Ekologik inqiroz – bugunning dolzarb muammosi
2025-03-07 12:00:00 / Yangiliklar

Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi rahbari, professor Abdushukur Xamzayev “2025-yil – Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” davlat dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda hamkorlikning ahamiyati haqida taqdimot ma’ruzasi o‘tkazdi.
Ma’ruzada insoniyatni tashvishga solayotgan ekologik muammolar yildan-yilga ortib borayotgani, bu muammolar dunyoning biror bir mamlakatini chetlab o‘tmayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonda kuzatilayotgan ekologik holatlar va ularni ijobiy tomonga o‘zgartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Bugungi kunda insoniyat duch kelayotgan eng dolzarb muammolardan biri – global iqlim o‘zgarishi tufayli yuzaga kelayotgan qurg‘oqchilik, cho‘llanish va yer degradatsiyasi jarayonlaridir.
Yog‘ingarchilikning yildan-yilga kamayib borishi qurg‘oqchilikning davomiy bo‘lishiga, tabiiy o‘simliklarning qurishiga va cho‘llanish jarayonining tezlashishiga sabab bo‘lmoqda.
Ushbu holatlar mamlakat iqtisodiyotiga, ayniqsa, qishloq xo‘jaligiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Shundan kelib chiqib, mazkur muammolarni hal etishda barcha birdek harakat qilishi zarurligi ta’kidlandi.









