“Joylarda oila va ayollar manfaati bilan bog‘liq muammolarni aniqlash hamda unga tezkor oqilona yechim topish - ustuvor vazifamiz”
2025-07-21 12:25:00 / Yangiliklar

Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Z.Maxkamova tomonidan o‘tgan haftada amalga oshirilgan ishlar hamda joriy haftada rejalashtirilgan ishlar tahlil qilindi. Taʼkidlanganidek, o‘tgan haftada Qo‘mita tizimida qator muhim tadbirlar tashkil etildi, sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan muhokama yig‘ilishlari o‘tkazildi.
Shu bilan birga hafta davomida xotin-qizlar hayotini yana-da yaxshilashga oid muhim qarorlar, hujjatlar qabul qilindi.
Jumladan, “Davlat oliy taʼlim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Prezident farmoyishi (PF–43-son, 18.07.2025 y.) qabul qilindi.
Farmoyish bilan 2025/2026 o‘quv yili va kelgusi 3 o‘quv yili uchun davlat oliy taʼlim tashkilotlariga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish davlat buyurtmasi parametrlari tasdiqlandi.
Shu bilan birga mazkur Farmoyish bilan oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun xotin-qizlarga davlat granti asosida ajratiladigan kvotaning 4000 taga oshirilgani mamlakatimizda xotin-qizlar taʼlimiga berilayotgan eʼtibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.
Farmoyish talablaridan kelib chiqib, masʼullarning vazifalari uqtirildi.
2025 yil 14 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini bag‘olash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 440-son qarori qabul qilindi.
Qaror bilan Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini bag‘olash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlandi. Unda:
bolalarga nisbatan zo‘ravonlik hollarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, ular haqida xabardor qilish tartibi;
bolalarni himoya qilish rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish tartibi;
bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llaniladigan taʼsir choralari nazarda tutilgan.
Maʼlumki, 2024 yil 14 noyabrdagi “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni (O‘RQ-996-son)ning
15-moddasida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatlari belgilangan.
Amaldagi qonun va qabul qilingan Hukumat qarori talablaridan kelib chiqqan holda masʼullar oldidagi vazifalar uqtirildi.
Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbarilar to‘g‘risida” 2020 yil
4-yanvardagi 3-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2025 yil 15 iyulda 441-son qarori tasdiqlandi.
Qaror bilan Hukumatning “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020 yil 4 yanvardagi 3-son qaroriga quyidagilarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Jumladan:
tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsning zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturini “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan kelishish tartibi;
tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar tomonidan kelgusida shu turdagi huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish bo‘yicha ularni tuzatish dasturidan o‘tkazish;
tuzatish dasturidan o‘tkazishda tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari – Oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari vakolatlarini kengaytirish;
tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarni tuzatish dasturidan o‘tkazish jarayoniga psixologlarni jalb qilish va ularning vazifalarini belgilash;
xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarning himoya orderini berish bo‘yicha vakolatini belgilash.
Qaror bilan tuzatish dasturidan o‘tkazishda tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari – Oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari vakolatlari kengaydi.
Ushbu borada ham masʼullarning vazifasi uqtirildi.
Zero, Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan taʼkidlanganidek, “Joylarda oila va ayollar manfaati bilan bog‘liq muammolarni aniqlash hamda unga tezkor oqilona yechim topish - ustuvor vazifamiz”.
Yig‘ilishda Komplayens nazorati bo‘yicha bosh mutaxassis Do‘stmuhammad Tillayevning Qo‘mita tizimida Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etish borasida amalga oshiriladigan ishlar taqdimoti eshitiladi.









