Oʻzbekiston ixtirochi ayollari Koreyada oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazmada ishtirok etib, oltin medallarni qoʻlga kiritdi.
2025-05-27 15:30:00 / Yangiliklar

Ushbu koʻrgazma ixtirochi ayollarning fan va texnologiya sohasida erishayotgan yutuqlari, tajribalari va yaratgan yangi texnologiyalarini oʻrganish hamda ragʻbatlantirish maqsadida oʻtkazilib kelinmoqda.
KIWIE- 2025 koʻrgazmasida 30 dan ziyod mamlakatlarning 350 dan ortiq olima, ixtirochi va tadbirkor xotin-qizlari texnika, texnologiya, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, yengil sanoat, kimyo va sanoatning turli yoʻnalishlari boʻyicha oʻz ixtirolari hamda innovatsion ishlanmalari bilan ishtirok etishdi.
Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tavsiyasiga asosan mamlakatimiz olima ayollari oʻz ixtirolari bilan joriy yilning 22-26-may kunlari Koreyada oʻtkazilgan xalqaro koʻrgazma, tanlov, forum va seminarlarda faol ishtirok etishdi.
KIWIE- 2025 da ishtirok etgan Oʻzbekiston olima ayollari delegatsiyasi aʼzolari ilm-fanda erishgan natijalari bilan innovatsion mahsulotlarini namoyish qilishdi va ularning ishtiroki koʻrgazmada qatnashayotgan turli davlat vakillarida katta qiziqish uygʻotdi. Shuningdek. xalqaro ekspertlar tomonidan ham alohida eʼtirof etildi.
KIWIE-2025 xalqaro koʻrgazmasi doirasida tashkil qilingan tanlovda ishtirok etgan Oʻzbekiston olima ayollari qishloq xoʻjaligi, texnika, texnologiya, tibbiyot, oziq-ovqat, kimyo yoʻnalishlari boʻyicha
5 ta bronza medalni qoʻlga kiritishdi.
Shuningdek, “KIWIE – 2025”da ishtirok etgan xalqaro tashkilotlarning rahbarlari va ekspertlar tomonidan mamlakatimiz olimalarining kuyidagi 5 ta ixtirolari oltin medal va maxsus sovrinlar bilan taqdirlanishdi:
Tailand innovatsiyalar va ixtirolarni ilgari surish assotsiatsiyasi tomonidan Toshkent davlat texnika universiteti professori Paraxat Matyakubova va Namangan texnika universiteti professori Maxpuza Yusupova oltin medal. Toshkent davlat agrar universiteti professori Raʼno Yo’ldasheva maxsus sovrin bilan taqdirlandi.
Jumladan, Xitoy Ixtirochilar assotsiatsiyasi tomonidan Jizzax pedagogika universiteti professori Zuhra Yaxshiyeva oltin medal va Koreya sanoat texnologiyalari assosiatsiyasi tomonidan Toshkent davlat agrar universiteti professori Goʻzal Xolmurodova maxsus sovrin bilan taqdirlandi.
Oʻzbekistondan borgan olima ayollardan iborat delegatsiya Koreyalik tadbirkorlar bilan yaqindan muloqotda boʻlishdi. Koreya Ixtirochi ayollar assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkazilgan seminar va davra suhbatlarida ishtirok etishdi.
Shuningdek, 26-may kuni Oʻzbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov bilan Oʻzbekiston olima ayollari uchrashuvi elchixonada oʻtkazildi.




