Aholishunoslik, gender tengligi, ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha BMT bilan hamkorlik
2025-09-23 11:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugungi globallashuv jarayonida aholining salohiyatini toʻgʻri yoʻnaltirish, gender tengligini taʼminlash va xotin-qizlar huquqlarini kengaytirish nafaqat ijtimoiy barqarorlik, balki davlatning uzoq muddatli taraqqiyoti uchun ham muhim omil sanaladi.
Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida xotin-qizlar hayotning barcha sohalarida — siyosat, iqtisodiyot, ilm-fan, biznes, ijtimoiy hayot va davlat boshqaruvi tizimida oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etishga intilmoqda. Yangi Oʻzbekiston sharoitida ayollar uchun yaratilayotgan teng sharoitlar, qonunchilik asosidagi kafolatlar va amaliyotdagi keng imkoniyatlar orqali ularning faolligi, tashabbuskorligi va jamiyat rivojiga qoʻshayotgan hissasi yil sayin ortib bormoqda. Bu esa, mamlakatning barqaror rivojlanishi, inson kapitaliga asoslangan iqtisodiy oʻsish va inklyuziv jamiyat barpo etishda muhim omil sifatida xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida ilgari surgan muhim tashabbusi — Osiyo xotin-qizlari forumini oʻtkazish taklifi - nafaqat milliy, balki mintaqaviy darajada xotin-qizlar masalalariga boʻlgan yondashuvni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqdi. Bu tashabbus gender tengligini taʼminlash, ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirishda Oʻzbekistonning yetakchi va tashabbuskor davlat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamladi.
Ushbu nufuzli forum 2024-yil 13–14-may kunlari Samarqand shahrida yuqori saviyada tashkil etildi va “Xotin-qizlarning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga mintaqaviy yondashuv” mavzusida oʻtkazildi. Tadbirda Osiyo mintaqasidan 30 dan ziyod mamlakat vakillari, BMT, YEXHT, FAO va boshqa xalqaro tashkilotlar rahbarlari, soha ekspertlari hamda faol ayollar ishtirok etdi.
Forum ishtirokchilari nafaqat tajriba almashdi, balki xotin-qizlarning hayotdagi faol ishtiroki, reproduktiv salomatlik, taʼlim, ishbilarmonlik va ijtimoiy himoya kabi dolzarb masalalar yuzasidan konstruktiv muloqot va yaqin hamkorlik uchun samarali platforma yaratishdi. Eng muhimi, forumda gender tengligini taʼminlash boʻyicha amaliy yoʻnalishlarni aniq belgilab olish imkoniyati paydo boʻldi.
Forum yakunida qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi — mintaqada xotin-qizlar huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladigan muhim xalqaro hujjatdir. Unda davlatlar va xalqaro tashkilotlar oʻrtasidagi hamjihatlik, jamiyatda ayollar nufuzini oshirish, ularni turli sohalarda faol ishtirokchiga aylantirish kabi yoʻnalishlar ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Yanada ahamiyatlisi shundaki, ushbu muhim xalqaro anjumanni har ikki yilda bir marta doimiy ravishda oʻtkazishga kelishib olindi. Bu esa nafaqat BMT bilan strategik hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilganidan, balki Oʻzbekistonning global miqyosda gender tengligi sohasidagi yetakchi davlatlar qatoriga kirib borayotganidan dalolat beradi.
Oʻzbekistonda aholining turmush sifati, ijtimoiy barqarorlik va barcha fuqarolar, xususan xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Bu borada xalqaro hamkorlik, ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) bilan yoʻlga qoʻyilgan uzviy va samarali aloqalar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
UNFPA — gender tengligi, aholishunoslik masalalari va ayollar huquqlarini himoya qilish sohasida xalqaro miqyosda yetakchi tashkilot hisoblanadi. Mazkur jamgʻarma bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi hamkorlik yil sayin chuqurlashib, tizimli yondashuvlar va aniq natijalar bilan boyib bormoqda. Bu hamkorlik nafaqat qonunchilik va institutsional islohotlarda, balki aholining hayotidagi sezilarli oʻzgarishlarda ham oʻz ifodasini topmoqda.
Soʻnggi yillarda aholishunoslik sohasida Oʻzbekistonda mustahkam islohotlar poydevori yaratildi. Hukumat tomonidan aholi farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga qaratilgan qator islohotlar amalga oshirildi. Jahon bankining 2023-yilgi hisobotiga koʻra, mamlakatda kambagʻallik darajasi ikki barobarga qisqargan. 2030-yilgacha esa bu koʻrsatkichni 7 foizgacha pasaytirish maqsad qilingani — bunday islohotlarning strategik yoʻnalishlarga ega ekanini koʻrsatadi.
Shu bilan birga, Yangi Oʻzbekistonda gender siyosatini amalga oshirish, xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini kuchaytirish va ularning jamiyatda munosib oʻrin egallashini taʼminlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi yetakchi va muvofiqlashtiruvchi organ sifatida faoliyat yuritib, UNFPA bilan qator yoʻnalishlarda samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.
Qoʻmitaning UNFPA bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan loyihalari — treninglar, seminarlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar va oʻquv dasturlari — mamlakatda gender tengligi madaniyatini shakllantirish, ayollarning huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Ushbu saʼy-harakatlar 2030-yilgacha moʻljallangan Milliy gender strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Mazkur strategiya asosida bugungi kunga qadar 80 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Xususan, “Xotin-qizlar va erkaklarga teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi, shuningdek, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar milliy qonunchilik bazasini mustahkamlab, huquqiy kafolatlarni aniq belgilab berdi.
Bundan tashqari, BMT institutlari bilan hamkorlik natijasida Oʻzbekiston amaliyotiga zamonaviy mexanizmlar — masalan, gender ekspertizasi va milliy byudjetda gender auditi kabi xalqaro tajriba asosidagi yondashuvlar tatbiq etilmoqda. Bu esa davlat siyosatining barcha bosqichlarida gender masalalarining inobatga olinishini kafolatlaydi.
Shubhasiz, bunday kompleks yondashuvlar faqat rasmiy hujjatlar yoki islohotlar bilan cheklanib qolmayapti — ular hayotga tatbiq etilib, ayollar hayotida sezilarli ijobiy oʻzgarishlar keltirmoqda. UNFPA bilan hamkorlikdagi loyihalar orqali xotin-qizlar oʻz salohiyatini namoyon etayotgan, faol hayot tarziga qadam qoʻyayotgan va jamiyatda teng huquqli fuqaro sifatida oʻz oʻrnini topayotgani - bu yoʻnalishdagi eng muhim natijalardandir.
Chindan ham, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash, turli koʻrinishdagi zoʻravonliklarning oldini olish, sogʻlom turmush tarzini targʻib etish va xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish — bugungi kunda Oʻzbekiston ijtimoiy siyosatining eng muhim ustuvorliklaridan biriga aylandi. Bu yoʻnalishda amalga oshirilayotgan har bir qadam nafaqat jamiyatda tenglik va barqarorlikni taʼminlashga, balki inklyuziv taraqqiyot tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ana shunday keng qamrovli islohotlar milliy qonunchilik va xalqaro huquqiy normalar bilan uygʻun holda olib borilyapti. Ayniqsa, BMT institutlari, xususan, UNFPA bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik doirasida ishlab chiqilgan va joriy etilgan loyihalar Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish strategiyalarini amalga oshirishda muhim vosita boʻlib xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda aholining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida xotin-qizlar salohiyatini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, ularning huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirish davlat oldida turgan ustuvor vazifalardan biri sanaladi. Shu jihatdan, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi UNFPA bilan hamkorlikda gender tengligini taʼminlash va xotin-qizlar hayot sifatiga taʼsir qiluvchi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan samarali dasturlarni amalga oshirmoqda.
Bu dasturlar ayollarning oiladagi, jamiyatdagi va iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokini faollashtirish, ularning huquqiy xabardorligi va moliyaviy mustaqilligini oshirish, reproduktiv salomatlik, zoʻravonlikdan himoya va sogʻlom muhit yaratish kabi yoʻnalishlarni qamrab olgan. Ular nafaqat markaziy shaharlarda, balki mamlakatning chekka va kam taʼminlangan hududlarida ham izchil amalga oshirilyapti.
Masalan, 2024-yilda Surxondaryo viloyatida “Gender zoʻravonlikning oldini olish va ogohlantirish” mavzusida tashkil etilgan treninglar, shuningdek, “Islomda gender tengligi va ayollar huquqlari tamoyillari”ga bagʻishlangan seminar-treninglar ayni shu maqsadlarga xizmat qildi. Ushbu tadbirlar ishtirokchilarga islom taʼlimoti nuqtai nazaridan ayollarning oila va jamiyatdagi oʻrni, reproduktiv salomatlik masalalari va gender zoʻravonlikka qarshi kurash borasida chuqur bilim berishga qaratilgan boʻlib, keng jamoatchilikda gender tengligi madaniyatini shakllantirishga katta hissa qoʻshdi.
Xalqaro hamkorlik, ayniqsa BMT tizimidagi agentliklar bilan olib borilayotgan qoʻshma dasturlar mamlakatning eng chekka hududlarida ham real ijobiy oʻzgarishlar keltirmoqda. Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshirilgan Orolboʻyi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan tiklashga qaratilgan Qoʻshma dastur bunga yaqqol misoldir.
UNFPA, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD), BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamkorligida amalga oshirilgan ushbu dastur doirasida Moʻynoq, Boʻzatov va Qoʻngʻirot tumanlarida istiqomat qiluvchi 365 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol tanlov asosida saralanib, yetakchilik salohiyatini oshirishga qaratilgan maxsus tayyorgarlik kurslaridan oʻtkazildi. Ular “fasilitator” sifatida oʻz mahallalarida 110 nafardan ortiq boshqa ayollar uchun bilim va koʻnikmalarni yetkazuvchi boʻlib yetishdi.
Bu jarayon nafaqat mahalliy lider ayollar qatlamini shakllantirishga, balki ularning iqtisodiy va ijtimoiy faolligini oshirishga zamin yaratdi. Treninglar orqali ishtirokchilar moliyaviy savodxonlik, tadbirkorlik, biznes-reja tuzish, oilaviy byudjetni yuritish, reproduktiv huquqlar, gender tenglik va sogʻlom oila qurish kabi muhim yoʻnalishlarda mukammal bilim va koʻnikmalarga ega boʻldi.
Natijada, ayollarning oʻz-oʻziga ishonchi mustahkamlandi, ular real iqtisodiy faoliyatga jalb etilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Eng faol va istiqbolli ishtirokchilar oʻrtasida biznes-loyihalar tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblarga oʻz ishini boshlash uchun zarur asbob-uskunalar va texnik jihozlar taqdim etildi. Bu nafaqat oilalarning daromad manbalari kengayishiga, balki mahalliy darajada iqtisodiy faollikning oʻsishiga ham turtki boʻldi.
Eng muhimi, bu kabi loyihalar ayollarning jamiyatdagi oʻrnini oshirish, ularni ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarga faol jalb qilish va mahalliy darajada yechim topish qobiliyatini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu tariqa, UNFPA bilan hamkorlikdagi ishlar Oʻzbekistonda inklyuziv, barqaror va inson salohiyatiga tayanadigan jamiyat qurishda faol vosita boʻlib xizmat qilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida, jamiyatda ayollar salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish hamda ularning iqtisodiy mustaqilligini taʼminlash maqsadida eng faol va istiqbolli ishtirokchilar oʻrtasida maxsus biznes-loyihalar tanlovi tashkil etildi. Ushbu tanlovda gʻolib boʻlgan ayollarga oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshlashlari uchun zarur asbob-uskunalar, texnik jihozlar va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash shaklida amaliy yordam koʻrsatildi. Bu, oʻz navbatida, nafaqat ularning oilaviy daromadlarini oshirish, balki ayollarning mahalliy iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etishini taʼminlash, jamiyatda mustaqil va faol shaxs sifatida shakllanishlariga zamin yaratdi.
Eng muhimi, bunday loyihalar orqali ayollar oʻzlarining qobiliyati va imkoniyatlarini toʻlaqonli namoyon etish, kasbiy yetuklikni oshirish hamda hayotdagi oʻrnini mustahkamlash imkoniyatiga ega boʻlmoqdalar. Ushbu tajriba mahalliy darajada Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tizimining faol va samarali faoliyat olib borayotganini, islohotlar joylarda ham amaliyotga joriy etilayotganini yaqqol namoyon etdi.
Shu kabi strategik yondashuvlar nafaqat iqtisodiy barqarorlikni, balki ijtimoiy tenglikni ham taʼminlashga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, 2024-yil noyabr oyida UNFPA, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda bir qator vazirlik va idoralar hamkorligida tashkil etilgan “Oʻzbekistonda demografik dividenddan foydalanish: inson kapitalini rivojlantirish orqali ayollar va yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish” mavzusidagi xalqaro anjuman mazkur masalalarning yanada yuqori bosqichga koʻtarilganini koʻrsatadi.
Ushbu konferensiya davomida mamlakatimizda mavjud demografik ustunlikni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda samarali foydalanish, inson kapitalini rivojlantirish va xotin-qizlar hamda yoshlarning salohiyatini roʻyobga chiqarishga qaratilgan milliy strategiyalar muhokama qilindi. Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Zulayho Maxkamova oʻz chiqishida ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish — Yangi Oʻzbekistonning kelajak taraqqiyotida hal qiluvchi omil ekanini, xotin-qizlar va yoshlar taraqqiyotning nafaqat manfaatdorlari, balki barqaror rivojlanishga muhim hissa qoʻshuvchilar ekanini, ushbu salohiyatdan foydalanish uchun davlatimizda barcha imkoniyatlar ishga solinayotganini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, UNFPAning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszada Oʻzbekistondagi noyob demografik imkoniyatlar barqaror rivojlanishni jadallashtirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Shuningdek, yurtimizda gender tengligi va inson salohiyatini rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan siyosatni barqaror taraqqiyotga olib boruvchi muhim yoʻnalish sifatida baholadi. Uning fikricha, “Oʻzbekistondagi mavjud siyosiy iroda va islohotlar muhiti xalqaro hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi. Ayollar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish, investitsiyalarga ustuvor ahamiyat berish orqali mamlakat demografik oʻzgarishlarni iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning qudratli kuchiga aylantirishi mumkin”.
BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl BMT tomonidan tasdiqlangan Barqaror rivojlanish maqsadlarida koʻzda tutilgan masalalarni hayotga tatbiq etishda Oʻzbekiston izchil ishlarni amalga oshirib kelayotganini alohida eʼtirof etdib, bu maqsadlarda aholi manfaatlari, ayollar va yoshlarning bandligi alohida oʻrin tutadi. Shu yoʻnalishdagi ishlar samarali tashkil etilgani mamlakatning iqtisodiy rivojlanishida muhim oʻrin tutmoqda. Aynan bu yoʻnalishga innovatsion yondashuvlarni joriy etish, demografik dinamikani aniq bilish kelajak uchun juda muhim. Ijtimoiy va bandlik xizmatlari imkoniyatlarni kengaytirish, ishsizlik, norasmiy bandlik muammolarini bartaraf etishda hukumatning roli katta boʻlishi kerak. Bu borada yoshlar va ayollarning bilim va koʻnikmalarini shakllantirish, inklyuziv rivojlanish va ijtimoiy farovonlikka koʻmaklashuvchi siyosatni amalga oshirish maqsadga muvofiq.
Konferensiya demografik barqarorlik va tendensiyalarni hal qilish uchun hukumat vakillari, xususiy sektor rahbarlari, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyatini birlashtirgan yuqori darajadagi muloqotlar uchun muhim platforma boʻlib xizmat qildi. Shuningdek, mazkur anjuman Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonining mantiqiy davomi boʻlib, milliy gender siyosatini xalqaro tajribalar asosida takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Qoʻmita faoliyatidagi bunday keng qamrovli yondashuvlar nafaqat joriy muammolarni hal etish, balki istiqbolda demografik dividenddan samarali foydalanish, inson kapitalini toʻliq safarbar etish va jamiyatda tenglik tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi hamda BMT oʻrtasidagi uzviy hamkorlik mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni xalqaro mezonlar bilan uygʻunlashtirishga xizmat qilmoqda. Bu hamkorlik Oʻzbekiston xotin-qizlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni hayotning turli jabhalarida faol ishtirokchiga aylantirish, hamda demografik imkoniyatlarni keng koʻlamda roʻyobga chiqarishda muhim mexanizm sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.
