Diqqat! Eʼlon!
2025-05-27 19:30:00 / Yangiliklar

Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarni oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish uchun tavsiyanomalar berish jarayoni boshlanmoqda.
Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni oʻqishga qabul qilishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2020-yil 23-iyundagi 402-son qaroriga muvofiq, joriy yilning 30-maydan 8-iyunga qadar Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarni oliy taʼlim muassasalariga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilish uchun beriladigan tavsiyanomalarga arizalar qabul qilinadi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining axborot tizimi (https://tavsiyanoma.ijro.uz ) orqali 30-maydan 8-iyunga qadar onlayn ariza qoldirishlari lozim boʻladi.
Tavsiyanoma 6 ta mezon asosida beriladi:
- kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar. Bunda kam taʼminlangan oila deganda, oilaning har bir aʼzosiga jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 0,527 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻgʻri keladigan bir oylik oʻrtacha jami daromadga ega boʻlgan oila tushuniladi;
- toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- turmush oʻrtogʻi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- nogironligi boʻlgan farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
- ikki va undan ortiq farzandlarini tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida (ijarada) yashayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning qiz farzandlari;
- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham birinchi yoki ikkinchi guruh nogironi boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma ajratilgan qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarning abituriyent sifatida roʻyxatdan oʻtishida tanlagan birinchi taʼlim yoʻnalishi boʻyicha tanlovda ishtirok etish huquqini beradi, ikkinchi va undan keyingi oliy taʼlim olish uchun tanlovda ishtirok etishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Kirish imtihonlarida toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ball toʻplagan tavsiyanoma egalari ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya etilgan holda, qoʻshimcha toʻrt foizli davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
Eslatib oʻtamiz – ushbu tavsiyanoma ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga bir yil muddatga beriladi.
Oliy maʼlumot olish istagida boʻlgan xotin- qizlarni Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi orqali beriladigan imkoniyatdan foydalanib qolishga chaqiramiz!
