Rasmiy munosabat
2024-06-11 21:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
So‘nggi kunlarda mamlakatimizda piyoz narxi tushib ketganligi, xususan, Surxondaryo viloyatida fermer xo‘jaliklari va dehqonlar tomonidan yetishtirilgan piyoz mahsuloti sotilmayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda aylanmoqda.
Mamlakatimizning janubiy mintaqasi bo‘lgan Surxondaryo viloyatining iqlimi boshqa viloyatlarga nisbatan tubdan farq qilganligi sababli ertaki piyoz mahsulotlari nisbatan 15-20 kun oldin pishib yetiladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatda ertaki piyoz 2024-yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarida jami 21,2 ming gektar yer maydonlarida yetishtirilgan bo‘lib, 2023-yilga nisbatan 4,7 ming gektar yoki 128,5 foizga ko‘p ekilgan.
May va iyun oylarida jami 650,5 ming tonna, o‘tgan yilga nisbatan 256 ming tonna ko‘p piyoz hosili olingan.
2024-yil aprel oyining 2 yarmidan boshlab piyoz hosilini yig‘ib olish boshlandi va piyozning o‘rtacha narxi dalada 2200 so‘mni, chakana savdoda 3000 so‘mni tashkil etdi.
Piyoz mahsulotining narxi asosan may oyining 2 yarmidan to hozirgi kunga qadar dehqon dalasida 500 so‘mgacha, chakana savdoda o‘rtacha 1400 so‘mni tashkil etdi. Bunga asosiy ta’sir etgan omil mahsulotning pishiqchilik davriga to‘g‘ri kelganligida bo‘lmoqda.
Yig‘ishtirib olingan piyoz mahsulotlarini sifatli saqlash, qayta ishlash va ichki hamda tashqi bozorlarga yo‘naltirish bo‘yicha viloyatda jami 176 ta 108 ming tonna quvvatdagi saqlash sig‘imlari, yillik ishlab chiqarish quvvati 168 ming tonna bo‘lgan 24 ta meva-sabzavotni qayta ishlash korxonalari (shundan quvvati 33 ming tonna bo‘lgan 6 ta korxonada quritish texnologiyalari mavjud bo‘lib) faoliyat yuritib kelmoqda. Misol uchun Denov tumanida 2024-yil hosili uchun barcha toifa xo‘jaliklarida 55 ming 876 tonnadan ziyod piyoz mahsulotlari olingan. Bu 2023-yil hosiliga nisbatan 10 ming tonna ko‘p.
Ushbu tumanda piyoz mahsulotini saqlash uchun jami 36 ta 16 ming 900 tonna quvvatdagi, shundan 26 ta 9 ming 900 tonna sig‘imga ega zamonaviy muzlatkich va 10 ta 7 ming tonna sig‘imga ega oddiy omborxonalar mavjud.
Piyoz eksporti. Surxondaryo viloyati bo‘yicha joriy yil yanvar-iyun oylari davomida respublikada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan eksportyorlar tomonidan 69,3 tonna yoki 17,8 mln dollarlik piyoz eksporti (2023-yilning shu davriga nisbatan 54 ming 635,5 tonnaga yoki 4.7 barobarga ko‘p) amalga oshirilgan.
Piyoz mahsuloti asosan Rossiya, Ukraina, Latviya, Qozog‘iston, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga bir kilogramm uchun o‘rtacha 0,15-0,3 AQSH dollaridan eksport qilinmoqda.
O‘zbekistondan import qilinayotgan ertaki piyozning birinchi partiyalari 18-19-maydan boshlab Qozog‘istonga 0,16 dollardan yetkazib berildi.
Piyoz narxi Ukraina bozorida ikki hafta oldingi 25-30 grivna/kg (0,64-0,75 doll)ga nisbatan 20-28 grivna/kg (0,50-0,70 doll)gacha arzonlashdi.
O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari hamda Ozarbayjondan piyoz yetkazib berish hajmining ortishi, sifatli piyoz segmentida narxning pasayishiga olib kelmoqda hamda bozorda piyoz haddan ziyod ko‘pligi kuzatilmoqda.
Yangi Qo‘yliq dehqon bozori – “Food city” savdo majmuasida 2024-yil 1-iyun holatiga piyozning o‘rtacha narxi 1400,0 so‘mni tashkil etgan.
Savdoni rivojlantirish. Ichki va tashki bozorlarga mahsulotlarni yetkazib berish va birlamchi qayta ishlash bo‘yicha viloyatning fermer va dehqon xo‘jaliklarida hamda aholi tomorqalarida 2024-yil hosilidan yetishtirilgan piyoz mahsulotini qabul qilish manzilgohlari tashkil etildi.
Ma’lumot uchun. “Agro Sun Energy” MCHJ tomonidan Denov tumani “Otqamar” va “Qumqishloq” MFY, Sho‘rchi tumani Xo‘jamiyarov, Alpomish MFY, Qumqo‘rg‘on tumani “Halaki”, “Boymoqli” MFY hududida. (B.Maxmatqulov, tel. 94-202-77-79), “Bless S.R.” MCHJ tomonidan Muzrabot tumanida “Oriyat” MFY hududida (A.Xamraqulov, tel. 93-331-14-41), “Termiz Agro impeks” MCHJ tomonidan:Termiz tumani “Yangiobod” MFY hududida(A.Xamraqulov, tel. 93-331-14-41).
Hozirgi kunda “BLЕSS S.R” MCHJ hamda "AGRO SUN ENERGY" MCHJ tomonidan 5 ming tonna qiymati 2.7 mln.dollarlik piyoz mahsulotlarini Rossiya davlatiga eksporti amalga oshirildi.
Shuningdek, viloyatda yetishtirilgan piyoz mahsulotlarini katta hajmda "GOLD DRIED FRUITS EXPORT" MCHJ tomonidan fermer va dehqon xo‘jaliklaridan olish bo‘yicha kelishuvga erishildi va tayyorlov ishlari amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatidagi tadbirkorlar tomonidan yetishtirilgan piyoz mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarga yetkazish yuzasidan ijtimoiy tarmoqlar orqali ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Misol uchun Denov tumani Bobur mahallasida yashovchi fuqaro R. Tursunovning 1,5 gektar maydondagi 100 tonna, Navbahor mahallasida yashovchi fuqaro S.Bo‘riyevning 1 gektar maydondagi 75 tonna, R.Ashurovaning 0,15 gektar yer maydonidagi 10 tonna, O.Tovoshorovaning 0,15 gektar yer maydonidagi 8 tonna, S. Xalilovning 2.5 gektar maydondagi 180 tonna piyoz mahsulotlari eksportga va ichki bozorga yo‘naltirilishida amaliy yordam berildi.
Bunda ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar tomonidan dehqonning dalasidan piyozning kalibri va qadoqlanishidan kelib chiqib, 400-600 so‘mdan sotib olmoqda.
Ushbu tadbirkorlarning piyoz mahsulotlari yer maydonlaridan yig‘ishtirib olingandan so‘ng, yeryong‘oq va serhosil makkajo‘xori ekinlari yetishtirilishi belgilandi.