Issiqxonalar – aholi farovonligi va iqtisodiy o‘sish omili
2025-03-10 19:30:00 / Yangiliklar

Mahallada 320 ta xonadon mavjud bo‘lib, ulardan 300 tasi o‘z hovlisida issiqxona tashkil qilgan. Bu deyarli har bir oilaning qo‘shimcha daromadga ega ekanligini anglatadi. Issiqxonalarda asosan pomidor, bulg‘or qalampiri, gulkaram va baqlajon kabi yuqori talabga ega sabzavotlar yetishtirilib, yiliga uch martagacha hosil olinmoqda.
Ma'lumotlarga ko‘ra, mahalladagi har bir xonadon o‘rtacha 8-12 sotix maydonga ega bo‘lib, ulardan 6 sotixgacha bo‘lgan qismi issiqxonalarga ajratilgan. Natijada, umumiy hisobda 1000 dan ortiq aholi doimiy ish bilan ta’minlangan. Bunday yondashuv nafaqat mahalliy bozorni sabzavot mahsulotlari bilan ta’minlamoqda, balki eksport hajmini oshirish imkoniyatini ham yaratmoqda.
Vazir tashrif davomida qishloq xo‘jaligi islohotlarining aholi farovonligini oshirish va mahallalar iqtisodiy rivojlanishiga qo‘shayotgan hissasiga alohida to‘xtalib, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etish va yer resurslaridan samarali foydalanish muhimligini ta’kidladi.
“Bir kontur – bir mahsulot” shiori ostida amalga oshirilayotgan loyiha mahallalarda bandlik darajasini oshirish, aholi daromadlarini ko‘paytirish va qishloq xo‘jaligini yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda. Mazkur issiqxona xo‘jaliklari bunga yorqin misol bo‘lib, har bir xonadon ekin yetishtirish orqali o‘z iqtisodiy barqarorligini ta’minlay olayotganini ko‘rsatmoqda.
Vazir aholi vakillari va mutasaddilarga bu tizimni yanada rivojlantirish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berib, mahsulot turlarini kengaytirish, agrotexnik amaliyotlarning sifatini oshirish hamda ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.








