Gender tengligi — barqaror taraqqiyot va farovon jamiyatning muhim sharti
2026-07-22 09:35:00 / Yangiliklar

Tadbirda qoʻmita raisi oʻrinbosari Mukarram Nurmatova, senat aʼzolari, vazirlik va idoralar, xalqaro hamkor tashkilotlar hamda sohada faoliyat olib borayotgan ekspert va mutaxassislar ishtirok etdi.
Mazkur profil mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklarning jamiyat hayotidagi ishtiroki, huquq va imkoniyatlari, ijtimoiy-iqtisodiy holati hamda turli sohalardagi natijalarni oʻzida mujassam etgan muhim tahliliy hujjat hisoblanadi.
Muhokamalar davomida soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda gender tengligini taʼminlash borasida mustahkam siyosiy iroda shakllangani, qonunchilik va institutsional mexanizmlar tubdan takomillashtirilgani alohida eʼtirof etildi.
Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga oid konstitutsiyaviy kafolatlarning kengaytirilishi, tazyiq va zoʻravonlikka qarshi huquqiy mexanizmlarning kuchaytirilishi, taʼlim va sogʻliqni saqlash imkoniyatlarining oshirilishi, shuningdek, xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy faolligi yuksalayotgani muhim natijalar sifatida qayd etildi.
Ayni paytda qabul qilingan qonunlarning joylarda toʻliq ijrosini taʼminlash, xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish, ish haqidagi tafovutlarni kamaytirish, munosib ish oʻrinlaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini yanada kuchaytirish kabi vazifalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida vazirlik va idoralarning takliflari asosida hujjatni yanada takomillashtirish, statistik maʼlumotlarni yangilash hamda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijalarini toʻliq aks ettirish belgilandi.
Ushbu profil “2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi”ni samarali amalga oshirish, davlat dasturlarini dalillarga asoslangan holda ishlab chiqish va idoralararo hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zero, gender tengligi - faqat xotin-qizlar masalasi emas. U mamlakatning iqtisodiy oʻsishi, inson kapitalini rivojlantirish, oilalar farovonligini oshirish va jamiyatda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashning muhim asosidir.









