“Qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
2025-04-10 16:45:00 / Yangiliklar

Konferensiyani Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda oilalar farovonligini yuksaltirish, xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalariga batafsil to‘xtaldi.
Jahon banki guruhining operatsiyalar bo‘yicha boshqaruvchi direktori Anna Byerde o‘z maʼruzasida Yaponiya va Jahon banki ko‘magida amalga oshirilgan qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha loyiha doirasida erishilgan natijalarga to‘xtaldi.
Loyiha 2021 yilda Yaponiya hukumati va Jahon banki ko‘magida ishga tushirilgan. Xususan, Yaponiya ijtimoiy taraqqiyot jamg‘armasi loyihani amalga oshirish uchun 2,7 million AQSH dollaridan ortiq grant mablag‘larini ajratgan.
Ajratilgan mablag‘lar yordamida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Farg‘ona va Jizzax viloyatlarining 56 ta qishlog‘ida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash va ularning iqtisodiy faolligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi.
Loyihaning maqsadli auditoriyasi kam taʼminlangan oilalardan bo‘lgan ayollar, farzandlarini yolg‘iz tarbiyalayotgan, nogironligi bo‘lgan ayollar, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarning onalaridan tashkil topgan. Loyiha doirasida 1000 nafardan ziyod xotin-qizlar tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha treninglarda qatnashdi. Ular 160 kichik guruhlarga birlashgan holda (milliy valyutada o‘rtacha 6000 dan 12000 AQSH dollargacha) grant mablag‘lari hamda biznesni boshlash va rivojlantirish bo‘yicha zarur ko‘nikmalar oldilar.
Loyiha ko‘magidagi tadbirkorlik faoliyatlari tikuvchilik, asalarichilik, chorvachilik va parrandachilik, non mahsulotlari, shakar, sovun, paypoq, qadoqlangan ichimlik suvini ishlab chiqarish hamda umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish, maktabgacha taʼlim muassasalarini tashkil qilish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Jahon banki mutaxassislari xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish va o‘zaro yordam guruhlarini tashkil etish borasidagi xalqaro tajriba bilan tanishtirdilar.
Shuningdek, mazkur loyiha tufayli o‘z ishini boshlagan ayollar erishgan muvaffaqiyatlari bilan o‘rtoqlashishdi. Ular tomonidan joriy etilgan tadbirkorlik faoliyati qishloq joylarda yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalliy aholi uchun zarur tovar va xizmatlarni taqdim etish, shuningdek, oilalarning iqtisodiy farovonligini yaxshilashga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.
Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan davlat siyosatining istiqboldagi chora-tadbirlari yuzasidan fikr almashdilar. Jumladan, muayyan tadbirkorlik yo‘nalishlarini boshlash uchun kredit resurslariga hamda zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Konferensiyada Oliy Majlis Senati aʼzolari, turli vazirlik va idoralarning rahbar va masʼul xodimlari, o‘nlab ayol tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamda ishbilarmonlik uyushmalari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi Axborot xizmati









