MATONAT VA MAHORAT, NAFISLIK VA NAFOSAT BIRLASHGAN MASKAN
2025-08-14 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bu borada muhtaram Prezidentimizning: “Siz, azizlarimning oila davrasida tinch-omon, sogʻ-salomat, farovon va baxtli turmush kechirishingiz, jamiyat hayotida faol ishtirok etishingiz uchun xizmat qilishni men oʻzim uchun nafaqat asosiy vazifa, balki sharafli burch, deb bilaman. Chunki oila tayanchi, jamiyat ustuni boʻlgan onalarimiz, ayollarimiz hayotdan rozi boʻlsa, butun xalqimiz hayotdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, Yaratganimiz ham bizdan rozi boʻladi”, degan eʼtirofi hayotda oʻz tasdigʻini topmoqda.
Oʻzingiz guvohi boʻlib turibsiz, bugun dunyoning turli nuqtalarida kechayotgan ziddiyatlarni koʻrib, tinch-osuda hayotimizga cheksiz shukronalar aytamiz. Shu jihatdan, mamlakatimiz xotin-qizlarini dunyodagi eng baxtiyor insonlar, deb hisoblashga toʻlaqonli haqlimiz.
Bugun xotin-qizlarimiz barcha sohalarda mehnat qilib, yurtimiz taraqqiyoti va farovonligiga oʻz hissalarini qoʻshmoqda. Ular safida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining olti ming nafardan ziyod jonkuyar opa-singillarimiz borligi hamda ishlab chiqarish jarayonlarida faol ishtiroki bizni mamnun etadi.
Ular orasida davlatimiz yuksak orden va medallariga sazovor boʻlganlar, rahbar ayollar, shuningdek, olima va deputatlar borligi tahsinga loyiqdir. Zero, yurt taraqqiyotiga xizmat qilish, ayniqsa, kon-metallurgiya sohasida mehnat qilishning oʻzi katta jasorat, chinakam fidoyilik va matonat talab etadi.
Keyingi yillarda kombinatda yirik investitsion loyihalar amalga oshirilayotganligidan yaxshi xabardormiz. Yangi ishlab chiqarish korxonalaring ishga tushirilishi kombinat jamoasi uchun yangidan-yangi imkoniyatlar yaratilayotgani quvonarli hol. Buning natijasida ishlab chiqarish, iqtisodiy salohiyat yanada yuksalib, nafaqat mamlakatimizda, balki jahonda oʻz oʻrniga ega zamonaviy kompaniyaga aylandi. Bunda, hech shubhasiz, goʻzal va moʻtabar, zahmatkash kombinat xotin-qizlarining ham beqiyos hissasi bor.
Dunyoda turli xil kasblar bor, har biri oʻziga xos. Ular orasida konchilik va metallurgiya sohasi eng mashaqqatli, biroq eng sharafli kasblardan biri ekani sir emas. Bu soha nafaqat chuqur bilim, balki katta masʼuliyat va ogʻir mehnatni talab qiladi.
Qizilqum sahrosining ogʻir iqlim sharoitlariga qaramay, kombinatda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarimiz oʻz mehnati, jasorati va fidoiyligi bilan yuksak ishonch va faxrga sazovor boʻlmoqda. Ular murakkab ishlab chiqarish jarayonlarida, zamonaviy uskunalar, ulkan kranlar va texnikalarni boshqarib, haqiqiy matonat va kasbiy muvaffaqiyat namunasini koʻrsatmoqda.
Shuni mamnuniyat bilan taʼkidlash joizki, Navoiy kon-metallurgiya kombinati nafaqat ishlab chiqarishda ilgʻor, balki ijtimoiy hayot, maʼnaviy-maʼrifiy soha, respublika tanlovlarida faol va yetakchi ekanliklarini ham namoyish etib kelmoqda. Keyingi yillarda “Gender tenglik faoli” milliy tanlovida “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol vazirlik/davlat muassasasi, tashkilot va idoralar” nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritgani fikrimizning yorqin misolidir.
Kombinatda “NKMK – Oltin ayoli” koʻrik-tanlovi tashkil etilgani, kombinat xotin-qizlari orasida ijodkor va isteʼdodlar koʻpligidan, jamoada oʻzaro hurmat va ahillik kuchli ekanidan darak beradi. Bir soʻz bilan aytganda, kombinat ayollari nafaqat ishda, balki ijtimoiy hayotda ham faol va tashabbuskor.
Bugun kombinat rahbariyati xayrli ishga – kombinat xotin-qizlari haqida kitob yaratishga qoʻl uribdi. Uning rang-barang boblari, maqolalari bilan tanishib, tez orada bu kitob hayoti va faoliyati yoritilgan xotin-qizlarimiz, ularning oilasi uchun ajoyib sovgʻa, kelgusi avlod vakillari uchun esa tarixiy asar boʻlib qolishiga amin boʻldim. Hamda ushbu kitobga oʻz dil izhorlarimni yozib berish taklifi bildirilganidan cheksiz mamnun holda mazkur loyiha tashabbuskorlariga samimiy tashakkurimni bildiraman.
Bir soʻz bilan aytganda, yurtimiz ayollari qayerda, qaysi vazifada ishlamasin, ular hamisha hurmat-eʼtibor va eʼzozga munosibdir. Zotan, ona – bu moʻtabar zot, millat tarbiyachisi hamdir. Ayol esa mehr-muhabbat, goʻzallik timsoli! Shu bois, muhtarama ayollarimiz, mehribon opa-singillarimizni hamisha qadrlaymiz. Navoiy kon-metallurgiya kombinatining turli millatdan iborat dilbar xotin-qizlari ham bunday eʼtirofga munosibdirlar.
Kombinat jamoasiga hamda xotin-qizlariga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlariga farovonlik, zahmatli ishlariga zafarlar tilayman.
Zulayho MAXKAMOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari —
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi
