Dengiz imkoniyati cheklangan davlatlar uchun yangi va istiqbolli davr boshlanmoqda
2024-09-06 17:20:00 / Yangiliklar

Mamlakat qishloq xo‘jaligi ham yuqorida keltirilgan sohalar qatorida bo‘lib, uning barqaror yangilanib, xalqaro standartlar talabiga mos keladigan amaliyotdagi loyihalari va to‘g‘ri tanlangan strategik yo‘li yordamida taraqqiy etishi yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
2 kun davomida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari" mavzusidagi xalqaro forum yuqorida keltirilgan strategik yo‘lning to‘g‘ri tanlanganidan darak beradi.
Forumning natijadorligi nimalarda ko‘rinadi?
Shubhasiz, ushbu loyiha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, logistika bilan bog‘liq muammolarni hal etishga qaratilganligini inobatga olsak, buning yordamida dengizga chiqish imkoni cheklangan 32 ta davlat uchun qulay imkoniyat yuzaga keladi.
Bular orasida O‘zbekistonning yutug‘i ko‘p jihatlarda ko‘zga ko‘rinadi. Masalan, global bozorlarda to‘laqonli ishtirok eta olish imkoniyati. Aytish mumkin, O‘zbekiston o‘tgan yili qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yillik eksport hajmi $2 mlrd ni tashkil etgan. Joriy yilda esa bu raqamlarni $3.5 mlrd ga yetkazish maqsad qilingan.
Agarda forumdan maqsad qilingan global bozorga chiqish imkoniyati puxta yondashuvlar orqali o‘z yechimi topadigan bo‘lsa, birgina shu yo‘nalishning o‘zidan ko‘zlangan eksport hajmining bir necha barobarga kengaytirilgan natijasiga erishishimiz mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2050-yilga borib Sirdaryo havzasida suv resurslari 5% gacha, Amudaryo havzasida 15% gacha kamayishi kutilmoqda. 2050-yilda Markaziy Osiyoda chuchuk suv taqchilligi yalpi ichki mahsulotning 11% ga pasayishiga olib kelishi mumkin. Ma’lumki, yurtimizda tabiiy suv zaxirasining 90 % i qishloq xo‘jaligiga yo‘naltiriladi.
Bundan ko‘rinadiki, iqlim o‘zgarishi natijasida suv massasining qisqarib borishi ekin maydonlarida yangi muammolarni keltirib chiqaradi. Forum doirasida qabul qilingan deklaratsiyada ham iqlim o‘zgarishining oziq-ovqat xavfsizligiga ta’siri alohida ta’kidlangan.
O‘tkazilgan sessiyalarda ta’kidlandiki, suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolarga duch keladigan va transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarish uchun xalqaro hamkorlikni taklif etadigan davlatlar uchun suv diplomatiyasi muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining FAO Bosh direktori Suy Dunyuy bilan bo‘lib o‘tgan suhbatida ko‘tarilgan O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi zamonaviy xavf-xatar va tahdidlarga qarshi samarali chora ko‘rish borasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish masalasi ham g‘oyatda ahamiyatlidir.
Aytish mumkin, hamkorlik natijasida hozirda 34 ta loyiha faol amalga oshirilmoqda. O‘tgan bir yil ichida yurtimizda dehqonchilik, maktablarda ovqatlanish, veterinariya, agrokimyo va boshqa sohalarda 7 ta yangi loyiha ishga tushirildi.
Bilamiz, geografik jihatdan O‘zbekiston dengizga chiqish uchun ikki mamlakat chegarasini kesib o‘tishi kerak. Shu jihatdan, Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlardan tashqari boshqa davlatlar bilan iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish uchun qirg‘oq bo‘yi hududlarga chiqish talab etiladi. Busiz mamlakatning raqobatbardoshligi cheklanib boraveradi.
Ushbu forum mamlakatimizni jahonning boshqa mintaqalari bilan bog‘lovchi transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi taraqqiyotga to‘sqinlik qilayotgan mintaqaviy va global darajadagi asosiy masalalarni hal etishga yordam beradi.
Shuningdek, forum qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini savdosi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkonini yaratishi bilan ham ahamiyatlidir. Bu loyihaga BMTning bevosita aralashuvi va xalqaro tashkilotlarning kelishuvlarga asoslangan har qanday ko‘rinishdagi ko‘magi kutilayotgan natijaning reallashuviga xizmat qiladi.





