Brifing
2026-08-03 11:35:00 / Matbuot anjumanlari va brifinglar

Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar,
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha 2026 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar haqida qisqa ma’lumot beramiz.
Asosiy e’tibor korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, xodimlar faoliyatida halollik tamoyillarini mustahkamlash hamda nazorat jarayonlarini raqamlashtirishga qaratildi.
Xususan, hisobot davrida 553 nafardan ortiq xodim tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiyalar rasmiylashtirildi va belgilangan tartibda tahlil qilindi. Amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 2026 yilning birinchi yarim yilligi davomida manfaatlar to‘qnashuvi holatlari aniqlanmadi.
Shuningdek, “Masofaviy audit” axborot tizimi orqali aniqlangan holatlar o‘rganilib, amaldagi qonunchilikka muvofiq zarur choralar ko‘rildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash doirasida Qo‘mitada komplayens tizimi takomillashtirildi, ichki nazorat tuzilmalari faoliyati kuchaytirildi hamda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ichki me’yoriy hujjatlar amaliyotga joriy etildi.
Joriy yilda Qo‘mita boshqaruv apparati va 14 ta hududiy tuzilma faoliyatidagi 108 ta funksiya bo‘yicha korrupsiyaviy xavf-xatarlar baholandi. Baholash natijalari “E-anticor.uz” platformasiga joylashtirildi. Aniqlangan xavf-xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, uning ijrosi ta’minlanmoqda.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat yurituvchi xodimlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. “Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish” mavzusidagi 24 soatlik maxsus chuqurlashtirilgan o‘quv kursida 67 nafar xodim o‘qitildi.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilari uchun tashkil etilgan “Davlat xizmatida halollikni ta’minlash” mavzusidagi 24 soatlik maxsus o‘quv kursida 39 nafar xodim ishtirok etib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi.
2026 yilning birinchi yarim yilligida Qo‘mitaga 4 nafar xodim ishga qabul qilindi. Barcha nomzodlar tanlov asosida suhbatdan o‘tkazilib, natijalariga ko‘ra ishga qabul qilish uchun tavsiya etildi.
Ishga qabul qilingan barcha xodimlar belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha tekshirish reyestri rasmiylashtirilib, ma’lumotlar “E-anticor.uz” platformasiga joylashtirildi.
2026 yilning o‘tgan davri davomida Qo‘mitaning mavjud aloqa kanallari, ishonch telefonlari, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari va rasmiy veb-sayti orqali korrupsiya faktlariga doir murojaatlar kelib tushmadi.
Shu bilan birga, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi markaziy apparatida xodimlar tomonidan qabul qilingan sovg‘alar mavjud emas.
Davlat xaridlari va shartnomalar monitoringi, ishga qabul qilish jarayonlarida ochiqlikni ta’minlash, kontragentlarni tekshirish hamda xodimlarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ishlar ham izchil davom ettirilmoqda.
Hisobot davrida korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va kiberxavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan 16 ta seminar va davra suhbati tashkil etildi. Ularda jami 405 nafar rahbar va xodim ishtirok etdi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning asosiy maqsadi — Qo‘mita tizimida halollik muhitini mustahkamlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish, boshqaruv jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishdan iborat.
Bu yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettiriladi. Korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ichki nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirish va profilaktik choralarning samaradorligini oshirish ustuvor vazifalarimizdan bo‘lib qoladi.
E’tiboringiz uchun rahmat!
