Issiqxonalarda namlik rejimi. Uni qanday boshqarish mumkin, ortiqcha namlikning o‘simliklar rivojlanishiga salbiy ta’siri bormi?
2025-02-21 19:45:00 / Yangiliklar

Tuproqning nisbiy namligi to‘la nam sig‘imining 70% atrofida bo‘lishi va o‘simliklarning turiga, yoshiga hamda rivojlanish fazasiga qarab 60% dan 80-90% gacha o‘zgarib turishi mumkin.
Rediska, barra piyoz, selderey, karam ko‘chati va meva tugish davriga kelgan bodring ekini namga ayniqsa, talabchan bo‘ladi.
Tuproq va havo namligini muvozanatlashtirib turish o‘simliklarning o‘sishi, meva tugishning jadallashuviga yordam beradi. Ammo namlik darajasi yuqori bo‘lsa, o‘simliklarning vegetativ organlari o‘sishini kuchaytiradi, gullash va meva tugishini susaytirib qo‘yadi.
Pomidor yetishtirilayotgan issiqxonalarda havoning nisbiy namligini 60-70% saqlab turish kerak. Bodring esa, namtalab o‘simlik bo‘lib, yoppasiga hosilga kirgan davrda sug‘orishdan oldingi tuproq namligi chegaralangan dala nam sig‘imiga nisbatan 85-90%, havoning nisbiy namligi 75-80% dan kam bo‘lmasligi kerak.
