“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi
2025-08-05 17:00:00 / Yangiliklar

O‘quv-seminarda vazirlik va idoralar, tashkilotlarda gender tengligini ta’minlash sohasida faoliyat yuritayotgan Maslahat kengashlari mas’ullari, mutasaddi tashkilotlar va OAV vakillaridan iborat 200 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Tadbirni Bosh vaziri o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Maxkamova ochib berdi. Shuningdek, Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya ham o‘z chiqishida gender tengligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro tajriba va qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumot berdi. Tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratovaning “Gender indekslari va ayollarga nisbatan kamsitishning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi CEDAW Konvensiyasi ijrosida O‘zbekiston tajribasi” mavzusidagi ma’ruzasi, shuningdek, bir qator ekspertlarning chiqishlari tinglandi.
Gender tengligi nafaqat inson huquqlarining ajralmas qismi o‘laroq demokratik taraqqiyot, ijtimoiy adolat va iqtisodiy barqarorlikning muhim ko‘rsatkichi hamdir. O‘zbekiston bu borada xalqaro hujjatlar — xususan, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan tamoyillarga asoslanib, so‘nggi yillarda tub islohotlar yo‘lini tanlagan mamlakat sifatida ham xalqaro maydonda e’tirof etilmoqda.
Gender tengligi nafaqat inson huquqlarining ajralmas qismi o‘laroq demokratik taraqqiyot, ijtimoiy adolat va iqtisodiy barqarorlikning muhim ko‘rsatkichi hamdir. O‘zbekiston bu borada xalqaro hujjatlar — xususan, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan tamoyillarga asoslanib, so‘nggi yillarda tub islohotlar yo‘lini tanlagan mamlakat sifatida ham xalqaro maydonda e’tirof etilmoqda.
Jumladan, yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi qat’iy mustahkamlandi. “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ham gender masalalari bo‘yicha ko‘plab tashabbuslar ilgari surilmoqda. Milliy qonunchilik bazasi mustahkamlanib, sohaga oid 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. 2019-yildagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolati to‘g‘risida”gi Qonun, 2023-yildagi Mehnat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar ayollar mehnat huquqlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlarda, xususan, xususiy sektorda ham gender tengligini ta’minlashga xizmat qiluvchi Maslahat kengashlari, xotin-qizlar bilan ishlovchi tuzilmalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ayollarni iqtisodiy faollikka jalb etish, ayniqsa, qishloq joylarda kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha samarali dasturlar yo‘lga qo‘yildi. “Ayollar daftari” loyihasi orqali ehtiyojmand va ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar bilan manzilli ish olib borilmoqda.
Ta’lim tizimida ham gender tengligi tamoyillari bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Qiz bolalarning barcha bosqichlardagi ta’lim muassasalariga teng kirishini ta’minlash, ularning STEM sohalariga jalb etilishini rag‘batlantirish, hamda jamiyatda teng imkoniyatlar madaniyatini shakllantirishga xizmat qiluvchi o‘quvlar tashkil etilmoqda.
Xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy hayotdagi faolligi ham ortib bormoqda. Siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar uchun kvota 40 foizgacha oshirilgan, parlament va mahalliy kengashlarda ayollar ulushi ortib borayotganini so‘nggi statistic raqaml;ar ham tasdiqlaydi. Bugungi kunda 2 mingdan ortiq ayol rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda, ulardan 240 nafari ijro hokimiyatida xizmat qilmoqda.
Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan yaqin istiqboldagi muhim vazifalar ham belgilab olindi. Jumladan, qonunchilikda belgilangan gender tengligi kafolatlarini to‘laqonli amalga oshirish, idoralararo hamkorlik va tajriba almashinuvini kuchaytirish, ayollarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlash, zo‘ravonlikka qarshi kompleks chora-tadbirlarni rivojlantirish, davlat xizmatida genderga sezgir yondashuvlarni keng joriy etish muhim ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, gender strategiyalarini amalga oshirishda nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, ilmiy muassasalar va xususiy sektor bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
Ushbu o‘quv-seminar O‘zbekistonning gender siyosati global tamoyillar bilan uyg‘unlashayotganini ko‘rsatdi. Xotin-qizlarning teng huquq va imkoniyatlarga ega bo‘lishi esa mamlakatni ichki va tashqi barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shadi.







