Asosiy kontentga o'tish

Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda kartoshka narxi oshishi mumkinligi yuzasidan tarqalayotgan xabarlar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligining rasmiy munosabati

2025-01-21 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

So‘nggi kunlarda ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda Qozog‘iston Respublikasi kartoshka eksportiga cheklov qo‘ygani, bu esa mamlakatimizda kartoshka narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi haqida xabarlar aylanmoqda.

Mazkur xabarlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi shuni ma’lum qiladiki, mamlakatimiz aholisining  kartoshkaga bo‘lgan yillik talabi  4 mln tonnani tashkil etadi.

 

2024-yilda  mamlakatimizda jami 3,7 mln tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 mln tonna va takroriy ekin sifatida 1 mln tonna kartoshka  yetishtirilgan. 
 

Odatda yetishtirilgan kartoshkaning 3 mln tonnasi, shundan asosiy maydon hosilidan 2 mln  250 ming tonna 2024-yil aprel-oktyabrda va takroriy maydon hosilidan 750 ming tonnasi 2024-yil noyabrdan 2025-yil aprelgacha ichki iste’molga yo‘naltiriladi.

 

 Joriy yil 20-yanvar holatiga mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan jami 6,3 ming tonna kartoshka ichki bozorlarga savdoga chiqarilgan. 2024-yilda 703 ming tonna, shundan dekabr oyida 74,4 ming tonna kartoshka import qilingan.

 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, mamlakatimizga kartoshka importi faqat Qozog‘iston Respublikasiga bog‘lanib qolmagan. Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar samarasi tufayli  ayni paytda  qo‘shni Qozog‘istondan tashqari Pokiston, Qirg‘iz Respublikasi va Afg‘on Islom Respublikalaridan ham  kartoshka import qilish yo‘lga qo‘yilgan.

 

Xususan, mamlakatimizda kartoshka yetishmovchiligining oldini olish va o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar ko‘rish uchun 2024-yil 6-11-dekabr kunlari  Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi  O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi rahbari I. Ergashev rahbarligida O‘zbekiston delegatsiyasi Eron va Pokistonga yuborildi.

 

Tashrif davomida erishilgan kelishuvga muvofiq, 2025-yil yanvar – may oylarida  mamlakatimizga Erondan 100 ming tonna va Pokistondan 100 ming tonna jami 200 ming tonna  kartoshka yetkazib beriladi.

 

 Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatidagi dala maydonlarida yetishtirilayotgan kartoshka hosili mart oyining ikkinchi yarmi va aprel oylarida  to‘liq mamlakatimiz bozorlariga  chiqariladi. 

 

Ichki bozorni kartoshka bilan ta’minlash hamda narx barqarorligini saqlash uchun quyidagilar amalga oshiriladi:

 

-  Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi va viloyatlar  hokimliklari bilan birga tayyorlov korxonalarida zaxira qilingan kartoshka hisobidan 239,2 ming tonna mahsulotni grafik asosida har 10 kunda 15-25 ming tonnagacha miqdorda ichki bozorga tizimli chiqariladi;

 

- Karantin agentligi tomonidan  importyor tadbirkorlar bilan  Pokistondan va Erondan 100 ming tonnadan hamda Afg‘onistondan  fitosanitar talablarga muvofiq qo‘shimcha  kartoshka olib kelish tashkil etiladi;

 

- Surxondaryo viloyatida yanvar oyida 7,5 ming gektar hamda fevral oyida   barcha viloyatlarda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari) 28,5 ming gektar maydonda kartoshka ekilib, aprel oyida 70 ming tonna, may oyida 450 ming tonna hosil yetishtirilib, ichki bozorga yo‘naltiriladi va aholi talabi to‘liq ta’minlanadi.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, yurtdoshlarimizdan  mamlakatimizda kartoshka narxi oshishi  haqidagi bir tomonlama olingan ma’lumotlardan foydalangan holda  tarqatilayotgan xabarlarga aldanib qolmasliklarini, jurnalistlar ijtimoiy tarmoqlar faollari va blogerlardan esa bu kabi xabarlarni tayyorlashda  asosli ma’lumotlardan foydalanishlarini so‘raymiz.

960

Oxirgi yangilanish: 2025-01-21 16:06:14

Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda kartoshka narxi oshishi mumkinligi yuzasidan tarqalayotgan xabarlar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligining rasmiy munosabati