⚡️Farg‘onada ochiq muloqot va yangi tashabbuslar
2026-08-08 20:30:00 / Yangiliklar

Bugun Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Dilnozaxon Kattaxonova Farg‘ona viloyatida bo‘lib, sohada tizimni yanada rivojlantirish va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida qator amaliy uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, Oltiariq tumandagi mahalla xotin-qizlar faollari bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Asosiy e’tibor — tizimni yanada rivojlantirish hamda faollarning vakolatlarini oshirishga qaratildi. Shuningdek, mahallalardagi mavjud muammolarni ijobiy hal etish va ayollarga ko‘maklashish bo‘yicha ularning manfaatli takliflari tinglandi.
Farg‘ona shaxrida tadbirkor ayollar hamda o‘z biznesini endi boshlayotgan xotin-qizlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Unda mas’ul tashkilot vakillari ham qatnashib, ayollar tadbirkorligini kengaytirish, imtiyozli kreditlar ajratish va sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ko‘plab amaliy taklif hamda tashabbuslar muhokama qilindi.
O‘rganishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — har bir xotin-qizning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash hamda ularning intilishlarini to‘laqonli qo‘llab-quvvatlash uchun aniq yechim va natijalarga erishishdir!
Vodiy bo‘ylab o‘rganishlar davom etadi.









