatda xo‘rak maydonini tashkil etish, dalani qayta shakllantirish va mahalliy navlarni ekish — bu fermer oldida turgan vazifalardir.
Fermer esa ushbu agrotexnologiyaning ayrim jihatlarini to‘liq tushunmaganini tan oldi. Ammo bugungi uchrashuv va mutaxassislarning bevosita o‘rgatishi unga katta tajriba bo‘ldi. Endi u nafaqat o‘z xo‘jaligida, balki boshqa fermerlar orasida ham bu yondashuvni targ‘ib etishga tayyor ekanini bildirdi.
Ishchi guruh tumandagi yana bir paxta dalasini ham ko‘zdan kechirdi. “Mingbuloq porlog‘i” fermer xo‘jaligiga qarashli 30 gektarlik dala maydoniga “Shinjon” agrotexnologiyasi asosida xorijiy g‘o‘za navi qadalgan bo‘lishiga qaramay, ekish jarayonida texnologik xatolar yuz bergani bois, g‘o‘zaning unuviga ta’sir qiluvchi omillar yuzaga kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi a’zolari mazkur kamchiliklarni bartaraf etish hamda ularning yechimini topish nuqtayi nazaridan tuman mutasaddilari hamda fermerga tavsiyalarini berdi. Chigit unmay qolgan joylarni 76/10 sxema asosida seyalkalar yordamida qayta ekish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Shunisi muhimki, soha mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan uslubiy qo‘llanmada xorijiy navlarni yetishtirishda aynan himoya maydonlarini tashkil etish bo‘yicha aniq tavsiyalar keltirilgan. Bu nafaqat chigitlarni, balki umuman hosildorlikni saqlash va oshirishda hal qiluvchi omildir. Bundan tashqari, uslubiy qo‘llanmada nafaqat ekish jarayonlari, balki g‘o‘zaning butun unuv davridagi agrotexnologiyalari ham batafsil yoritib berilgan.









