TIBBIY TA'LIM: soha uchun jahon standartlari asosida mutaxassislar tayyorlanmoqda
2024-12-24 16:10:00 / Yangiliklar

Hozir mamlakatimizdagi 12 ta davlat tibbiyot oliy ta'lim muassasasida soha uchun mutaxassislar tayyorlanyapti. Shuningdek, Rossiya, Koreya, Germaniya, Belarus, Turkiya, Ukraina, Hindiston, Italiya, Xitoy, Polsha davlatlarining 25 ta universiteti bilan bakalavriat yo'nalishi, magistratura va klinik ordinatura mutaxassisligi bo'yicha xalqaro qo'shma ta'lim dasturlariga muvofiq 1,5 ming nafardan ziyod talaba tahsil olmoqda.
Shuningdek, tibbiyot oliy o'quv yurtlarimiz talabalari orasida Rossiya, AQSh, Hindiston, Pokiston, Turkmaniston, Qozog'iston kabi 20 dan ziyod davlatlardan kelib bilim olayotgan 5,7 ming nafarga yaqin yoshlar ham bor.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq tibbiyot kollejlari negizida tashkil etilgan 72 ta Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida 7 ta yo'nalish bo'yicha o'rta tibbiyot xodimlari tayyorlanyapti.
O'z navbatida, Chilonzor Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumi negizida hamshiralar akademiyasi tashkil etildi. Mazkur muassasa qoshida Turkiyaning sog'liq bilimlari universiteti fakulteti ham ochildi.
Prezidentimizning 2023 yil 20 iyundagi tegishli qaroriga muvofiq, tibbiyot oliy ta'lim muassasalari talabalarining bilimlarini (asosiy, klinik va amaliy ko'nikmalarini) ikki bosqichli baholash va ularning malakasini tasdiqlashning milliy tizimi shakllantirildi.
Tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish uchun uzluksiz kasbiy ta'lim portali joriy etildi.
Muhimi, ana shu sohadagi yutuqlarimiz xalqaro miqyosda ham tan olinyapti, e'tirof etilmoqda.
Chunonchi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Toshkent davlat stomatologiya instituti va Farg'ona jamoat salomatligi tibbiyot institutining bakalavriat, magistratura, klinik ordinatura mutaxassisliklari xalqaro akkreditasiyadan o'tkazildi va maxsus sertifikatni qo'lga kiritdi.
Binobarin, O'zbekistonning 8 ta tibbiyot oliy o'quv yurti dunyoning top-1000lik reytingiga kirish uchun xalqaro "reporter" maqomiga ega bo'ldi.
O'z navbatida, N.I.Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universitetida mazkur o'quv yurtining Toshkentdagi filiali uchun 30 nafar o'zbekistonlik klinik ordinator tayyorlanayapti.
Respublika ixtisoslashtirigan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlaridan 8 tasi xalqaro akkreditasiyadan o'tkazildi.
2024 yilda 520 nafar mahalliy mutaxassis 37 ta xorijiy davlatning etakchi tibbiyot va ta'lim muassasalarida malaka oshirdi. Bunda malaka oshirish jarayoniga 168 nafar etakchi xorijiy mutaxassislar jalb etildi.
Mamlakatimizda klinik ordinatura mutaxassisliklari bo'yicha kirish imtihonlari bir bosqichli test sinovlari va shaffof tizim asosida o'tkazilishi yo'lga qo'yilgani ham joriy yildagi muhim yangiliklardan biri bo'ldi. O'z navbatida, ko'p tarmoqli tibbiyot muassasalarida ish haqi to'lanadigan internatura tashkil etilishi belgilandi.
Oliy ta'lim muassasalarining 200 nafar bitiruvchisi magistratura va klinik ordinatura dasturlari asosida etakchi xorijiy universitetlarda o'qish imkoniyatiga ega bo'ldi. Shuningdek, O'zbekistonda ilk bor yuqori salohiyatga ega xususiy shifoxonalarga klinik ordinatorlarni tayyorlash uchun ruxsat berildi.
Bularning barchasi tibbiyot sohasini yangi bosqichga ko'tarishga qaratilgan izchil islohotlar samarasidir.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
