Qishloq xo‘jaligi vazirligining murojaati
2025-04-12 18:00:00 / Yangiliklar

Ma’lumot uchun aytib o‘tish kerakki, Bt–g‘o‘za navi – genetik jihatdan o‘zgartirish jarayonida o‘simlik genomiga hasharot va zararkunanda uchun zararli bo‘lgan oqsillarni ishlab chiqaradigan bakterial gen (Cry oqsili geni) kiritilgan g‘o‘za navi hisoblanadi.
Bunday biotexnologik navlar dunyo g‘o‘za maydonlarini qariyb 25 million (umumiy paxta maydonlarining 75–80 foizi) gektar maydonlarda ekiladi va ko‘sak qurtiga samarali kurashning yagona, kamxarajat, ekologik toza yechimi hisoblanadi!
Ushbu yangi biotexnologik navlar 2024-yilda respublikaning barcha hududlarida qariyb 72 ming gektar maydonda o‘zining ijobiy natijasini bergani bois, 2025-yilda respublikada 379 ming gektar maydonga zamonaviy intensiv agrotexnologiya usulida ekilmoqda.
Oldimizda turgan galdagi vazifa esa — ushbu xorijiy g‘o‘za navlariga ko‘sak qurti moslashib qolmasligiga katta e’tibor qaratishdan iborat.
Biotexnologik navlar to‘qimalaridagi zaharli oqsillarga chidamlilik kelib chiqmasligi uchun AQSH, Avstraliya va Xitoy kabi yirik paxta yetishtiruvchi davlatlarda 10–30 yildan beri xorijiy Bt–g‘o‘za navlari ekilgan maydonlar yonida oddiy an’anaviy navlar ekilgan “qochoq” (boshpana) maydonlarni tashkil etish amaliyoti joriy etilgan.
Qochoq maydonlar – Bt-g‘o‘za ekilgan dalalarda hasharotlarning Bt’ga chidamliligi ortishining oldini olish maqsadida tashkil etiladigan maydonlar.
Ushbu maydonlarda ko‘sak qurti oziqlanib, o‘z biologik rivojlanish jarayonlarini o‘tkazadi, Bt navli maydonlarda taqalmaydi, tabiiyki zaharli genga moslashib qolmaydi!
Qochoq (boshpana) hududlarni tashkil etishda quyidagilarga amal qilish muhim:
1. Ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamli xorijiy g‘o‘za navlari (Bt-g‘o‘za) ekilgan texnik paxta maydonlarida:
Ilmiy asoslangan qoidaga ko‘ra, paxta xomashyosi yetishtirish uchun (texnik maydonlar) ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamli xorijiy g‘o‘za navlari (Bt-g‘o‘za) ekilgan umumiy maydonning ekilish sxemasidan qat’i nazar (76x10 sm qo‘shqator, 76 sm yakka qator, 60 sm qo‘sh yoki yakka qator, 76x14 qo‘shqator, ochiq yoki plyonka ostiga) 20 foiziga oddiy tez gullaydigan mahalliy navlar (Sulton, Namangan-77, AN-Boyovut-2, S-8290 kabi) navlar ilovadagi ekish sxemalaridagidek ekilishi shart!
Qochoq maydondan hosil olinmaydi va minimal agrotexnik tadbirlar amalga oshiriladi, kam sug‘oriladi, tez gullashi ta’minlanadi.
2. Ko‘sak qurti va gerbitsidga chidamli xorijiy g‘o‘za navlari (Bt-g‘o‘za) ekilgan urug‘lik paxta maydonlarida:
Urug‘lik maydonlari bundan mustasno! Urug‘lik maydonlaridan toza urug‘ olish uchun dalaning to‘rt tomoni kamida ikki qatordan kungaboqar, oq jo‘xori va romashka o‘simligi bilan qalin o‘ralishi shart!
Urug‘lik olish maqsadida Bt g‘o‘za navlari ekilgan konturlarda yon-atrofiga asalari qutilarini qo‘yish (joylashtirish) taqiqlanadi.
Bu maydonlarni tashkil etish bo‘yicha yo‘riqnoma va paxta ekilgan maydonlardagi zarur agrotexnik tadbirlar to‘g‘risidagi uslubiy qo‘llanma havola qilinadi!
Uslubiy qo'llanma: https://online.pubhtml5.com/pcipf/jsce/
GMO nav chidamliligini boshqarish: https://online.pubhtml5.com/pcipf/eens/

