Minglab qizlarni bir maydonda jamlagan “QizlarFest 2026” festivali
2026-10-09 14:30:00 / Yangiliklar
Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Yoshlar ishlari agentligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Qizlar akademiyasi” tashabbusi bilan xotin-qizlarning shaxsiy va kasbiy rivojlanishiga qaratilgan yirik “QizlarFest 2026” festivali ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Loyihaning ko‘lami va qizlarimizning ilmga bo‘lgan qiziqishi kutilganidan ham yuqori bo‘ldi: festivalda ishtirok etish uchun 20 000 dan ziyod xotin-qizlar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, oflayn tadbirning o‘ziga 5 000 dan ortiq qatnashchilar bevosita tashrif buyurishdi.
Ushbu festival rivojlanishga ishtiyoqmand xotin-qizlarni kuchli mutaxassislar, mentorlar va tadbirkorlar bilan yuzma-yuz uchrashtirdi. Ishtirokchilar biznes sari ilk qadam va shaxsiy rivojlanish mavzularidagi mahorat darslari, qiziqarli interaktiv o‘yinlar hamda maxsus ko‘rgazmalar orqali qimmatli tajriba va yangi tanishuvlarga ega bo‘lishdi. Faol qatnashchilar uchun qimmatbaho sovg‘alar ham ulashildi.









