5 yil ish stajiga ega xotin-qizlarga tavsiyanoma qachondan boshlanadi?
2025-04-23 15:25:00 / Yangiliklar
Qonunchilikka koʻra, mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat OTMga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Bunda oʻqishga qabul qilish Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tavsiyanomasi asosida amalga oshiriladi.
Tavsiyanoma olish uchun talabgor quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
- oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi;
- tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi;
- oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha 5 yillik mehnat stajiga ega boʻlishi.
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida faqat bir marta OTMga qabul qilinishi uchun amal qiladi. Eslatib oʻtamiz: 2022-yilda berilgan tavsiyanomalar muddati tugadi.
- Tavsiyanoma olish uchun talabgor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha yashash joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimlariga 1-iyungacha elektron shaklda murojaat qiladi.
Bunda staj boʻyicha my.mehnat.uz YMMT da hamda oʻrta maxsus diplomini diplom.edo.uz sayti orqali tekshirtirib olishi kerak.
- Ariza va hujjatlar 7-iyungacha koʻrib chiqiladi va ishchi guruh xulosasi 10-iyungacha Qoʻmitaga taqdim qilinadi.
- Hujjatlar Qoʻmita tomonidan 14-iyungacha koʻrib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki uni rad etish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
- Ishchi guruh har yili 15-iyungacha tavsiyanoma talabgorlarga yetkazilishini taʼminlaydi.
- Tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun tanlovlar umumiy tartibda davlat OTMning bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish boʻyicha kirish imtihonlari (test sinovi, kasbiy (ijodiy) imtihon) doirasida oʻtkaziladi.
- Kirish imtihonlari yakuniga koʻra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam boʻlmagan ballni toʻplagan xotin-qizlar ballar ketma-ketligida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya etiladi.
