Markaziy Osiyoda gender yondashuvni rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy seminar o‘tkazildi
2026-07-24 14:30:00 / Yangiliklar

Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida Markaziy Osiyoda chegaralarni boshqarishga ko‘maklashish dasturi — BOMCA 11 doirasida tashkil etilgan seminarda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlat organlari hamda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari vakillari, xalqaro hamkorlar va ekspertlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Bojxona qo‘mitasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz vakillari qatnashdi. Seminarda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Sh. Sobirova ham ishtirok etdi.
Muloqotlar davomida tegishli davlat organlari faoliyatiga gender yondashuvlarni samarali integratsiya qilish, chegaralarni boshqarish va mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash jarayonlarida xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, mavjud ilg‘or tajribalarni o‘rganish hamda ularni milliy amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar davlat muassasalari faoliyatida gender yondashuvlarni joriy etish bo‘yicha mamlakatlar tajribasi va erishilgan natijalarni taqdim etdilar. O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu yo‘nalishdagi milliy qonunchilik va institutsional mexanizmlarni takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berildi.
Seminar yakunida transchegaraviy hamkorlik jarayonlarida xotin-qizlarning faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash, davlatlararo tajriba almashinuvini kengaytirish hamda gender tenglik masalalari bo‘yicha mintaqaviy muloqotni izchil davom ettirish muhimligi qayd etildi.


