Agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri tashkil etish orqaligina mo‘l va sifatli hosil olish mumkin
2024-06-21 10:00:00 / Yangiliklar

Tashrif avvalida, Urganch shahri Guliston hududidagi “Rajab ota Jumanov” fermer xoʻjaligi faoliyati bilan tanishildi. Qariyb 12 gektar maydonni egallagan mazkur hududda paxtaning mahalliy “Xorazm 127” navi 60 sxemada qoʻshqator qilib ekilgan.
Ammo mazkur kontur va unga yondosh konturdagi paxta go‘yoki yaxshi o‘sib turgan, nav rivojlangandek ko‘ringan bo‘lsa-da, uning hosildorligiga ta’sir etuvchi omillarning ham mavjudligi ko‘zga tashlandi.
Vazirning eʼtiroziga sabab boʻlgan jihat shuki, agrotexnik tadbirlarga amalga qilinmagani, o‘z vaqtida o‘sishni sozlovchi moddalaening qo‘llanilmagani hamda muddatidan oldin berilgan suv navning notoʻgʻri rivojlanishiga sabab boʻlgan. Oʻz vaqtida bajarilmagan agrotexnik tadbirlar va suvning meʼyoridan ortiq isrof qilishini boʻyicha fermerga tushuntirish ishlari olib borildi. Jumladan, bu holat paxtaning boshqa kasalliklarga moyilligi va hosildorlikning past boʻlishi qayd etildi.
Shuningdek, mazkur fermer xoʻjaligining 5,2 gektar qismida xitoyning “Xin Lu Zao 78” navi ekilgan hudud koʻzdan kechirildi. Bu yerda ham kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Hali koʻsak chiqarmasdan turib, boʻyi oʻsib ketgan, parvarish toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan. Binobarin, dala chetlaridan ham unumli foydalanish, navni xavfdan asrash maqsadida makkajoʻxori va supurgidan himoya devori sifatida foydalanilmagani yuzasidan eʼtiroz bildirildi
Vazir ayni jihatga eʼtibor qaratar ekan ilmiy yondashuv asosida ilgʻor va zamonaviy qishloq xoʻjaligi agrotexnologiyalarini ishlab chiqish, kimyoviy ishlov asosida navni hosilga oʻtkazish, vegetatsiya davrida alohida nazorat olib borish ularning aprobatsiyasini toʻgʻri va oʻz muddatida oʻtkazish borasida oʻz takliflarini berib oʻtdi.
Maqsad paxta yetishtirish holati va hosildorlikni oshirish boʻyicha ilgʻor texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, xorijiy va mahalliy olimlarning integratsiyalashuvi asosida boy tajribasi hamda ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida ish olib borish orqali hosildorlikni karrasiga oshirish bugungi kechiktirib boʻlmas vazifalardan biridir.
Zero, hosildorlikni oshirish orqali oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabni qondirish, uning xavfsizligini taʼminlash, eksport geografiyasini kengaytirish – xalqimizning turmush sharoitini oshirish imkonini beradi.









