“Green World” – Andijon qishloq xo‘jaligining yangi ufqlari
2025-04-14 17:35:00 / Yangiliklar

“Green World” oddiy fermer xo‘jaligi emas. Bu yerda tarvuz va qovun yetishtirish bilan bir qatorda, manzarali va xonaki gullar, bog‘dorchilik uchun mo‘ljallangan ko‘chatlar ham parvarish qilinmoqda. Barcha jarayonlar tomchilatib sug‘orish tizimi asosida tashkil etilgan. Bu yondashuv nafaqat suvdan tejamkorlik bilan foydalanish, balki hosildorlikni oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu dala maydoni atigi 40 kun avval elektron auksion orqali tadbirkor tomonidan yutib olingan. Shunga qaramay, qisqa vaqt ichida yerga hayot baxsh etildi — tarvuz va qovun urug‘lari qadaldi, manzarali gullar ekildi, tomchilatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bularning barchasi oddiy tashabbus emas, balki izlanish, mehnatsevarlik va zamonaviy dehqonchilik madaniyatining yorqin namunasi hisoblanadi.
Vazir ushbu hududni ko‘zdan kechirar ekan, loyiha faoliyatini yuksak baholab, bunday ilg‘or tajribalarni mamlakat miqyosida keng ommalashtirish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, bu kabi tashabbuslar ayniqsa yosh tadbirkorlar uchun ilhom manbai bo‘lishi mumkinligini alohida qayd etdi.
Zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etgan holda agrar sohada yangi yutuqlarga erishish — bu nafaqat iqtisodiy samaradorlikni ta’minlash, balki oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash yo‘lida ham muhim qadamlardan biridir. Shu nuqtayi nazardan qaralganda, Andijonda amalga oshirilayotgan ushbu kabi loyihalar, xususan, “Green World” tajribasi, agrar sohada yangicha fikrlash, innovatsion yondashuv va zamonaviy menejment madaniyatining shakllanayotganidan dalolat beradi.
Andijon zaminida faqat dalalar emas, balki ilm, tajriba va innovatsiyalar uyg‘unligida qurilayotgan zamonaviy dehqonchilik maydonlari bunyod etilmoqda. Bu esa yangilanish, bunyodkorlik va ertangi kun dehqonchiligining yangi sahifasidir.









