“Virusli pomidor”: Qozog‘istonga jo‘natilgan mahsulot zararlanganmidi?
2024-06-03 18:30:00 / Yangiliklar
Yuz bergan holatga oydinlik kiritish maqsadida O’simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan tezkor surishtiruv o‘tkazildi. Mahsulotni eksport qilgan tadbirkorlik subyekti pomidor O‘zbekistonga qaytarilmaganini ma’lum qildi. Aniqlanishicha, Qozog‘iston Respublikasiga yuk mashinasida 450 kilogramm yangi uzilgan gilos, 14,5 tonnadan ortiq olma va 4,2 tonna pomidor jo‘natilgan. Mahsulotlar Toshkent viloyatining Qibray tumanida yetishtirilgan.
Tartibga asosan meva-sabzavotlarni eksportga yo‘naltirishdan avval ichki fitosanitar sertifikat rasmiylashtirib beriladi. Pomidor eksportida asosiy talablardan biri mahsulotning zararli organizmlardan, jumladan “pomidorning jigarrang bujmayishi virusi”dan (Tomato brown rugose fruit virus – ToBRFV) holi ekanligini hisoblanadi.
Shu sababli har bir partiyadan 5 donadan 1 kilogrammgacha namuna sifatida olinib, laboratoriya sharoitida PZR usulida tekshiriladi. Namunalar toza chiqsagina Markaziy fitosanitariya laboratoriyasining mutaxassislari tomonidan ijobiy xulosa beriladi va ichki sertifikat asosida xalqaro namunadagi fitosanitariya sertifikati rasmiylashtiriladi.
Qozog‘istonga jo‘natilgan pomidordan ham namuna olingan va tegishli tartibga asosan laboratoriyada PZR usulida ekspertiza o‘tkazilgan. Ekspertiza natijalariga ko‘ra, pomidor mahsulotida “jigarrang bujmayish virusi” (Tomato brown rugose fruit virus – ToBRFV) aniqlanmagan.
Shu sababli qozog‘istonlik hamkasblarga laboratoriya ekspertizasini o‘tkazish metodologiyasi, o‘tkazilgan tahlillarning praymerlari, video va fotosuratlari taqdim etilishi yuzasidan so‘rovnoma jo‘natildi.
Shuningdek, tekshiruv davomida yuklangan mahsulot bir dalada yetishtirilmaganligi va turli dehqon xo‘jaliklaridan yig‘ib olingani ma’lum bo‘ldi. Vaziyatni joyida o‘rganish maqsadida ishchi guruh shakllantirib, Toshkent viloyatining Qibray tumaniga jo‘natildi.
Zararlangan ekin maydoni aniqlanib, zaruriy choralar amalga oshirilishi belgilandi. Ma’lumot uchun eslatib o‘tamiz, “pomidorning jigarrang bujmayish virusi” (Tomato brown rugose fruit virus – ToBRFV) inson organizmi uchun xavfsiz bo‘lib, zararlangan pomidorni iste’mol qilganda ham inson organizmiga salbiy ta’sir qilmaydi..