“Yilning eng faol yosh xodimi” Respublika tanlovi g‘oliblari aniqlandi
2026-07-01 17:30:00 / Yangiliklar

Tanlov davomida respublika hududlaridan saralab olingan ishtirokchilar o‘zlarining kasbiy faoliyati, amalga oshirgan tashabbuslari, “Mening g‘oyam” mavzusidagi konseptual loyihalari hamda sohani rivojlantirishga qaratilgan takliflari bilan ishtirok etdi. Hakamlar hay’ati tomonidan har bir ishtirokchining hujjatlari, taqdimotlari va suhbat jarayonidagi chiqishlari belgilangan mezonlar asosida xolisona baholandi.
Baholashda ishtirokchilarning sohadagi amaliy natijalari, tashabbuskorligi, loyihalarning dolzarbligi va hayotiyligi, ijodiy yondashuvi, tahliliy fikrlashi hamda taqdimot mahoratiga alohida e’tibor qaratildi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlovning mutlaq g‘oliblari quyidagilar bo‘ldi:
🥇 1-o‘rin — Joldasbayeva Ziyada Sarsenbayevna, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi bosh mutaxassisi — 96 ball.
🥈 2-o‘rin — Musayeva Nilufar Maxamadjon qizi, Toshkent shahri Bektemir tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi bosh mutaxassisi — 88 ball.
🥉 3-o‘rin — Mehmonqulova Mardona Gʻaybullayevna, Buxoro viloyati Olot tumani Oila va xotin-qizlar bo‘limi bosh mutaxassisi— 80 ball.
Mazkur tanlov yosh xodimlarning intellektual salohiyati, kasbiy mahorati va boshqaruv ko‘nikmalarini namoyon etish, ularning ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda tizimda zamonaviy fikrlaydigan, yuksak mas’uliyatga ega kadrlar zaxirasini shakllantirishga xizmat qildi.
Eng muhimi, tanlov jarayoni tizimda mehnat qilayotgan har bir yosh xodim uchun o‘z bilim va tajribasini namoyon etish, yangi g‘oyalarini ilgari surish va o‘z ustida yanada izlanishga undaydigan muhim motivasion maydonga aylandi.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi barcha ishtirokchilarga faol ishtiroki uchun minnatdorlik bildiradi hamda g‘oliblarni munosib muvaffaqiyat bilan tabriklaydi. Ishonchimiz komilki, ularning kasbiy salohiyati, tashabbuskorligi va fidoyiligi mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va davlat siyosati ustuvor vazifalarini amalga oshirish yo‘lida munosib hissa qo‘shishda davom etadi.


