Ayollar mehnat migratsiyasi: huquqiy himoyadan iqtisodiy barqarorlik sari
2026-08-06 19:15:00 / Yangiliklar

Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori hamkorligida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda soha ekspertlari ishtirok etdi.
Seminarni Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari kirish so'zi bilan Umida Abdullayeva ochib berdi.
"Ayollar mehnat migratsiyasini boshqarishda asosiy maqsad — ularning xorijga xavfsiz va qonuniy yo‘l bilan chiqishini ta’minlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish, Vatanga qaytgach esa bilim va tajribasini barqaror daromad manbaiga aylantirishga ko‘maklashish", deya ta'kidladi Umida Abdullayeva o'z nutqida.
Tadbirda tashqi mehnat migratsiyasini xavfsiz va tartibli tashkil etish, xorijda ishlayotgan xotin-qizlarga huquqiy va axborot ko‘magini kuchaytirish, ularni kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish, shuningdek, qaytib kelgan ayollarning bandligi va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, hududlarda migrantlar va ularning oila a’zolari ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari taqdim etilib, mavjud muammolar hamda ularni hal etish bo‘yicha amaliy takliflar ko‘rib chiqildi.
Seminar yakunida ayollar mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq masalalarni hal etishda idoralararo hamkorlikni kuchaytirish, manzilli xizmatlarni kengaytirish hamda xorijdan qaytgan xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Xorijdan qaytgan ayolning salohiyatini ro‘yobga chiqarish — uning hayotida yangi imkoniyat yaratish, oilasi farovonligi va jamiyat barqarorligini mustahkamlash demakdir.
#AyollarMehnatMigratsiyasi
#IqtisodiyReintegratsiya
#XalqaroHamkorlik









