Tosheva Marjana Rustam qizi
2024-03-07 10:50:00 / Zulfiya qizlari

1997-yil 20-dekabrda Narpay tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek.
Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti vokal va cholg‘u ijrochiligi pedagoglarini tayyorlash kafedrasi o‘qituvchisi.
San’atning dutor cholg‘u ijrochiligi yo‘nalishida ijod qiladi.
Milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash, rivojlantirish va targ‘ib qilish ishlarida faol qatnashib kelmoqda.
O‘zbekiston Qahramoni Munojot Yo‘lchiyeva hamda O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunovalar uning ijodiga yuqori baho bergan.
2022-yilda Toshkent shahrida “Akademik Yunus Rajabiy merosi va zamonaviylik” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy konferensiyada o‘z ma’ruzasi bilan qatnashib, mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan.
2023-yilda “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” tanlovining Toshkent shahar bosqichida 1-o‘rinni egallab, ushbu tanlovning respublika bosqichida sertifikat bilan taqdirlangan.
2023-yilda Indoneziyaning Surabaya shahrida bo‘lib o‘tgan madaniyatlararo xalqaro xalq ijodiyoti festivalida o‘z dasturi bilan qatnashib, muxlislar va xorijiy mutaxassislar olqishiga sazovor bo‘lgan.
2023-yilda Xitoyning Chenju shahrida o‘tkazilgan Xalqaro nomoddiy madaniy meros festivalida uning dutor cholg‘u ijrosidagi xalq qo‘shiqlari xorijiy mutaxassislar tomonidan yuqori baholangan.
2023-yilda Madaniyat vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Yosh maqom ijrochilari” respublika ko‘rik-tanlovida “Dutor ijrochiligi” yo‘nalishida 1-o‘rinni egallagan.
“O‘zbekistonda sozgarlik san’atining rivojlanishi” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
2019-yilda “Musiqa” nashriyotida “Tafakkur birla...” nomli monografiyasi nashrdan chiqqan.
Respublika va xalqaro nashrlarda 5 ta ilmiy maqolasi chop etilgan.
