Özbekiston Respublikasi Boş vazirining örinbosari — Oila va xotin-qizlar qömitasi raisi Kattaxonova Dilnozaxon Sobir qizining korrupsiyaga qarşi kuraşiş va uning oldini oliş böyiça murojaati
2026-07-27 09:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli vatandoşlar!
Qadrli hamkasblar, faol xotin-qizlar va hamkorlar!
Korrupsiya — bu faqatgina pora oliş yoki noqonuniy manfaat köriş emas. Korrupsiya — ehtiyojmand xotin-qizning navbatini suriş, haqdor oilaning yordamini keçiktiriş, tadbirkor ayolning imkoniyatini çeklaş, fuqarolarning davlat idoralariga bölgan işonçini söndirişdir.
Şu sababli korrupsiyaning har qanday körinişiga qarşi kuraşişni biz nafaqat qonun talabi, balki xalqimiz, ayniqsa, xotin-qizlar va oilalar oldidagi yuksak ma’naviy mas’uliyat deb bilamiz.
Mamlakatimizda korrupsiyaning oldini oliş, davlat idoralari faoliyatida oçiqlik va hisobdorlikni ta’minlaş, manfaatlar töqnaşuviga yöl qöymaslik hamda javobgarlikning muqarrarligini kuçaytirişga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oşirilmoqda.
2026-yil 22-iyunda qabul qilingan ÖRQ–1155-son Qonun bilan korrupsiyaga oid jinoyatlar tuşunçasi aniq belgilandi, bunday jinoyatlarni sodir etgan şaxslarning elektron reyestrini yuritiş, davlat organlarida komplayens va korrupsiyaga qarşi içki nazorat tuzilmalarining huquqiy maqomini mustahkamlaş, ularning mustaqil faoliyat yuritişini ta’minlaş hamda sohalar va hududlar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini şakllantiriş kabi muhim mexanizmlar joriy etildi.
Oila va xotin-qizlar qömitasi tizimida ijtimoiy yordam va kömaklarni taqsimlaş, xotin-qizlarni iş bilan ta’minlaş, tadbirkorlik taşabbuslarini qöllab-quvvatlaş, subsidiya va imtiyozlar ajratiş, davlat xaridlarini amalga oşiriş, kadrlarni işga qabul qiliş hamda fuqarolar murojaatlarini körib çiqiş jarayonlari qonuniylik, adolat, xolislik va şaffoflik tamoyillari asosida taşkil etilişi şart.
Bu jarayonlarda taniş-bilişçilik, qarindoş-uruğçilik, şaxsiy manfaat, sovğa, norasmiy iltimos yoki boşqa har qanday ta’sirga örin bölişi mumkin emas.
Qömita tizimidagi har bir rahbar va xodim:
- xizmat vakolatidan şaxsiy manfaatlar yölida foydalanmasligi;
- mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar töqnaşuvi haqida öz vaqtida xabar berişi;
- işga qabul qiliş va qaror qabul qiliş jarayonlarida xolislikni ta’minlaşi;
- davlat mablağlari va mol-mulkiga mas’uliyat bilan munosabatda bölişi;
- sovğa, xizmat yoki boşqa körinişdagi noqonuniy manfaatlarni qabul qilmasligi;
- korrupsiyaviy xavf-xatarlar haqida tegişli tuzilmalarga xabar berişi lozim.
Şuni alohida ta’kidlamoqçimanki, komplayens xizmati faqat qonunbuzarlik sodir bölganidan keyin çora köruvçi tuzilma emas. U korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldindan aniqlaydigan, manfaatlar töqnaşuvining oldini oladigan, xodimlarga huquqiy va amaliy kömak beradigan hamda taşkilot faoliyatining halolligini himoya qiladigan muhim mustaqil mexanizmdir.
Hurmatli xodimlar!
Heç qanday topşiriq, taniş-bilişçilik, qarindoşlik, sovğa yoki norasmiy iltimos qonun va vijdondan ustun böla olmaydi.
Bizga murojaat qilgan har bir insonga uning ijtimoiy ahvoli, yaşaş hududi, tanişlari yoki boşqa omillardan qat’i nazar, bir xil adolatli munosabatda bölişimiz şart.
Odamlar bizga işonib murojaat qiladi. Bu işonçni asraş — har birimizning şaxsiy va xizmat burçimizdir.
Hurmatli fuqarolar!
Sizdan davlat xizmatlarini oliş, ijtimoiy yordam, subsidiya yoki boşqa imkoniyatlarga ega böliş uçun norasmiy tölov qilmaslikni, vositaçilarning asossiz va’dalariga işonmaslikni sörayman.
Agar Qömita yoki uning hududiy bölinmalari faoliyatida:
- pora talab qiliş;
- xizmat vakolatini suiiste’mol qiliş;
- taniş-bilişçilik yoki qarindoş-uruğçilik;
- manfaatlar töqnaşuvi;
- ijtimoiy yordamlarni adolatsiz taqsimlaş;
- davlat xaridlarida qonunbuzarlik;
- işga qabul qilişda noxolislik
kabi holatlarga duç kelsangiz, bu haqda Qömitaning rasmiy aloqa kanallari orqali xabar berişingizni sörayman.
Har bir murojaat qonunçilikda belgilangan tartibda xolis örganiladi. Murojaat qiluvçining şaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlaşga alohida e’tibor qaratiladi.
|
Oila va xotin-qizlar qömitasining işonç telefoni: |
+998 71 202-10-65 |
|
Korrupsiyaviy holatlar böyiça Telegram bot: |
@wcu_antikor_bot |
|
Rasmiy veb-sayt: |
gov.uz/wcu |
|
Korrupsiyaga qarşi kuraşiş agentligi Call-markazi: |
1253 |
|
Murojaatlar: |
Qonunçilikda belgilangan tartibda va maxfiylik ta’minlangan holda körib çiqiladi |
Korrupsiyaga qarşi kuraşiş faqat muayyan bir idora yoki komplayens xizmatining vazifasi emas. Bu — rahbardan tortib har bir xodimgaça, davlat taşkilotidan tortib har bir fuqarogaça bölgan umumiy mas’uliyatdir.
Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kuraşişdan köra, uni keltirib çiqaradigan sabab va şart-şaroitlarni barvaqt bartaraf etişga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Barçangizni halollikni kundalik hayot va mehnat mezoniga aylantirişga, qonunga qat’iy amal qilişga, adolatsizlikka befarq bölmaslikka hamda korrupsiyaning har qanday körinişiga murosasiz munosabatda bölişga çaqiraman.
HALOL TIZIM — HIMOYALANGAN AYOL, FAROVON OILA VA IŞONÇLI DAVLAT DEMAKDIR!
|
Hurmat bilan, |
Dilnozaxon Kattaxonova |
|
|
Özbekiston Respublikasi Boş vazirining örinbosari — |
Toşkent şahri, 2026-yil
