Vodiy bo‘ylab o‘rganishlar davom etmoqda
2026-08-08 18:50:00 / Yangiliklar

Bugun Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnozaxon Kattaxonova Namangan va Andijon viloyatlarida bo‘ldi. Dastlabki manzil Namangan tumanidagi “Katta Toshbuloq” mahallasi bo‘lib, u yerda hududdagi mahalla yettiligi va xotin-qizlar faollari bilan amaliy uchrashuv o‘tkazildi. Unda asosiy e’tibor “Xotin-qizlar balansi”ni shakllantirish, ushbu ro‘yxatga kiritilgan ayollar hamda ularning oilalariga tizimli yordam ko‘rsatish, ularni og‘ir vaziyatdan olib chiqish masalalariga qaratildi.
Shuningdek, mazkur mahalladagi xonadonlarga tashrif buyurilib, oilalarning holati bevosita o‘rganildi. Alohida ta’kidlash joizki, Bosh vazir o‘rinbosari “Xotin-qizlar balansi”ga kiritilgan fuqarolar bilan telefon orqali bog‘lanib, murojaatlar bo‘yicha joylarda olib borilayotgan ishlarning aniq va haqqoniyligini tekshirdi.
Shu kunning o‘zida o‘rganish ishlari Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida davom etdi. Bu yerdagi muloqotlarda ham eng dolzarb vazifa sanalgan balans bilan ishlash jarayonlari atroflicha tahlil qilindi. Mahalladagi xotin-qizlar muammolarini ijobiy hal etishda faollarning rolini oshirish, ularning vakolatlarini kengaytirish hamda munosib imkoniyatlar yaratish bo‘yicha taklif-tashabbuslar muhokama qilindi.
Ishchi guruhning hududlar bo‘ylab o‘rganishlari davom etadi.









