Paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasining takomillashtirilgan tizimini joriy qilish hosildorlikning karrasiga oshirish demakdir
2024-08-06 14:35:00 / Yangiliklar

Xususan, joriy yilning 4-mart kuni Qishloq xo‘jaligi vaziri tomonidan Turkiya davlatining tadbirkorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasining takomillashtirilgan tizimi “Tarteksan” texnologiyasini mamlakatimizda joriy qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilgan edi.
“Tarteksan” – sug‘orish tizimi qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun talab etiladigan o‘g‘it turi, miqdori hamda suv resurslari me’yorini tuproq tarkibidan kelib chiqib, inson omilisiz avtomatik aniqlash imkonini beruvchi qurilma hisoblanadi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha mazkur texnologiyani kompaniyaning investitsion mablag‘lari hisobiga mamlakatimizning ma’lum bir hududida joriy etish, bunda erishilgan samaradorlik natijasiga ko‘ra respublika bo‘ylab keng joriy joriy etish ko‘rib chiqilishiga kelishilgan edi.
Shundan kelib chiqib, Turkiya davlatining tegishli kompaniyasi bilan “Tarteksan” texnologiyasini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha Bo‘ka tumanidagi “Shukrullo yasmina agro” fermer xo‘jaligining 12 gektar paxta maydonida tajriba uchastkasi tashkil qilindi.
Ushbu tajriba uchastkasida ekilgan g‘o‘zani parvarishlash uchun talab etiladigan har xil turdagi mineral o‘g‘itlar va suv resurslari tuproqning holatidan kelib chiqib, avtomatlashtirilgan tizim orqali berib borilgan. Ushbu jarayon to‘liq Turkiya davlatidan taklif etilgan mutaxassislar tomonidan amalga oshirilib, agronom xizmatlari ko‘rsatib borilgan. Bugungi kunda g‘o‘zaning rivojlanishi judayam yaxshi holatda bo‘lib, bir to‘p g‘o‘zada o‘rtacha 30-32 ta ko‘sak mavjud.
Aytish kerak, turkiyalik mutaxassislar tuproq tarkibini maxsus qurilma orqali atigi 15 soniyada aniqlab, unga kerakli bo‘lgan ozuqa miqdorini yubormoqda. Bu esa, birinchi navbatda iqtisodiy samaradorlikni ta’minlaydi. Shuningdek, g‘o‘zalarga kerakli miqdorda o‘g‘it yuborilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ushbu tajriba uchastkasini tashkil qilishdan maqsad — mavjud suv resurslaridan samarali foydalanishda zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini keng jalb qilish orqali paxta maydonlarida hosildorlikni oshirishga (70-80 s/ga) erishish.
Agar tajriba uchastkasida sinovdan o‘tkazilayotgan “Tarteksan” tomchilatib sug‘orish texnologiyasida samarali natijaga erishilsa, kelgusida ushbu texnologiyani mahalliy sharoitda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Turkiya davlati bilan hamkorlikda investitsiya mablag‘lari hisobidan korxona tashkil etish orqali ushbu texnologiyani mamlakatimizda keng tatbiq qilish rejalashtirilgan.









