O‘zbekistonda raqamli qishloq xo‘jaligi axborot platformasi yaratiladi
2025-02-28 14:05:00 / Yangiliklar

Loyihaning asosiy maqsadi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarini aniq va ishonchli ma’lumotlar bilan ta’minlash hamda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashdan iborat. Shu maqsadda, qishloq xo‘jaligi yerlari va fermerlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni raqamlashtirish rejalashtirilgan.
Yangi platforma geoaxborot tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanib, ekinlar monitoringini yuritish, hosildorlikni bashoratlash, zararkunandalar va kasalliklarni oldindan aniqlash kabi muhim funksiyalarni bajaradi. Bundan tashqari, loyiha qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanlikni oshirishga, yer va suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashga, fermerlarning bilim va tajribasini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv davomida tomonlar loyihaning texnik jihatlari, amalga oshirish bosqichlari hamda Koreyaning ilg‘or tajribalaridan foydalanish masalalarini muhokama qilishdi.
Eslatib o'tamiz, mazkur loyiha Koreya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq ishlari vazirligi grant mablag‘lari asosida amalga oshirilmoqda.
