Mamlakatimizda eksportbop, qurg‘oqchilikka chidamli guar o‘simligini yetishtirish tajriba qilinmoqda
2024-08-27 17:00:00 / Yangiliklar

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida 2024-yilda respublikamiz uchun yangi bo‘lgan guar o‘simligi ilk bor introduksiya qilinib, tajriba-sinov ishlari boshlab yuborildi, – deydi O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Hamidulla Hasanov. – Noyob xususiyatli guar dukkakdoshlar oilasiga mansub va bir yillik o‘simlik. Pishib yetilmagan dukkaklari sabzavot sifatida, pishgan doni oziq-ovqat, konditer sanoatida keng foydalaniladi. Shuningdek, poyasi va doni chorva, parranda uchun to‘yimli ozuqa hisoblanadi. Tuproq unumdorligini oshirishda esa siderat ekin sifatida qo‘llaniladi.
Qolaversa, guar o‘zining foydalanish ko‘lami bo‘yicha neft-gaz va geologiya tarmoqlarida juda manfaatli hisoblanadi. Eksportiga bo‘lgan talab ham juda yuqori.
Guar o‘simligi qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lishi bilan birga, sho‘rlangan yerlarda ham yaxshi rivojlanishi bilan alohida ajralib turadi.
Guar asosan sanoat ekini sifatida yetishtiriladi, lekin poyasining tarkibida protein miqdori yuqori bo‘lganligi sababli u qoramollar uchun yem-xashak sifatida ham ishlatiladi. Xususan, o‘tgan yili guar saqichiga jahonda talab keskin oshdi. Guar narxi, asosan neft konidagi slanets gaziga bo‘lgan talabning ortishi tufayli taxminan 230 foiz va undan ham ko‘proqqa ortdi.
Natijada eng yirik guar ishlab chiqaruvchi mamlakat bo‘lgan Hindistonda eksport 75 foizga o‘sdi. Guar gumi (GG) esa oziq-ovqat, kosmetika, farmatsevtika, to‘qimachilikda zarur xomashyo sifatida katta ahamiyat kasb etadi.
Guardan bug‘doy unining o‘rnini bosuvchi un tayyorlash mumkin. Chunki guar unida glyuten yo‘qligi ahamiyatli hisoblanadi. Shuningdek, yogurt, mayonez, smetana, sut, qatiq, pishloq, sous, ketchup, tez tayyorlanadigan ovqat, muzlatilgan desertlar olishda keng qo‘llaniladi.
Go‘sht va go‘sht mahsulotlarida qo‘shimcha to‘ldiruvchi ozuqa va yog‘ o‘rnini bosuvchi modda sifatida ham mazkur o‘simlik muhim hisoblanadi. Uning smolasi organizmda juda sekin o‘zlashtirilganligi uchun insonning to‘yimlilik hissini uzoq vaqt ushlab turadi.
Mana shu jihatlari uchun ham guarga jahon bozorida talab tobora ortib borayotir. Shu kabi xususiyatlarini o‘rgangan holda guar o‘simligini O‘zbekistonda ham yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tomonidan guar o‘simligini mamlakatimizda yetishtirishni o‘rganish uchun Hindistondan guar urug‘lari introduksiya qilindi va turli tuproq-iqlim sharoitlarida tajriba-sinov ishlari boshlandi.
Dala maydonida yetishtirilayotgan guar o‘simligining bugungi vegetativ holatini kuzatar ekansiz, mamlakatimiz iqlim sharoitida ham uni bemalol yetishtirish mumkin ekanligiga amin bo‘lasiz.
Hozir institut ilmiy jamoasi guar o‘simligini parvarishlash va yetishtirish agrotexnologiyasi bo‘yicha xorijiy uslublarni o‘rganib, mahalliy iqlimga moslashtirish bo‘yicha izlanishlar olib borishmoqda.





