Homilador talaba-qizlar uchun oliy ta'limda qanday imkoniyatlar joriy etilgan?
2026-08-17 09:00:00 / Yangiliklar
Qonunchilikdagi yangiliklar

Qonunchilikka muvofiq, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab homilador talaba-qizlar hamda 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgan talabalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etiladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra:
-
Kursdan kursga qolgan yoki talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga istisno tariqasida ta'limni davom ettirish imkoniyati yaratiladi. Bunda fanlar farqini qayta o‘zlashtirish talabi joriy etiladi.
-
Talabalar uchun fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishga qo‘shimcha muddat berish va zarur shart-sharoitlar yaratish joriy etiladi.
-
Shuningdek, akademik ta'til davrida, talabaning xohishiga ko‘ra, masofaviy ta'lim shaklida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
-
Masofaviy ta'lim yo‘nalishlari va qabul ko‘rsatkichlarini oshirish orqali qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish ham ko‘zda tutilgan.
Mazkur toifadagi talabalar bo‘yicha alohida statistik ma'lumotlar yuritiladi. Ushbu chora-tadbirlar ta'lim olish uzluksizligini ta'minlash hamda yosh onalarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
