2026-yilda mahalliy yangi parranda zoti paydo bo‘ladi
2025-03-07 14:50:00 / Yangiliklar

Mazkur xo‘jalik yiliga 17 ming tonna parranda go‘shti yetishtiradi hamda 75 million dona inkubator jo‘jasini ochiradi. Yangi agroparranda klasteri ishga tushgach, 100 ming bosh naslli ota-ona galasi, 5 million bosh ikkinchi tartibli naslli parranda, 875 million dona inkubatsion tuxum, 700 million bosh bir kunlik jo‘ja va 1 million tonna parranda go‘shti yetishtirish ko‘zda tutilgan. Eng e’tiborlisi, 2026-yilda O‘zbekistonda mahalliy yangi parranda zoti paydo bo‘ladi.
Buning uchun zarur bo‘lgan 700 million tonna ozuqa ishlab chiqarish kooperatsiya asosida yo‘lga qo‘yiladi. Natijada yillik eksport hajmi 180 million AQSh dollariga yetishi kutilmoqda.
Vazir loyiha bilan tanishib, uning istiqbollari yuzasidan mas’ullar bilan fikr almashdi. Shuningdek, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida ham faoliyatni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlandi. Samarqand viloyatining uchta tumanida “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida jo‘ja yetishtirish va ularning ozuqasini ta’minlash bo‘yicha ishlar boshlangan.
Bu tizim mahalla aholisining daromadini oshirishga ham xizmat qilmoqda. Misol uchun, bir oila 40 kun davomida 500 bosh jo‘jani yetishtirib, 9 million so‘mgacha sof foyda olishi mumkin. Ayni paytda ushbu loyihaga qiziqish bildirayotgan mahalladoshlar soni ortib bormoqda.
Tashrif davomida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Mas’ullarga ish jarayonini samarali tashkil etish hamda belgilangan rejalarni o‘z vaqtida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.