“Kitobxon onalar” loyihasi doirasida Ulug‘bek Hamdamning “Ota” romani taqdimoti o‘tkazildi
2026-07-17 12:25:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda Toshkent viloyati axborot-kutubxona markazi hamkorligida o‘tkazilib, xotin-qizlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish, oilalarda kitobxonlik muhitini mustahkamlash hamda farzand tarbiyasida badiiy adabiyotning o‘rnini keng targ‘ib etishga qaratildi.
Tadbir davomida taniqli adib Ulug‘bek Hamdamning “Ota” romani kitobxonlar e’tiboriga havola etildi. Asarda ota siymosining oiladagi beqiyos o‘rni, ota-onaga hurmat, milliy qadriyatlar, insoniy fazilatlar hamda avlodlar davomiyligini ta’minlashdagi ma’naviy mas’uliyat chuqur badiiy talqin etilgani alohida ta’kidlandi. Muloqotlar davomida romanning g‘oyaviy mazmuni, tarbiyaviy ahamiyati va bugungi jamiyat uchun dolzarb jihatlari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari o‘rtasida mutolaa madaniyatini rivojlantirish, oilada kitobxonlik an’analarini shakllantirish, farzandlarni kitobga mehr ruhida tarbiyalash hamda ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazishda onalarning o‘rni va mas’uliyati xususida samimiy suhbatlar tashkil etildi.
Tadbirda kitobxon onalar, axborot-kutubxona tizimi mutaxassislari, ma’naviyat targ‘ibotchilari hamda keng kitobxonlar jamoatchiligi faol ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, “Kitobxon onalar” loyihasi doirasida muntazam tashkil etilayotgan bunday ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar oilalarda mutolaa madaniyatini yanada rivojlantirish, milliy va badiiy adabiyotga qiziqishni oshirish, kitob orqali ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash hamda farzandlar tarbiyasida onalarning o‘rni va nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.









