Ayol qadri ulugʻlangan yangi Oʻzbekiston taraqqiyot va tenglik sari dadil qadamlar
2025-09-25 06:45:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Yangi Oʻzbekiston – inson qadri ulugʻlangan, u jamiyat taraqqiyotining asosiy mezoni sifatida qabul qilingan yurtdir. Bu gʻoya qonuniy hujjatlarda emas, koʻz oʻngimizda, har bir insonning hayotida oʻz aksini topmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda xotin-qizlarga boʻlgan munosabat, ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan islohotlar – bugungi taraqqiyot strategiyasining bosh maqsadlaridan biriga aylandi.
Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasidagi nutqida yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi. Ushbu maʼruza dunyo hamjamiyatida, shu bilan birga yurtimizda ham ayollarning huquqlari, imkoniyatlari va farovon kelajagiga oid masalalar davlat siyosatida qay darajada ustuvor oʻrin tutayotganini yaqqol koʻrsatdi.
Bu nutq mukammal diplomatik bayonot oʻlaroq, insonparvarlik, adolat va fidoyilik ruhidagi Yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi yuzini va qatʼiy pozitsiyasini aks ettirdi. Davlatimiz rahbarining chiqishlarida nafaqat global muammolar tilga olindi, balki ularni hal etish boʻyicha aniq strategiya, amaliy yechimlar ham taklif etildi.
Bugungi zamonaviy, tez oʻzgaruvchan dunyoda xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirish davlat, jamiyat uchun hayotiy ahamiyat kasb etadi. Boisi ayol faol boʻlsa, jamiyat faol boʻladi. Ayol yetakchi boʻlsa, millat taraqqiy etadi. Ayol baxtli boʻlsa, oila barqaror, mustahkam boʻladi. Shu jihatdan mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yil sayin kengayib, mazmunan boyib bormoqda.
Prezidentimiz nutqida alohida taʼkidlanganidek, “ustuvor maqsadimiz – har bir oilaning, har bir insonning hayotini yaxshilash, inson qadrini yuksaltirish” degan soʻzlar — Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng islohotlarning falsafiy va amaliy poydevori boʻlib xizmat qilmoqda. Bu fikr, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir sohasida oʻz ifodasini topayotgan hayotiy voqelikdir. Aynan shu tamoyil asosida davlatimiz rahbari gender tenglik, xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy faolligini kuchaytirishni milliy taraqqiyot modelida alohida ustuvor yoʻnalish sifatida belgilamoqda.
Shu nuqtayi nazardan, keng mintaqamiz miqyosida Osiyo xotin-qizlar forumini doimiy platformaga aylantirish tashabbusi ham jahonda gender siyosatini yangi bosqichga koʻtarishga qaratilgan ulkan qadamdir. Bu mamlakatimiz, qolaversa, butun mintaqa xotin-qizlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochuvchi, ularning ovozini xalqaro hamjamiyatga yetkazuvchi muhim maydonga aylanishi shubhasizdir. Demak, davlat rahbarining ushbu tashabbuslari orqali Oʻzbekiston tashqi maydonda ham inson qadrini ulugʻlash gʻoyasini ilgari surmoqda.
Soʻnggi yillarda ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirilib, toʻrt mingga yetkazilgani natijasida minglab qizlar uchun ilm eshiklari ochildi. Bu orqali 3 ming 816 nafar qiz oliy taʼlimga qabul qilindi.
Yana bir muhim tashabbus — besh yillik ish stajiga ega, ammo oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar uchun kvotalar soni besh baravarga oishirilib, 2 ming 500 taga yetkazildi. Mazkur imtiyoz orqali 2 ming nafardan ortiq xotin-qizlar oʻz hayotida yangi sahifa ochmoqda.
Soʻnggi besh yil davomida belgilangan imtiyozga muvofiq 13 mingga yaqin xotin-qizlar davlat granti asosida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilindi.
2022-yildan buyon Davlat oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlari davlat byudjetidan qoplab berilishi yoʻlga qoʻyildi. Bu borada 2022-2025-yillar oraligʻida
333,8 mlrd soʻm miqdorida mablagʻ davlat byudjetidan qoplab berildi. Bundan tashqari, 4 ming 523 nafar talaba xotin-qizga 57 milliard soʻmdan ortiq taʼlim krediti ajratilgani — bu raqamlar Oʻzbekistonda xotin-qizlarning taʼlimiga nechogʻli eʼtibor koʻrsatilayotganini anglatadi.
Mazkur imkoniyat va imtiyozlar natijasida oliy taʼlimdagi talabalar orasida xotin-qizlarning ulushi 53 foizga yetdi. 2017-yilda bu koʻrsatkich 39 foiz edi.
Oliy taʼlim muassasalarida talabalar orasida ayollar ulushining 53 foizga yetishi, “Bir million dasturchi” loyihasida qatnashganlar orasida qizlarning 51 foizni tashkil qilishi — xotin-qizlar endilikda nafaqat anʼanaviy sohalarda, balki raqamli texnologiya, innovatsiya va IT sohalarida ham oʻz oʻrniga ega boʻlayotganini anglatadi. Axborot texnologiyalari kabi ilgʻor sohalarda ayollarimiz dunyo miqyosida raqobatdosh kadrlarga aylanmoqda. Bunday qizlarimiz uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining Axborot texnologiyalari yoʻnalishida joriy etilishi — katta ragʻbat va ishonch hamdir.
Siyosiy sohada ham ayollarning oʻrni tobora mustahkamlanib bormoqda. Milliy kadrlar zaxirasida ayollar ulushi 32 foizga yetgan boʻlsa, maslahat kengashlari soni 155 tadan 4 mingtagacha oshirildi. Korxona, muassasa va tashkilotlarda xotin-qizlar masalalari bilan ishlovchi masʼullar soni 5 ming nafardan oshdi. Buning zamirida bitta ezgu maqsad bor — jamiyatda xotin-qizlar manfaatini hamisha ustuvor qilib koʻrish, har bir sohada teng sharoit yaratish.
Joriy yilda xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ularni iqtisodiy hayotga faol jalb etish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi. Respublika boʻyicha 1,9 million nafar ayol daromadli mehnatga jalb etildi. Ulardan 491,2 ming nafari doimiy ish oʻrinlariga joylashtirildi, 262,5 ming nafari esa kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi.
Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 204 ming xotin-qizga 15 trln soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. Shundan 105 ming nafari oilaviy biznesni rivojlantirishga yoʻnaltirildi. Qishloq xoʻjaligi va uy mehnatiga ixtisoslashgan loyihalar orqali minglab xonadonlarda issiqxona, parrandachilik va asalarichilik faoliyatlari yoʻlga qoʻyildi.
Buning barobarida har bir ayolning huquqiy, psixologik va kasbiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash maqsadida tuman va shaharlarda 197 ta “Oila va xotin-qizlar maskanlari” tashkil etildi. Ularda 80 mingdan ortiq xizmatlar koʻrsatildi, 90 mingga yaqin nikohlanuvchi yoshlar oilaviy hayot saboqlariga oʻqitildi. Quvonarlisi, bu ijobiy koʻrsatkichlar oʻsib bormoqda.
Ushbu amaliy ishlar xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi, bilim va salohiyati hamda jamiyatdagi teng ishtirokini taʼminlashga xizmat qilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatimizda barqaror taraqqiyot va ijtimoiy adolatni qaror toptirishda muhim poydevor vazifasini oʻtaydi.
Prezidentimiz xalqaro yuksak minbarda turib soʻzlar ekan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiylarning maʼnaviy merosini qayta jonlantirish tashabbuslari ham alohida ahamiyatga ega ekanini, maʼrifatli jamiyat faqat erkaklar bilan emas, ayollar bilan, onalar bilan barpo etilishi haqidagi ikrlarini budun dunyo hamjamiyati katta hayajon va qiziqish bilan qabul qildi. Chindan ham, ayol maʼrifatli boʻlsa, farzand olimu komil boʻladi. Demak, maʼrifat – ayol qadrini yuksaltirishning eng muhim tayanchidir.
Bugun Yangi Oʻzbekistonning oltin fondi, “Uchinchi rennesans” bunyodkorlari boʻlmish yoshlar tarbiyasi boʻladimi, tinchlik va bagʻrikenglik masalalari boʻladimi — barida xotin-qizlarga, ularning ilmiy-ijodiy salohiyatiga yetakchi kuch sifatida qaralmoqda. Prezidentimizning “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni taʼsis etish va harakatning Qarorgohini Oʻzbekistonda joylashtirish tashabbusi ham bevosita mamlakatimiz ayollarining, onalarning yuragidagi orzu-umidlariga hamohangdir. Chunki tinchlik — avvalo ona qalbidagi mangu istakdir. Bugun biz — ustozlar, murabbiylar va onalar — yoshlar ongida bagʻrikenglik, insonparvarlik va hamjihatlik tuygʻularini mustahkamlashda faol ishtirok etyapmiz. Bunday ezgu maqsadlar uchun yaratilayotgan davlat siyosati — bizga kuch, harakat va ragʻbat bagʻishlaydi.
Yuqorida tilga olganimizdek Yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini taʼminlash, salohiyatini roʻyobga chiqarish davlat siyosatida ustuvor yoʻnalishga aylandi. Ilm-fan, tabirkorlik, siyosat, iqtisod, axborot texnologiyalari kabi sohalarda ayollar faol ishtirok etish imkoniga ega boʻldi. Bugun mamlakatimiz xalqaro maydonda ham ayollar huquq va manfaatlarini himoya qiluvchi, imkoniyatlar eshigini ochuvchi faol pozitsiyani egallab bormoqda. Zotan, ayol qadrini ulugʻlash — barqaror taraqqiyot, maʼrifatli jamiyat va buyuk kelajakning kafolatidir.
Zulayho MAXKAMOVA,
Bosh vazir oʻrinbosari — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi
