Bosh vazir oʻrinbosari-Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Maxkamova Zulayho Bahriddinovnaning “Oqila ayollar” harakati tashkil etilganining 3 yilligi munosabatibilan oʻtkaziladigan tadbirdagi N U T Q I
2025-08-12 10:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Ayni damda yurtimizda bayram shukuhi keng quloch yozmoqda. Shu munosabat bilan barchangizni Mustaqilligimizning 34 yilligi bilan hamda “Oqila ayollar” harakati tashkil etilganining 3 yilligi bilan samimiy muborakbod etaman.
Davlatimiz Rahbarining maʼrifiy tashabbusi bilan yurtimizda "Oqila ayollar" harakati tashkil etilganiga 3 yil toʻldi.
Shu munosabat bilan Harakatning eng fidoyi, jonkuyar aʼzosi boʻlgan siz azizlarimizni tabriklayman!
Yaxshi bilamizki, “Oqila ayollar” harakatini tuzish gʻoyasida muhtaram Prezidentimizning “Maʼrifatli jamiyatni maʼrifatli onalarsiz qurib boʻlmaydi!” degan gʻoyani ilgari suruvchi, “jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish, barcha islohotlarni oila, onalar maʼnaviyati bilan uzviy amalga oshiramiz!” degan gʻoyalari mujassam.
Bugungi kunda Harakatga saylangan aʼzolar soni - 200 ming nafarga yaqin boʻlib, bu qisqa vaqt ichida Sizlar oʻzingizning boy hayotiy tajribalaringiz asosida yurtimizda minglab yoshlarimizni oilaviy hayotga tayyorlash orqali mustahkam oilalar barpo etilishida, oilalarda milliy va umuminsoniy qadriyatlar tiklanishigaqadriyatlariga sodiq avlod boʻlib kamol topishida katta hissa qoʻshib kelmoqdasiz.
Harakat aʼzolari tomonidan 115 550 marotaba yoshlar oʻrtasida oilaviy-xuquqiy munosabatlar, oilaviy hayot psixologiyasi, reproduktiv salomatlik asoslari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida boʻlish masalalarini hamda “Oila - muqaddas” tushunchasini keng targʻib qilish maqsadida tadbirlar tashkil etildi.
“Oqila ayollar” harakatining ayollarning muammolarini aniqlash va hal etishdagi roli faqat soʻzda emas, balki amaliy mexanizmlar, taʼsirchan usullar va koʻp tomonlama hamkorlik orqali namoyon boʻlmoqda. Raqamlar bilan tasdiqlangan natijalar shuni koʻrsatadiki, bu harakatning joylardagi ayollar hayotiga taʼsiri ortib bormoqda, ijtimoiy barqarorlik, oilalar mustahkamligi va xotin-qizlar farovonligida muhim poydevor boʻlib xizmat qilmoqda.
“Oqila ayollar”ga 1+5 tamoyili asosida 38 894 nafar ijtimoiy-himoyaga muhtoj, hayotda turli qiyinchiliklarga duch kelayotgan xotin-qizlar biriktirildi. Olib borilgan targʻibot ishlari natijasida
16 223 nafar xotin-qizning hayotga boʻlgan munosabati ijobiy tomonga oʻzgardi.
Harakat aʼzolari tomonidan 854 420 ta xonadon oʻrganildi, qizlar tarbiyasi, oila, onalar maʼnaviyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik, mutolaa madaniyatini targʻib etish, oʻzaro mehr-oqibat va hamjihatlikni shakllantirish, oilaviy ajrimlar, oilaning tarbiyaviy-taʼlim salohiyatini mustahkamlashga oid 58 900 ta muammo aniqlandi hamda oilalarning manzilli roʻyxatlari shakllantirildi.
Shundan, 21 880 ta ajrim yoqasidagi oilalar yarashtirildi. 17 018 ta oilaning notinch, tazyiq va zoʻravonlik bilan bogʻliq muammolari bartaraf etildi. 25 493 ta oilaning ijtimoiy-maʼnaviy muhiti sogʻlomlashtirildi.
Albatta, Sizlarning bu tashabbuskorligingiz va salohiyatingiz eʼtirofga loyiq!
Qadrli forum ishtirokchilari!
Bugungi forumda muhokama qiladigan masalalarimiz talaygina. Masalan:
Oila qadriyatini mustahkamlash, turli salbiy holatlarning oldini olish, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar maʼrifatini yuksaltirish, maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirishda “Oqila ayollar” harakatining taʼsirini kuchaytirish;
“Oqila ayollar” harakatining istiqboldagi rejalari va ustuvor vazifalarini belgilash;
Maʼlumki, maʼnaviy-maʼrifiy, targʻibot-tashviqot ishlari avvalo mahallalarga, oilalarga taʼsir oʻtkazishi, aholimiz ongu shuurida, shuningdek, xotin-qizlarimiz hayotida natija berishi muhim hisoblanadi.
Bilasizki, oila muhiti, oʻzaro munosabatlar, ayollar maʼnaviyati bilan bogʻliq oilaviy ajrimlar, erta nikoh, erta tugʻruq, jinoyatchilik, zoʻravonlik qurboni boʻlish kabi holatlarning koʻrsatkichlarini pasaytirish borasida muammolar yechimiga qaratilgan samarali mexnazimlarni ishga solishimiz lozim.
Bu borada:
Yoshlarni oilaga tayyorlashda kamchiliklarimiz borligi, oilalardagi oʻzaro munosabatlar bilan bogʻliq choralarimizning yetarli emasligi;
Oilaviy ajrimlarning soni ortayotgani va ajrim hollarida asosan ayollar va bolalar jabr koʻrayotgani;
Tazyiq va zoʻravonlikka uchrayotgan xotin-qizlarimizning biz kabi masʼul tashkilotlarga emas, ijtimoiy tarmoqlarga koʻproq suyanayotgani;
Erta turmush, erta tugʻruq, qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh kabi illatlarni bartaraf etishga qaratilgan choralarimiz yetarli samara bermayotgani kabi masalalar mavjud.
Ayniqsa, oilalardagi oʻzaro munosabatlarni moʻtadillashtirishga oid choralarimizda yangicha yondashuvlar talab etilmoqda.
Shuningdek, dabdabali toʻy qilayotgan, voyaga yetmagan qizlarini unashtirayotgan, qarindoshi bilan quda boʻlishni istab farzandlarining hayotini buzayotgan ota-onalar fuqarolik jamiyatining eng mukammal namunasi boʻlgan davlatchilik qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan - Mahalla tizimi va jamoatchilik bilan hisoblashmasligi, oʻzlari bilgancha ish tutishlari ham afsuski, bor gap.
Demak biz ishlash shakllarimizni, uslublarimizni oʻzgartirishimiz, zamonaviy yondoshuvlarni qoʻllashimiz lozim.
Prezidentimiz yaratib bergan "Oqila ayollar" harakatidan kutilayotgan eng katta natija ham -- oilalarni mustahkamlash, oilada maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish orqali jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish edi.
Davlatimiz rahbarining “Oqila ayollar” harakatini tuzish gʻoyasidagi “jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish, barcha islohotlarni oila, onalar maʼnaviyati bilan uzviy amalga oshiramiz!” degan soʻzlarini hamkorlikdagi faoliyatimizda shiorimizga va oilalar tinchligini saqlashni oʻzimizning vijdoniy vazifamizga aylantirishimiz zarur!
Shu oʻrinda siz – Harakat vakilalariga quyidagi mulohazalarni amaliyotga tadbiq etishni taklif etaman va ushbu tavsiyalarni Forum rezolyutsiyasi sifatida qabul qilaman.
Jumladan:
- Mahallalarda Uchtepa tumanida pilot-loyiha sifatida tashkil etilayotgan “Oila maktablari”ni samarali yoʻlga qoʻyishda Harakat aʼzolarining ishtirokini kuchaytirish bilan yaqindan hamkorlik oʻrnatish;
- Tuman-shaharlardagi “Oila va xotin-qizlar maskanlari” faoliyatida faol ishtirok etishni yanada kuchaytirish;
- oilaviy nizolarni bartaraf etishning zamonaviy uslublarini amaliyotga joriy etish;
- hurmatli Prezidentimizning oilalarni asrash borasidagi islohotlarini ilgari surish;
- ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar muhitini sogʻlomlashtirish va oilaviy ajrimlardan farzandlar jabr chekishini oldini olish;
- Respublika mahallalarida “Oila maktablari”ni jamoatchilik asosida tashkil etish va oilalar mustahkamligi hamda masʼuliyatli ota-onalik mezonlarini mustahkamlash;
- Harakat faoliyati davomida aniqlangan muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslar bilan chiqish, davlat organlari va tashkilotlarida, xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga takliflar kiritish;
- Respublikada maʼnaviy-ijtimoiy muhitni sogʻlomlashtirish, aholi oʻrtasida tibbiy savodxonlikni oshirish, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrash yoʻlida “Oqila ayollar” harakati aʼzolari hamda faol ayollarning maʼrifiy-ilmiy, ijodiy kuch va resurslarini safarbar qilishga chaqirish;
- “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan va chop etilgan bukletlar, tarqatma materiallardan unumli foydalanish va “Masʼuliyatli ota-onalik” loyihasi ijrosiga hissa qoʻshish, Harakat aʼzolarining mazkur loyihadan xabardorligini kuchaytirish;
- Markaziy va hududiy teleradiokanallar orqali Harakat faoliyatini targʻib etishga qaratilgan koʻrsatuvlar, eshittirishlar tayyorlash, bosma OAVlarda chiqishlar qilish.
Ushbu tavsiyalar biz Harakat faoliyatini muhtaram Prezidentimiz qoʻyib bergan darajaga, yuksaklikka yetkazishimizga xizmat qiladi, deb umid qilamiz.
Umid qilamizki, forum tavsiyalari, qabul qilinadigan rejalar, “Oqila ayollar” harakati faoliyatini yangi bosqichga olib chiqib, jamiyatga taʼsirini kuchaytirishga xizmat qiladi!
Hurmatli respublikamiz “Oila ayollar” harakatiningg eng faol va tashabbuskor aʼzolari!
Kelgusida oldimizda birgalikda qiladigan ishlarimiz juda koʻp, rejalarimiz ulkan! Ularni toʻlaqonli hayotga tadbiq etilishida, tajribalaringiz, bilim-koʻnikmalaringiz bilan faol ishtirok etishingizga ishonch bildiramiz!
Oʻzbekistonimizda maʼrifiy hayotimizga kirib kelgan ulkan jamoatchilik kuchi – "Oqila ayollar" harakati tashkil etilganiga 3 yil toʻlishi barchamizga muborak boʻlsin!
