Murojaatlar tahlili yuzasidan brifing
2026-10-06 14:00:00 / Matbuot anjumanlari va brifinglar
Bugun, 6-oktabr kuni soat 14:00 da Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi binosida 2026-yilning 9 oyi davomida Qo‘mitaga kelib tushgan murojaatlar tahlili yuzasidan brifing o‘tkazildi.
2026 yilning 9 oyi davomida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga turli yo‘nalishlardan jami 39 975 ta murojaatlar kelib tushgan.
Ushbu murojaatlarning 5 837 tasi elektron, 3 485 tasi yozma va 30 653 tasi og‘zaki shaklda kelib tushgan.
Mazkur murojaatlarning qariyb 95 foizi Xalq qabulxonasi orqali yo‘naltirilgan.
Joriy holatga ko‘ra, ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 17 952 tasi ijobiy hal qilingan, 19 394 tasiga huquqiy maslahat va tavsiyalar berilgan. 1 632 tasiga umumiy tushuntirish berilgan. 823 tasi belgilangan tartibga muvofiq rad etilgan.
174 tasi qo‘shimcha muddat talab etilgan. Shuningdek, 3 062 tasi takroriy murojaatlar bo‘lib, asosan uy-joy ta’minoti bilan bog‘liq .
Murojaatlarning sohalar (masalalar) bo‘yicha tahlili:
1. Ijtimoiy himoya, moddiy yordam hamda uy-joy ta’minotiga oid masalalar: 25 368 ta bo‘lib, eng yuqori foizni (63,4%) tashkil etmoqda.
2. Oilaviy muammolar bilan - 7 243 ta (18,11%).
3. Qolgan 7 364 ta murojaatlar xodimlar hatti-harakatlari, sud-huquq tizimi va huquqiy himoya, tadbirkorlik, bandlik, mehnat munosabatlari, tibbiy yordam, ta’lim, iqtisodiyot hamda kommunal sohalar bilan bog‘liq.
Qo‘mita raisi va o‘rinbosarlarining 282 marotaba shaxsiy va 35 marotaba sayyor qabullari o‘tkazildi. Ularda 1482 nafar fuqarolar turli masalalar bilan murojaat etgan. 81 foiz ijobiy hal etilgan.
Shuningdek, Xalq qabulxonalari bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar Oila va xotin-qizlar boshqarmalari boshliqlarining 2004 ta sayyor qabullari o‘tkazildi. Ularda 7 711 nafar fuqarolar qabul qilingan, 85 foiz murojaatlar ijobiy hal etilgan, qolganlari belgilangan tartibda tushuntirishlar berilgan.
Shuningdek, hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Namangan viloyatlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Eng ko‘p murojaat qayd etilgan tuman (shahar)lar Denov, Yashnobod, Navbahor, Pastdarg‘om, Uychi, Norin, Qarshi tumanlari, Andijon shaharlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Eng ko‘p murojaat qayd etilgan mahallalar Yashnobod tumani “Go‘zal”, Xovos tumani “Gulbahor”, Boysun tumani “Yuqori Machay”, Termiz shahar “Manguzar”, Navoiy shahar “Kimyogar”, Buxoro shahar “Istiqlol” mahallalari.
Fuqarolarga murojaatlar qilish imkoniyatini yanada yaqinlashtirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosari-Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining “Muloqot” telegram guruhi hamda maxsus “Murojaat bot” ishga tushirildi.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali qilingan har bir murojaat autsorserlar tomonidan alohida nazorat qilinmoqda. Qo‘mitaning “taklif.ayol.gov.uz” platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi, unga bugungi kunga qadar 6494 ta takliflar kelib tushdi, 5864 ta taklif ma’qullandi. Ulardan faoliyat yo‘nalishlarida sohaga doir ishlarni yanada takomillashtirishda foydalanilmoqda.
Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimini raqamlashtirish va ochiqlikni ta’minlash, muammolarini tezkor aniqlash va ularni manzilli hal etishga xizmat qiladi, fuqarolarimiz va Qo‘mita tizimi o‘rtasidagi ishonchli ko‘prikka aylanadi. Murojatlarning mazmunidan kelib chiqqan holda Qo‘mita tomonidan 9 ta yo‘nalishda mas’ul vazirlik va idoralar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda 600 dan ortiq, sud-huquq masalalaridagi muloqotda 176 nafar xotin-qizlar ishtirok etdi. Mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan tegishli tushuntirishlar berildi, amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Navbatda 7 ta yo‘nalishda shunday muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xulosa qilib aytganda, har bir murojaat ortida inson taqdiri va uning hayotiy ehtiyoji turadi. Bizning asosiy maqsadimiz murojaatlarni shunchaki ro‘yxatga olish emas, balki ularda ko‘tarilgan masalalarga real va adolatli yechim topishiga ko‘maklashishdir.
